Sinovdan chiroyli o‘tishimda to‘g‘ri yo‘l ko‘rsating

Assalamu alaykum! 17 yoshdaman. Ota-onam bilan munosabatim yaxshi emas. Ayniqsa satrlanganimdan keyin keskinlashdi. Onam meni hijobga kirishim, o‘qishga kirolmaganim uchun ko‘p urshaverishadi. Xattoki namozim bilan hijobimni aybdor qilgan paytlariyam bo‘ladi. Sen namoz o‘qiyapsan qani Xudo bergani odamlar namoz o‘qimay, hijob kiymay o‘qishga kirdi, qani kirganing deyaveradilar. Bunda bir hikmat bor Alloh boshqa bir tarafdan yordam beradi desam telbaga chiqardilar. Biror narsa qilmoqchi bo‘lsam, kitob olmoqchi yoinki maqsadlarim niyatlarim haqida gap ochsam sen kimsan deydilar(sen kimsanki hadding sig‘di degandek) kamsitaveradilar. Ruhiyatimni sindiraveradilar. Ularni yomon ko‘rib qolyapman. Duo qilaman bilaman bu sinov bundan chiroyli o‘tishim uchun maslahat va to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatsangiz.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Sabrda bo‘ling. Mahkam turing, bu jiddi jahdlaringiz hech qachon zoe ketmaydi.  Alloh taolo "Ankabut" surasida marhamat qiladi:أَحَسِبَ النَّاسُ أَن يُتْرَكُوا أَن يَقُولُوا آمَنَّا وَهُمْ لَا يُفْتَنُونَ۝2. Odamlar «Iymon keltirdik», deyishlari ila sinalmay, tark etilishlarini o‘yladilarmi?
Ya’ni «Odamlar iymonni «og‘iz bilangina aytib qo‘yiladigan quruq gap» deb o‘ylaydilarmi? Ular o‘zlaricha, «Iymon keltirdik», deb qo‘ysak, ish bitdi, mo‘min bo‘ldik, uning savobi ham bu dunyoda, ham u dunyoda o‘z-o‘zidan kelaveradi, deb o‘ylaydilarmi? «Iymon» so‘zidan keyin hech qanday imtihon-sinov bo‘lmaydi, deb o‘ylaydilarmi?»
Qadimda ham, hozirda ham ko‘plar iymon haqida xuddi shunday noto‘g‘ri tasavvurda bo‘lganlar. Ularning fikricha, «Allohga iymon keltirdim», deganidan keyin hamma narsa o‘z-o‘zidan bo‘laverishi kerak.
Aslida, unday emas. Alloh taolo hamma narsaning yaxshisini yomonidan, haqiqiysini soxtasidan ajratish uchun bu dunyoda sinov-imtihon qoidasini joriy qilib qo‘ygan. Ma’danlarning asli ham o‘tga solinib, toblanganida namoyon bo‘ladi. Yo‘qsa, hamma ma’dan ham sirtidan ma’dan bo‘lib ko‘rinib turaveradi. O‘tda sinalganda esa haqiqiysi boshqalaridan ajrab chiqadi.
Iymon kalimasini og‘izda aytish oson. «Iymon keltirdim», deb har kim ham aytaverishi mumkin. Ammo til bilan aytilgan kalima dildan chiqqanmi yoki yo‘qmi, buni aniqlash uchun banda sinov-imtihondan o‘tishi kerak. Bu esa qadimdan joriy bo‘lib kelayotgan odat. ("Tafsiri Hilol" kitobidan). Vallohu a’lam!

13 May 2022, 08:32 | Savol-javoblar | 132 | Ruhiy tarbiya
|
Boshqa savol-javoblar