Qiyomat kuni Alloh taolo boldirini ko‘rsatadimi?

Assalomu alaykum! Bir maruzada eshitib qoldim va bu haqida boshqa o‘rinlarda ham eshitgan edim. Qiyomat kunida Jabbor sifatli Robbimiz boldirini ko‘rsatadimi va unga sajda qilishlikka buyurilamizmi? Men bu borada boldir so‘ziga sifat berish yoki u qanday holatda bo‘lishligi haqida so‘ramoqchi emasman uni qandayligini Alloh taoloning o‘zigagina ayon men shunchaki shu kabi sahih hadis kelganmi shuni bilmoqchiman.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Hadis sahih. عَنْ سَعِيدِ بْنِ أَبِي هِلَالٍ، عَنْ زَيْدِ بْنِ أَسْلَمَ، عَنْ عَطَاءِ بْنِ يَسَارٍ، عَنْ أَبِي سَعِيدٍ رَضِي اللهُ عَنْهُ قَالَ: سَمِعْتُ النَّبِيَّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ يَقُولُ: يَكْشِفُ رَبُّنَا عَنْ سَاقِهِ فَيَسْجُدُ لَهُ كُلُّ مُؤْمِنٍ وَمُؤْمِنَةٍ، وَيَبْقَى مَنْ كَانَ يَسْجُدُ فِي الدُّنْيَا رِئَاءً وَسُمْعَةً، فَيَذْهَبُ لِيَسْجُدَ فَيَعُودُ ظَهْرُهُ طَبَقًا وَاحِدًا Abu Sa’id Xudriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallamning shunday deyayotganlarini eshitganman: «Robbimiz boldirini ochadi.* Shunda har bir mo‘minu mo‘mina U Zotga sajda qiladi. Biroq dunyoda riyo va sum’a etib sajda qilgan kishigina qoladi. U sajda qilishga urinadi yu, beli bir butun umurtqaga aylanib,  qaytib qolaveradi».
* Bu hadis ham mutashobih ma’nodagi hadisdir. Butun Islom ummati qadimdan bugungi kungacha bu kabi hadislarda haqiqiy ma’no, ya’ni a’zo nazarda tutilmaganini bir ovozdan ta’kidlab kelgan. Faqat salafi solihlar bunday hadislarning haqiqiy ma’nosini, mohiyatini Alloh taoloning O‘ziga havola qilib, xabarning zohiriga iymon keltirish bilan cheklangan bo‘lsalar, xalaf ulamolarimiz sharoit taqozosiga ko‘ra ularni majoziy, ko‘chma ma’nolarda tushunishni taklif qilganlar. Bunda ular o‘z ra’ylariga emas, balki aynan oyat hadislarga, Islom asoslariga, arab tilining xususiyatlariga tayanganlar. Misol uchun, mazkur hadisdagi «boldirni ochish» iborasini kuch qudratni namoyish etish, qiyin ahvolga solish yoki qiyin ahvolni bartaraf etish deb tushuntirganlar. Bu tur ifoda tilda keng qo‘llanadigan uslub hisoblanadi. Masalan, o‘zbek tilidagi «eng shimardi», «qamishdan bel bog‘ladi» kabi ifodalar asosan ko‘chma ma’noda ishlatiladi. (Oltin silsila kitobidan ""Sahihul Buxoriy"). Vallohu a’lam!

13 May 2022, 09:48 | Savol-javoblar | 180 | Turli savollar
|
Boshqa savol-javoblar