Yaxshi inson bo‘lgani va qiyinchilik ko‘rgani uchun ajr yoki savob

Assalomu alaykum! Guvohimizki, hamma har xil sharoitda yashaydi. Kimdir og‘ir, kimdir yaxshi. Atrofimdagi ba’zilar engil va sharoitli, ba’zilar esa qiyin (sinovlar haqida emas, u hammaga berilishi mumkin) og‘ir mehnatda. Masalan, o‘zim. Qiz bola bo‘lsak ham g‘isht quyishdan tortib, tosh tashishgacha, quduqdan suv tortishdan 300-400 qo‘y boqishgacha qilganmanmiz. Va bir umr shunday yumushlarni qilib o‘tganlarni bilaman. Opalarim ham uyning, ham dalayu chorvaning ishini do‘ndiradi. Uzun yoz kunlarida o‘roq, loy-suvoq, dala ishlaridamiz. Sovuq qish kunlarida mol-chorva ishi bilanmiz. Shu bilan tengda Allohga ibodatimizni, ro‘zamizni kanda qilmaymiz. Lekin bu qiyin. Ustimiz kir holida asr uchun gektarlab er aylanib kelib tahorat olib namoz o‘qish, shomgacha yana borib ishni davom ettirish o‘qishga oson, bajarishga qiyin narsa! Ba’zan, asrdan so‘ng mol saranjomlashga turib ketamiz, uyga kirguncha shom ham o‘tib ketadi. Alxamdulillox, ro‘zador bo‘lsak-da, bug‘doy o‘rib, loy ko‘tarib, suv tashiymiz, er chopamiz. Dieta, salon, soch, yosharish, qomad muammolari bunday ayollarning xayollariga ham kelmaydi. Bundan tashqari, kasalchilik, oilaviy yoki moddiy qiyinchiliklar, ba’zi ayollarimiz er zulmi ostida... (Shuning uchun ham qishloqlarda hamma tomondan ezilgan ayol o‘zini o‘ldirib qo‘yadi) xullas, taqdir zahmatlari... Afsuski, tan olishim kerak, ba’zi ayollarimiz ibodatlarini tashlab qo‘yadilar. Bir-ikkitasiga, unday qilmang desam, vaziyatni ko‘rib turibsan, yosh bola bilan, buncha og‘ir mehnat bilan uddalash qiyin deyishadi. Internetdagi barcha ibodatlarini o‘rnida qilib yurganlarning hayoti umuman boshqa deyishadi. Ammo rostan ham ba’zilar juda engil hayot kechirishadi. Og‘ir mehnat yo‘q, umri bo‘yi 12-15 m quduqdan suv tortish uyoqda tursin, bir chelak suv ko‘tarmaydiganlar bor. Egani oldi-da, emagani ortida. Dieta, salon, soch, yosharish, qad-qomad kiyim ular uchun deyarli asosiy muammo. Puli etarli, xohlaganini eb, xohlaganini ichadi. Bizda esa pul topsang bozor, bozorga chiqsang pul yo‘q. Ularda sayr-sayohat, ayollik nozikligi, erkaliklari bor. Qiladigan ishi, ovqat, uy tozalash va kir yuvish (ko‘pincha, mashinada). Ko‘pchilik uy bekalarining bundan boshqa yumushlari ham yo‘q. Ro‘za tutsa, dam olishadi. Lekin, shunda ham nolishadi. To‘g‘ri, ular ham namoz o‘qishadi, ro‘za tutishadi. Mening birinchi savolim shuki, inson sharoit qiyinchiligi uchun ham, o‘sha qiyinchilikda ham ibodatda sobit turgani uchun ham ularga qaraganda ko‘proq ajr-savob oladimi? Ko‘nglimda taqdirdan norozilik, isyon yo‘q, Astag‘firulloh. To‘g‘risini aytsam, men bunday ayollarga shunday deb aytganman. Albatta, ular hayotidan sovumasligi, ibodatini tashlamasligi, birovlarga solishtirib o‘zlaridan ko‘ngli qolmasligi uchun "Hamma bajarganiga yarasha oladi, qanchalik qiyinchilikda ibodat qilsangiz savobi ham shunga yarasha bo‘ladi" deganman. Lekin, yaxshi sharoitdagilarga kam savob degan yoki ko‘rolmagan emasman. "Kimki, fatvo bilan o‘ynashibdi - do‘zax bilan o‘ynashibdi" hadisini o‘qiganimdan beri qo‘rqaman. Masalan, o‘z onamni ham yillar davomida shunday ovutganman. Otamning zolimliklariga (Fir’avin va uning ayolini misol qilardim), turmushning mushtlariga (yo‘qchilik) qarata aytardim. Ha, sezganingizdek, men onam ko‘proq savob olishini xohlayman. Chunki, uning taqdiriga uncha-munchasi dosh bera olmasdi. Ikkinchi savolim, qilgan ishim yomon emasmi? Boshqa borada aralashmaganman dalilsiz?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! To‘g‘ri fikrlabsiz. Lekin mo‘min otangizni fir’avnga qiyoslamang. Vallohu a’lam!

13 May 2022, 13:57 | Savol-javoblar | 131 | Islam
|
Boshqa savol-javoblar