Dinsiz do‘stim

Assalomu alaykum! Bir do‘stim oldin musulmon bo‘lganini va kegin Alloh borligiga ishonmay qo‘yganini aytdi va men unga xar xil misol va isbotlar bilan aniq faktlarni aytsam xam lekin u ishonmayabdi, lekin inson sifatida yaxshi. Vijdonim qiynalyabdi bunaqa xolda nima qilishim kerak? Uni dinga qaytarishga yana urinaymi yoki Alloh uning qalbini quliflab qo‘ygan, foydasi yo‘qmi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Alloh taolo "Nahl" surasida marhamat qiladi:  ادْعُ إِلِى سَبِيلِ رَبِّكَ بِالْحِكْمَةِ وَالْمَوْعِظَةِ الْحَسَنَةِ وَجَادِلْهُم بِالَّتِي هِيَ أَحْسَنُ إِنَّ رَبَّكَ هُوَ أَعْلَمُ بِمَن ضَلَّ عَن سَبِيلِهِ وَهُوَ أَعْلَمُ بِالْمُهْتَدِينَ۝ Robbingning yo‘liga hikmat va yaxshi mav’iza ila da’vat qil. Va ular ila go‘zal uslubda mujodala et. Albatta, Robbing O‘z yo‘lidan adashganlarni o‘ta bilguvchi va hidoyat topguvchilarni ham o‘ta bilguvchidir.
Ushbu oyatda Alloh taolo Islom da’vati, asoslari va uslublarini Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamga va u kishi orqali da’vatchi ummatlariga bayon qilib bermoqda.
Avvalo,
«Robbingning yo‘liga...»
Ya’ni, da’vat Allohning yo‘liga bo‘lmog‘i kerak ekan. Ba’zi shaxslarga, guruhlarga, toifalarga emas, faqat xolis Allohning yo‘liga bo‘lishi kerak.
Ikkinchidan,
«...hikmat...»
Demak, da’vat hikmat bilan amalga oshirilishi kerak. Bunda da’vat qilinayotganlarning ijtimoiy, madaniy saviyasi va boshqa omillarni e’tiborga olib, og‘ir kelmaydigan yo‘sinda da’vat qilish lozim.
Uchinchidan,
«...va yaxshi mav’iza ila da’vat qil...».
Shuningdek, da’vat yaxshi mav’iza orqali yo‘lga qo‘yilmog‘i kerak. Kishilarni qiziqtirish, rag‘batlantirish uchun chiroyli so‘z va gaplarni topib gapirish zarur bo‘ladi. Ularni nafratlantirmaslik lozim.
To‘rtinchidan,
«...va ular ila go‘zal uslubda mujodala et...».
Har bir da’vatchi kishilar bilan go‘zal uslubda munozara qilishi kerak. Allohning yo‘liga da’vat, avvalo, fikriy harakatdir. Fikriy harakat bor joyda munozara bo‘lishi turgan gap. Islom da’vatchisi munozarani g‘oyatda go‘zal uslubda olib borishga tayyor bo‘lishi kerak. U raqibi bilan talashib, tortishib, baqir-chaqir, urush-janjal etmasdan, raqibining ta’biga yo‘l topib, unga qanoat hosil qildirib, o‘zi sezmagan holda Islomga moyil bo‘lib qoladigan darajada ustalik bilan munozara olib borishi lozim.
Beshinchidan,
«Albatta, Robbing O‘z yo‘lidan adashganlarni o‘ta bilguvchi va hidoyat topguvchilarni ham o‘ta bilguvchidir».
Ya’ni, da’vatchi o‘z vazifasi da’vat qilish ekanini, hidoyat va zalolat Allohga bog‘liqligini hech qachon unutmasligi kerak.
Islomga da’vatning asosiy qoidalari shulardan iborat. ("Tafsiri Hilol" kitobidan). Vallohu a’lam!

13 May 2022, 20:04 | Savol-javoblar | 177 | Boshqa ibodatlar
|
Boshqa savol-javoblar