Namoz kitobidagi masala

Assalomu alaykum! Kecha telegramdagi kanalingizda 3091-savolga javob berganlaringda “Subhana robbiyal aziym” dagi «z» ni o‘rniga arabcha «zo» ishlatilishi lozimligi bo‘lmasa ma’no umuman boshqa tomonga o‘zgarib ketishi xakida aytgan ekansizlar. Shundan so‘ng men ko‘p namoz kitoblarni qarab chiqdim, lekin xammasida o‘zimizning tildagi «z» xarfi yozilgan ekan. Demak ushbu kitoblardan o‘qib o‘rganishda ko‘pchilik xatoga yo‘l qo‘yayotgan ekanda. Nega agar u yozilgan xato bo‘lsa o‘zlaringiz aytganingizday “Subxana robbiyal kariym” deb yozilmagan? Alloh sizlardan rozi bo‘lsin. Javob uchun rahmat.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Bizning vazifamiz haqni etkazish va xatolarni to‘g‘rilashdan iboratdir. Beayb Alloh taoloning yolg‘iz O‘zidir. Bandaning ishi esa umrining oxirigacha xatolarini tuzatib, xulqini poklab, qodir bo‘lganicha ibodat qilgan holada Robbisiga yo‘liqishga harakat qilishdir. Avvalarda ustozlarimiz o‘z shogirdlari, do‘stlari va qo‘ni-qo‘shnilaridan “Menda biror Allohga xush kelmaydigan xulqim, ibodatlarimda kamchiligim bo‘lsa aytinglar. To‘g‘rilasa bo‘ladigan aybu-nuqsonlarni to‘g‘rilamasdan Allohning huzuriga borishni xohlamayman” der edilar. Hatto ba’zi bir kamchiliklarini aytgan shogirdlariga hadyalar bergani, peshonasidan o‘pib erkalatganiga ham guvoh bo‘lganmiz. Bunday o‘rinda insof ahli tashakkur bildirib, kelgusida xatoni to‘g‘rilashga ogohlantirganlardan minnatdor bo‘lishlar to‘g‘ri bo‘ladi. Siz ham tuzatishga harakat qiling, harakat qilgan lekin qariligi yoki shunga o‘xshash sabab bilan tuzata olmaganlar uzrli hisoblanib “Subhana robbiyal kariym” desalar ham bo‘ladi. Vallohu a’lam!

27 Aprel 2022, 15:08 | Savol-javoblar | 146 | Ibodatlar
|
Boshqa savol-javoblar