Allohning ismlari va sifatlari

Assalomu alaykum! Bilamizki Robbimiz Allohninga 99 ismlari bor biz bilgan. Shayx xazratlarini Suniy aqiyda kitobidan 20ta sifatlarini o‘qidim. Tushinmaganim Ismlari bilan sifatlarini nma farqi bor. Allohning 99 ta ismlari shu 20 ta sifatlarni ichiga kiradimi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Alloh taoloning ismlari va sifatlari o‘rtasidagi farqlar haqida juda ko‘plab ma’lumotlar kelgan. Tahqiq qilinganda asosiy farq shu bo‘ladiki, Alloh taoloning ismlari Uning zotiga va Undagi komil sifatlarga dalolat qiladi. Masalan, “Al-Qodir”, “Al-Aliym”, “Al-Hakiym”, “As-Samiy’”, “Al-Basiyr” kabi. Sifatlar esa zot orqali tasavvur qilinadigan “ilm”, “hikmat”, “sam’”, “basor” kabi komil sifatlardir. Chunki bu ismlar Alloh taoloning zotiga ham, Undagi “ilm”, “hikmat”, “sam’”, “basor” kabi sifatlariga ham dalolat qiladi. Shu ma’noda aytish mumkinki, ism ikki narsaga, sifat esa faqat bir narsaga dalolat qiladi.Alloh taoloning ismlari va sifatlari bir-birlaridan quyidagicha farqlanadi:
1. Ismlardan sifatlar kelib chiqadi. Sifatlardan esa ismlar kelib chiqmaydi. Alloh taoloning “Ar-Rohiym”, “Al-Qodir” va “Al-Aziym” ismlaridan “rahmat”, “qudrat” va “azamat” sifatlari chiqadi, lekin “iroda” va “makr” sifatlaridan “Muriyd” va “Maakir” ismlari chiqmaydi.
2. Alloh taoloning ismlari fe’llaridan chiqarilmaydi. Alloh taoloning yaxshi ko‘rishi, yomon ko‘rishi va g‘azablanishidan “Yaxshi ko‘ruvchi”, “Yomon ko‘ruvchi” va “G‘azab qiluvchi” ma’nosidagi “Muhib”, “Karih” va “G‘ozib” ismlari chiqmaydi. Sifatlari esa Uning fe’llaridan chiqariladi. Mazkur fe’llaridan “yaxshi ko‘rish”, “yomon ko‘rish” va “g‘azablanish” sifatlari chiqadi. Shuning uchun ham sifatlarning turi ismlarning turidan kengroqdir, deyilgan.
3. Alloh taoloning ism va sifatlari panoh so‘ralish va qasam ichilishda teng qo‘llanadi, lekin Unga qullikni ifodalash va duo qilishda farqlanadi. Alloh taoloning ismlarini aytib Unga qullik ma’nosi ifoda qilinaveradi. Masalan, Abdulkarim (Al-Karimning quli), Abdurrohman (Ar-Rohmanning quli), Abdulaziz (Al-Azizning quli), kabi. Lekin Uning sifatlari aytilib qullik izhor qilinmaydi, masalan: Abdulkaram (Lutfu karamning quli), Abdurrohmat (Rahmatning quli), Abdulizzat (Izzatning quli), deyilmaydi. Shuningdek, Alloh taologa Uning ismlarini aytib duo qilinadi. “Ey Rahim, bizlarga rahim qilgin, ey Kariym, bizlarni ikrom qilgin, ey Latiyf, bizlarga lutf qilgin”, kabi. Lekin Uning sifatlarini aytib duo qilinmaydi. Masalan, “Ey Rahmatulloh, bizlarga rahm qilgin, ey Karamulloh, bizlarni ikrom qilgin, ey Lutfulloh, bizlarga lutf qilgin”, deyilmaydi. Chunki sifat mavsufning, ya’ni sifatlanmishning ayni o‘zi bo‘lmaydi. Shu ma’noda rahmat, karam va lutflar Alloh taoloning ayni O‘zi emas, balki Uning sifatlaridir. Bandalikni izhor qilish va duo qilish esa faqatgina Uning O‘ziga bo‘ladi, undan boshqaga joiz emas”. Vallohu a’lam!

14 May 2022, 00:24 | Savol-javoblar | 172 | Aqiyda
|
Boshqa savol-javoblar