Iqomat takbirini toq aytish

Assalomu alaykum! Bugun bomdod namozida iqomat takbirini toq qilib aytishdi. Namozdan keyin imomdan so‘rasam, toq aytsayam bo‘ladi, dedi. Shunday aytsa bo‘ladimi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Abu Hanifa rohimahullohdan boshqa uchchala imom, ya’ni imom Shofi’iy, Ahmad ibn Hanbal va Molik ibn Anas rohimahumullohlar iqomatni toq aytishni ixtiyor qilganlar. Lekin uchchalasining orasida ham bir oz farq bor. Shofi’iy va Hanbaliylar “iqomat kalimalar o‘n bitta kalimadan iboratdir, unda shahodatay va hay’alataynni bir bor aytilinadi” deyishadi. Imom Molik nazdlarida esa o‘n kalimadan iborat bo‘lib, unda “qod qomatissolah”ni ham bir bor aytiladi. Hanafiylar nazdlarida esa iqomat o‘n etti kalimadan iboratdir. Takbir to‘r bora, shahodatayn ham to‘rt bora, hay’alatayn ham to‘rt bora, qod qomatissolah ham ikki bora, takbir ikki bora va oxirida “Laa ilaaha illalloh” bir bora. Har bir mazhabning o‘ziga yarasha hadislari bor. Alloma Niymaviy “Atta’liqul hasan ’alaa aasaarissunan” kitobida quyidagilarni keltirgan : “Ulamolarning ba’zilari iqomatni toq aytishni mansuh bo‘lgan” deganlar. Bunga dalil qilib, Bilol roziyallohu anhuning Rosululloh sollallohu alayhi vasallamdan keyin iqomat kalimalarini juft-juft qilib aytganligini keltirganlar. Ba’zilar esa “hadisdagi toq aytishdan murod, to‘rttala takbir, shahodat kalimasi, “hayya alassolah, hayya alal falah”larni bir nafasda ikki marta aytishdir. Azonda esa alohida-alohida aytiladi” deganlar. Ba’zilari esa “Ikkisi ham muboh” deganlar. Hanafiy mazhabidagi odam Abu Hanifa rohimatullohi alayh ixtiyor qilgan qavlni ushlashi kerak. Vallohu a’lam!

14 May 2022, 03:51 | Savol-javoblar | 167 | Namoz
|
Boshqa savol-javoblar