Kofirlik masalasi

Assalomu alaykum! Agar bir musulmon inson biror qilinishi gunoh bo‘lgan ishni qilsa yoki joiz bo‘lmagan gapni gapirsa, shu insonni boshqa bir musulmon kishi kofir deyishi to‘g‘rimi? 2. Islom diniga e’tiqod qilmaydigan insonni boshqa bir musulmon bemalol kofir deb yursa bo‘ladimi yoki aytmagan yaxshimi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! 1). “Takfir” degani kofirga chiqarish degani. Ya’ni, bir odam boshqa bir kishini iymondan chiqib kofir bo‘ldi degan gapni aytishidir.Dinda g‘uluvga ketish – haddan oshish oqibatida asrimizning dolzarb masalasiga aylangan muammolardan biri musulmonlarni «kofir» deb fatvo chiqarishning ko‘payganidir. Bu masala keyin chiqqan masalalardandir. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning vaqtlarida biror kishini kofir deb hukm chiqarilganini hech kim bilmaydi. Chunki, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning o‘zlari musulmonlarni bu ishdan qattiq qaytarar edilar.Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:«Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: «Uch narsa iymonning aslidir: «Laa ilaha Illallohu» degan kimsaga tegmaslik; gunohi tufayli uni kofirga chiqarmaymiz; amali tufayli uni Islomdan chiqarmaymiz», dedilar». Abu Dovud rivoyat qilgan.Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: «Uch narsa iymonning aslidandir», demoqdalar. Bu, masalani bayon qilishning eng kuchli usullaridan biridir. Avval bayon etiladigan narsalarning adadini, ahamiyatini aytib, keyin birin-ketin ular vasf qilinadi. Demak, biz o‘rganadigan narsalarning adadi uchta. Ular eng muhim narsalar, chunki iymonning aslidan hisoblanadilar. Musulmon kishi uchun dunyoda iymondan muhimroq narsa yo‘q. Iymonning asli esa mu-himning muhimidir.1. «Laa ilaha Illallohu», degan kimsaga tegmaslik.»Ya’ni, kalimai shahodatni aytib, o‘zining musulmonligini bildirib turgan kishiga tegmaslik, uning joniga, moliga zarar etkazmaslik zarur. Zohirida musulmon bo‘lib ko‘rinib, Islomning zohiriy amallarini qilayotganlar bilan musulmoncha muomala qilinaveradi. Kishilarning ichki sirlari va hisob-kitoblari Allohning O‘ziga havola!2. «Gunohi tufayli uni kofirga chiqarmaymiz.» Ya’ni, «Laa ilaha Illallohu»ni aytib, zohirida musulmon bo‘lib ko‘ringan odamni qilgan gunoh ishi tufayli kofirga chiqarmaymiz. U kofir emas, osiy mo‘min bo‘ladi.3. «Amali tufayli uni Islomdan chiqarmaymiz.»Ya’ni, kalimai tavhidni aytib, Islomni zo-hiridan ko‘rsatib turgan odamni amali tufayli Islom dini, Islom millatidan chiqarmaymiz. Bunday odamlarga amaliga yarasha tayin qilingan shar’iy jazo beriladi. E’tiqodi buzilmasa, Islomdan chiqqan hisoblanmaydi. Umumiy qoida–shu!Ammo, keyinchalik bo‘lib o‘tgan hodisalarga nazar solsak, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam nima uchun bu masalaga alohida e’tibor berib, uni iymonning aslidan, deb atayotganlarini to‘liqroq tushunib olamiz. Keyinroq ayni shu, Payg‘ambarimiz «qilmaymiz» deb aytgan narsani qiladiganlar chiqdi. Ba’zi firqalar mo‘min kishini qilgan gunohi tufayli kofirga chiqarishga kirishdilar. Musulmon odamni qilgan yomon amali sababidan «Islomdan chiqqan» deb da’vo qilishlarni avj oldirdilar. Bu ishga birinchi bo‘lib jur’at etganlar «Xavorij» firqasi bo‘ldi. Ular, «Mo‘min kishi gunoh ish qilsa, kofirga aylanadi», «Yomon amal qilgan musulmon Islomdan chiqadi», dedilar. Bora-bora «Xavorij»larning qiladigan ishi musulmonlarni kofirga chiqarishdan boshqa bo‘lmay qoldi. Ularning bu ashaddiy mavqiflari qirg‘in-barot urushlarga, musulmonlarning behisob qonlari to‘kilishiga olib keldi. Eng yomoni, aqiyda bobida keraksiz ixtiloflar avj oldi. Natijada, aqiyda poydevori darz ketdi. Faqat Ahli sunna va jamoa mazhabi ulamolari jasorati va ulkan mehnati evaziga bu darz qaytadan to‘g‘rilandi.Keyingi paytlarda ham, har davrning o‘z «Xavorij»lari chiqib turibdi. Bizning asrimizda ham, «Laa ilaha Illalloh»ga mansub kishilar ichida kalimai tavhid ahlini, ahli qiblani kofirga chiqaruvchilar oz emas.Zamonamiz «Xavorij»lari ham qadimgi mazhabdoshlaridan o‘rnak olib, ularga suyanib ish ko‘radilar. Bularning ham, o‘tmishdagi maslakdoshlari kabi, musulmonlardan boshqalar bilan aslo ishlari yo‘q. Zamonamiz «Xavorij»lari ham, iloji boricha ko‘proq musulmonni kofirga chiqarishni o‘zlarining bosh vazifalari deb biladilar. Ulamolarimiz xavorijlarchalik Islomga katta zarar etkazgan kuch yo‘qligini ta’kidlaydilar. Ming afsuslar bo‘lsinkim, tarixdagi bu noxush holat biz yashab turgan zamonda ham takrorlandi. G‘uluvga ketgan toifalar asta-sekin musulmonlarni kofirga chiqarish ishini takrorladilar. Ular avval hokimiyatdagilarni, keyin o‘zlariga ochiq qarshi chiqqanlarni kofirga chiqardilar. Bora-bora, ularning doiralarida «Hozirda musulmonman deb yurganlarning uchdan ikkisi mushrik va kofir», deydigan gaplar tarqaldi. Keyinroq bu nisbat yana yuqorilab bordi. Tiriklarni kofirga chiqarib bo‘lganlaridan keyin o‘lganlarga osilishni boshladilar. O‘tgan ulamolarimizning kitoblarini titkilab, o‘zlariga yoqmaydigan gaplarni topib, ularni ham kofirga chiqarishni boshladilar. Oxiri borib, Ahli sunna va jamoa mazhabining ikki imomlari Ash’ariy va Moturidiy rahmatullohi alayhimolar ham bularning dastidan chetda qolmadilar.Va nihoyat, mazkur «fatvochilar»ning shogirdlari ustozlarining kofirligi haqida fatvo chiqarishga etishdi.Bu masalaning o‘ta xatarli ekanini anglab etish uchun kufrning ma’nosini, ta’rifini va unga bog‘liq shar’iy hukmlarni, bir oz bo‘lsa-da, tushunib etish kerak.  2). Kofirni kofir deyishlikning hech qanday zarari yo‘q. Kofirmas odamni kofir deyishdan qattiq saqlanish kerak.  Vallohu a’lam!

14 May 2022, 06:02 | Savol-javoblar | 151 | Dolzarb savollar
|
Boshqa savol-javoblar