Piva ishlab chiqariladigan zavodda ishlash

Assalomu alaykum! Piva ishlab chiqariladigan va yana turli shirin ichimliklar, gazli ichimliklar ishlab chiqariladigan zavodning klyonka yoki yashik ishlab chiqaradigan tsexida ishlashning hukmi qanday bo‘ladi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Mast qiluvchi ichimliklar ichish harom. Uni tayyorlashga yordam berish joiz emas. عَنْ أَنَسٍ رَضِي اللهُ عَنْهُ قَالَ: لَعَنَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ فِي الْخَمْرِ عَشْرَةً: عَاصِرَهَا، وَمُعْتَصِرَهَا، وَشَارِبَهَا، وَحَامِلَهَا، وَالْمَحْمُولَةَ إِلَيْهِ، وَسَاقِيَهَا، وَبَائِعَهَا، وَآكِلَ ثَمَنِهَا، وَالْمُشْتَرِيَ لَهَا، وَالْمُشْتَرَى لَهُ. رَوَاهُ التِّرْمِذِيُّ وَأَبُو دَاوُدَ Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam xamr(aroq)da o‘n(kishi)ni la’natladilar: uni siquvchisini, siqishni buyurganni, ichuvchisini, hammolini, ko‘tartirib yuruvchisini, quyib beruvchisini, sotuvchisini, bahosini eyuvchisini, sotib oluvchisini va sotib olib kelib beruvchisini».
Termiziy va Abu Dovud rivoyat qilganlar.
Sharh: «Savdo» kitobida Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam xamrga aloqador o‘n kishini la’natlaganlari haqida hadis kelib, unda ham ushbu hadisi sharifda zikr qilinayotgan ba’zi shaxslar tilga olingan edi.
Ammo bu hadisi sharifda la’natlash Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam tomonlaridan emas, Alloh taolo tomonidan bo‘lmoqda. Shuning o‘zi ish qanchalar jiddiy ekanini ko‘rsatadi. Avvalo Alloh taolo xamrning o‘zini la’natlashi ta’kidlanmoqda, so‘ngra esa, unga aloqador shaxslarning la’nati kelmoqda.
Keling, bir oz takror bo‘lsa ham ushbu hadisda xamr tufayli Alloh taoloning la’natiga uchragan shaxslar bilan yaqindan tanishaylik, shoyad ulardan yiroqda bo‘lishimizda foyda bersa. Alloh taolo xamrni va unga aloqador quyidagi shaxslarni la’natlaydi:
1. Ichuvchisini.
Xamrga aloqador toifalar ichida asosiy aybdor toifa shu toifadir. Qolgan barcha toifalar ham shu toifa uchun harakat qiladi. Ushbu xamrni sotib olib ichuvchi ma’lum toifaning pulini olishga harakat qiladi.
 2. Quyib beruvchisini.
Bu ham, ya’ni aroqxo‘rlarga kosagullik qilish ham xamr va uning hukmidagi narsalar ravnaqi uchun xizmat. Shuning uchun bu ishni qiluvchi odam ham Alloh taoloning la’natiga uchraydi.
3. Sotuvchisini.
Xamr va xamr hukmidagi barcha narsalarni sotuvchilarning hammasi ham Allohning la’natiga duchor bo‘ladilar. Alloh harom qilgan narsani sotgandan keyin boshqa narsa bo‘lishi ham mumkin emas.
Hozirgi kunimizda mast qiluvchi ichimliklarni, narkotik moddalarni sotuvchilar insoniyatga qanchalar zarar keltirishlari yana ham ochiq-oydin namoyon bo‘lib turibdi. Insonlar chiqargan qonunlar qonun chiqaruvchilarga zarar keltirmaydigan narsani sotganlarni jazolamaydi.
Misol uchun, hozir faqat narkotik moddalarni sotadigan qochoq savdogarlargina jazoga tortiladi. Kelajakda bu moddalarni ham mast qiluvchi ichimliklar kabi qonunlashtirib olishlari hech gap emas. Ilohiy qonunlar esa insoniyatga zarar etkazuvchi har bir narsani sotganni jazoga loyiq deb topadi. Bu holni yaxshi tushunmog‘imiz lozim.
4. Sotib oluvchisini.
Xamr va uning hukmidagi harom, mast qiluvchi narsalarni sotib oluvchi, o‘zi ularni iste’mol qiladimi-yo‘qmi, baribir gunohkordir. Mazkur narsalarni sotib olish, o‘sha harom narsaninglarni rivojiga hissa qo‘shmoqdir. Bu esa, Allohning la’natiga yarasha ishdir.
5. Siquvchisini. 
O‘sha vaqtda xamr siqib tayyorlangani uchun shundoq deyilgan. Bu so‘zni bugungi kunimiz tilida aytadigan bo‘lsak, tayyorlovchisi, deymiz. Demak, mast qiluvchi ichimlik va moddalarni tayyorlovchilar Allohning la’natiga uchraydilar. Ular uchun bu dunyodagi barcha tuzumlarning la’nati, qamog‘i, turli jazolari etarli emas. Oxiratda Alloh do‘zaxga ham soladi.
6. Siqdiruvchisini.
Bu toifa siquvchi toifadan ham yomondir. Chunki, birinchi toifani ishga soladigan ham shu toifadir. Insonlar uchun zararli bo‘lgan turli mast qiluvchi ichimliklar va turli sarxush qiluvchi moddalarni ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yuvchilar shulardir. Bularga ham Allohning la’nati bo‘ladi. Ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish uchun amr berganlar ham shular qatoridadir.
7. Ko‘taruvchisini.
Mazkur harom narsaga hammollik qiluvchi kishi ham Allohning la’natiga sazovordir. Xom ashyoni tayyorlash, joyiga olib borishda hammollik qiladimi yoki tayyorlash joyidami, sotish joyidami yoki sotish joyidan iste’mol joyigami – baribir. Hozirgi kunda butun dunyo qarshi kurashayotganiga qaramay la’nati hammollarning faoliyati tufayli qora dori va unga o‘xshash harom narsalar butun dunyo bo‘ylab keng tarqalmoqda. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam ularni behuda la’natlamagan ekanlar.
8. Ko‘tartiruvchisini.
Aroq va uning hukmidagi harom narsalarning hammollarini ishga soluvchi, ularga pul berib ishlatuvchi ham Alloh taoloning la’natiga qolgay.
Xamr to‘g‘risidagi ogohlantirishlar ichida ushbu hadisi sharifga o‘xshash qattiq hukmga dalolat qiluvchisi bo‘lmasa kerak. Biz, odatda, agar o‘ta dindor bo‘lsak, xamr iste’mol qiluvchiga nafrat qilish bilan kifoyalanib qolamiz. Aslida esa xamrga aloqador barcha shaxslar Alloh taoloning la’natiga qolgan ekanlar. Shuning uchun ularning hammasidan nafratlanishimiz lozim. Ularga nasihat qilib, halol-pok yo‘lga chorlashimiz lozim. (“Hadis va Hayot” kitobidan). Vallohu a’lam!

14 May 2022, 10:55 | Savol-javoblar | 179 | Halol va harom
|
Boshqa savol-javoblar