Qo‘shnichilik haqlari to‘g‘risida

Assalomu alaykum! Aziz ustozlar sizu-bizga kirib kelgan Ramazoni sharif oyi muborak bo‘lsin, bu oydan gunohlardan tozalanib chiiqishimizni Alloh nasib qilsin. Savol: Biz qo‘p qavatli uyda yashaymiz. Bunday uylarda ko‘pchilik foydalanadigan uy jixozlari bo‘ladi yaniy pod’ezd eshiklari, zinapoya va lift, qavatlar orasidagi oynalar, chiroqlar va boshqa jihozlar. Qo‘pchilik foydalangandan keyin bu jihozlar tez ishdan chiqadi, lekin eng achinarlisi ayrim odamlar ataylabdan yokiy etiborsizlik qilib shu jihozlarni sinidirishgacha borishyapti. Singan narsalarni tuzatish o‘ziga yarasha xarajatlari bor shularni xamma xonodon egalari birgalikda pul yig‘ib ta’mirlataylik desak xammayam pul bermayampti (kam taminlangan oylalardan pul so‘ralmadi, o‘ziga to‘q bo‘lagan xonodonlardan so‘raldi). 5-6 qo‘shni o‘zimiz uchunku deb bir necha bor pul yig‘ib ta’mirlatiq lekin qo‘pga bormasdan qayta-qayta yana quch ishlatib jihozlarni nosoz xolatga tushirib qo‘yishyapti, undan tashqari odamlar pod’ezd ichida yurganda, xonodon ichidami yokiy qo‘shnining oynasini yonidami farqi yo‘q qatiq shovqin qilishadi, oyna eshiklar yonida olov yoqib ovqat pishirishadi, tabiyki bu odamlarga noqulayliklar tug‘diradi. Dinimiz Islomda qo‘shnichilik haqlari to‘g‘risida juda qatiq qo‘rsatmalar kelgan, undan tashkari birovning mulkiga ziyon etqazish katta gunoh ekanligi hammaga ayon, bizning xolatda esa bir ja’moaning xaqigi xiyonat bo‘layapti, bu esa yanada og‘ir xolat. Aziz ustozlar sizdan iltimos shunday xolatlarda inson o‘zini qanday tutishi kerakligi haqida ma’lumot bersangiz, shu orqali biz bugungi kunda unutilyotgan qo‘shnichlik xaqlari to‘g‘risida yana bir bor ilimga ega bo‘lar edik.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom!   وَبِالْوَالِدَيْنِ إِحْسَانًا وَبِذِي الْقُرْبَى وَالْيَتَامَى وَالْمَسَاكِينِ وَالْجَارِ ذِي الْقُرْبَى وَالْجَارِ الْجُنُبِ وَالصَّاحِبِ بِالجَنبِ وَابْنِ السَّبِيلِ وَمَا مَلَكَتْ أَيْمَانُكُمْAlloh taolo:
«Ota-onaga, ‎qarindoshga, etimlarga, miskinlarga, yaqin qo‘shniga, yon qo‘shniga, yondagi ‎sohibga, ‎yo‘qsil yo‘lchiga va qo‘lingiz mulk qilib olganlarga yaxshilik qilinglar», degan («Niso» surasi, 36-oyat).
«Niso» surasidagi bu oyati karimada Alloh taolo bir necha toifa odamlarga yaxshilik kilishga amr qilmoqda:
Birinchisi – ota-onalar.
Ikkinchisi – qarindoshlar.
Uchinchisi – etimlar.
To‘rtinchisi – miskinlar.
Beshinchisi – yaqin qo‘shni.
Oltinchisi – yon qo‘shni.
Tafsirchi ulamolarimiz oyati karimada zikr qilingan «yaqin qo‘shni»ni qarindosh qo‘shni, ya’ni yaqinligi bor qo‘shni deb, «yon qo‘shni»ni esa oddiy, yaqinligi yo‘q qo‘shni deb tushuntirganlar.
Qo‘shniga yaxshilik qilish haqidagi islomiy ta’limotlar ham dunyoda misli yo‘q ta’limotdir. Kezi kelganda, shu joyda bir necha hadisi shariflarni ko‘rib o‘taylik.
Imom Termiziy Abdulloh ibn Amr ibn Oss roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda Payg‘ambarimiz alayhissalom: «Allohning huzurida do‘stlarning yaxshisi o‘z do‘stiga yaxshilik qilganidir. Allohning huzurida qo‘shnilarning yaxshisi o‘z qo‘shnisiga yaxshilik qilganidir», deganlar.
Abu Bakr al-Bazzor Jobir ibn Abdulloh roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda Payg‘ambarimiz alayhissalom quyidagilarni aytadilar:
«Ko‘shnilar uch xil bo‘ladilar. Bitta haqqi bor qo‘shni. U haqqi eng oz qo‘shnidir. Ikkita haqqi bor qo‘shni. Uchta haqqi bor qo‘shni. Bunisi eng ko‘p haqqi bor qo‘shnidir. Endi bitta haqqi bor qo‘shniga kelsak, u mushrik qo‘shnidir. Uning qo‘shnilik haqqi bor, xolos. Ikkita haqqi bor qo‘shni esa musulmon qo‘shnidir. Uning ham musulmonlik haqqi, ham qo‘shnilik haqqi bor. Uchta haqqi bor qo‘shni esa musulmon qarindosh qo‘shnidir. Uning musulmonlik, qarindoshlik va qo‘shnilik haqlari bordir».
Ma’lumki, qo‘shnilarga yaxshilik qilish jamiyatdagi insoniy aloqalarni mustahkamlashga, jamiyatni kuchli, qudratli qilishga xizmat etadi. عَنْ عَائِشَةَ رَضِي الله عَنْهَا، عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: مَا زَالَ جِبْرِيلُ يُوصِينِي بِالْجَارِ حَتَّى ظَنَنْتُ أَنَّهُ سَيُوَرِّثُهُ. رَوَاهُ الْأَرْبَعَةُOisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:
Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
«Jabroil menga qo‘shni haqida shu qadar ko‘p tavsiya berdiki, uni ham merosxo‘r qilib qo‘yarmikan, deb o‘ylab qoldim», dedilar».
To‘rtovlari rivoyat qilganlar.
Sharh: Demak, Jabroil alayhissalom qo‘shniga yaxshilik, muruvvat qilish to‘g‘risida Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga shu qadar qattiq ta’kidlagan ekanlarki, gap shunday tarzda davom etadigan bo‘lsa, «Qo‘shning ham merosingdan ulush oladi‎», deb qolarmikan, deb o‘ylagan ekanlar. Ushbu hadisdan olinadigan foydalar:
1. Jabroil alayhissalomning Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga tavsiya qilib turganlari.
2. Ba’zi tavsiyalar ko‘p bo‘lganligi.
3. Qo‘shnining haqqi o‘ta mo‘’tabar ekani.
4. Qo‘shnining haqqi shunchalar ulug‘ ekani.
Shuning uchun har bir inson o‘z qo‘shnisi bilan yaxshi munosabatda bo‘lib, unga qo‘lidan kelgan yaxshilikni qilmog‘i lozim. وَعَنْهَا قَالَتْ: قُلْتُ يَا رَسُولَ اللهِ، إِنَّ لِي جَارَيْنِ فَإِلَى أَيِّهِمَا أُهْدِي؟ قَالَ: إِلَى أَقْرَبِهِمَا مِنْكِ بَابًا. رَوَاهُ الْبُخَارِيُّ وَأَبُو دَاوُدَ وَلَفْظُهُ: إِنَّ لِي جَارَيْنِ بِأَيِّهِمَا أَبْدَأُ؟ قَالَ: بِأَدْنَاهُمَا بَابًاYana o‘sha kishidan rivoyat qilinadi:
«Ey Allohning Rasuli! Mening ikki qo‘shnim bor. Ulardan qay biriga hadya qilay?» dedim.
«Senga eshigi yaqiniga», dedilar».
Buxoriy va Abu Dovud rivoyat qilganlar. Abu Dovudning lafzida:
«Mening ikki qo‘shnim bor. Ularning qay biridan boshlay?» (dedim).
«Eshigi yaqinrog‘idan», dedilar».
Sharh: Demak, qo‘shnining haqqi uning uyi yaqinligiga qarab, turli darajada bo‘lar ekan. Eng yaqin qo‘shnining haqqi eng ko‘p bo‘lar ekan. Agar qo‘shinlardan biriga hadya qilish niyati bo‘lsa, ularning eshigi yaqinidan boshlash yaxshi ekan.
Xalqimizdagi «yon qo‘shni – jon qo‘shni» degan maqol ushbu hadisi sharifdagi ma’noning takrori bo‘lsa, ajab emas.
Demak, qo‘ni-qo‘shniga yaxshilik qilishda, hadya berishda eshigi yaqinroq bo‘lgan qo‘shnidan boshlash kerak ekan. Agar bir qo‘shnini tashlab, undan keyingisiga hadya berilsa, o‘rtadagi qo‘shnining ko‘ngliga: «Meni yomon ko‘rsa kerak, bo‘lmasa, yon qo‘shni bo‘lib turib, shunaqa qiladimi?» degan shubha tushadi.Ushbu hadisdan olinadigan foydalar:
1. Muomala madaniyatini yaxshi biladiganlardan so‘rab, o‘rganish lozimligi.
2. Qo‘shnilarga hadya berish yaxshi ish ekani.
3. Qo‘shnilarga hadya berishni eshigi yaqinidan boshlash kerakligi.عَنْ أَبِي شُرَيْحٍ رَضِي اللهُ عَنْهُ أَنَّ النَّبِيَّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: وَاللهِ لَا يُؤْمِنُ وَاللهِ لَا يُؤْمِنُ وَاللهِ لَا يُؤْمِنُ، قِيلَ: مَنْ يَا رَسُولَ اللهِ؟ قَالَ: الَّذِي لَا يَأْمَنُ جَارُهُ بَوَائِقَهُ. رَوَاهُ الْبُخَارِيُّ وَمُسْلِمٌ وَلَفْظُهُ: لَا يَدْخُلُ الْجَنَّةَ مَنْ لَا يَأْمَنُ جَارُهُ بَوَائِقَهُ Abu Shurayh roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
«Allohga qasamki, mo‘min bo‘lmaydi! Allohga qasamki, mo‘min bo‘lmaydi! Allohga qasamki, mo‘min bo‘lmaydi!» dedilar.
«Kim, ey Allohning Rasuli!» deyildi.
«Qo‘shnisi yomonligidan emin bo‘lmagan odam», dedilar».
Buxoriy va Muslim rivoyat qilganlar. Muslimning rivoyatida:
«Qo‘shnisi yomonligidan emin bo‘lmagan odam jannatga kirmaydi», deyilgan.
Sharh: «Bunda qo‘shnisiga yomonlik qilishni halol hisoblagan odam ko‘zda tutilgan», deyishadi ulamolarimiz. Bu hadisi sharifda ham qo‘shnining haqqi ulug‘ ekanligi targ‘ib qilinmoqda.
Qo‘shnilariga yomonlik qilib yuradigan, qo‘shnilari uning yomonligidan qo‘rqib turadigan odam jannatga kirmas ekan.
Ushbu hadisdan qo‘ni-qo‘shnilar bilan muomalani yaxshilash, ularga ozor bermaslikni o‘rganib olar ekanmiz.عَنْ أَبِي ذَرٍّ رَضِي اللهُ عَنْهُ قَالَ: قَالَ لِي رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: إِذَا طَبَخْتَ مَرَقَةً فَأَكْثِرْ مَاءَهَا وَتَعَاهَدْ جِيرَانَكَ. رَوَاهُ مُسْلِمٌ Abu Zarr roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam menga
«Qachon sho‘rva pishirsang, suvini ko‘proq qilgin-da, qo‘shnilaringga ham bergin», dedilar».
Muslim rivoyat qilganlar.
Sharh: Ushbu hadisi sharifga amal qilarib, qo‘shnilarga o‘z uyida pishirilgan taomlardan chiqarib turishni yo‘lga qo‘yish yaxshi ish bo‘ladi. Bu ham qo‘shnichilik aloqalarini mustahkamlashga yordam beradi.وَذُبِحَ فِي بَيْتِ عَبْدِ اللهِ بْنِ عَمْرٍو رَضِيَ اللهُ عَنْهُمَا شَاةٌ، فَقَالَ: أَهْدَيْتُمْ لِجَارِي الْيَهُودِيِّ؟ فَإِنِّي سَمِعْتُ رَسُولَ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ يَقُولُ: مَا زَالَ جِبْرِيلُ يُوصِينِي بِالْجَارِ حَتَّى ظَنَنْتُ أَنَّهُ سَيُوَرِّثُهُ. رَوَاهُ أَبُو دَاوُدَ وَالتِّرْمِذِيُّ«Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhumoning uyida qo‘y so‘yildi. Bas, u kishi:
«Yahudiy qo‘shnimga hadya qildinglarmi? Chunki men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning «Jabroil menga qo‘shni haqida shu qadar ko‘p tavsiya qildiki, uni merosxo‘r qilib qo‘yarmikan, deb o‘ylab qoldim», deganlarini eshitganman», dedi».
Abu Dovud va Termiziy rivoyat qilganlar.
Sharh: Bu hadisi sharifda qo‘shniga ko‘rsatiladigan ehtimomdan namuna ham keltirilmoqda.

Ushbu hadisi sharifdan olinadigan foydalar:
1. Uyida biror hayvon so‘ygan kishi uning go‘shtidan qo‘shnilariga hadya qilishi kerakligi.
2. G‘ayridin qo‘shni bilan ham yaxshi aloqada bo‘lib, unga ham hadya berib turish lozimligi.
3. Din ahkomlarini yaxshi bilgan odam o‘sha hukm nima asosida qilinishini ham boshqalarga o‘rgatib turishi yaxshiligi.
4. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning qo‘shni haqqiga katta e’tibor berganliklari.وَجَاءَ رَجُلٌ إِلَى النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ يَشْكُو جَارَهُ قَالَ: اذْهَبْ فَاصْبِرْ، فَأَتَاهُ مَرَّتَيْنِ أَوْ ثَلَاثًا فَقَالَ: اذْهَبْ فَاطْرَحْ مَتَاعَكَ فِي الطَّرِيقِ، فَطَرَحَ مَتَاعَهُ فِي الطَّرِيقِ، فَجَعَلَ النَّاسُ يَسْأَلُونَهُ فَيُخْبِرُهُمْ خَبَرَهُ فَيَلْعَنُونَهُ فَعَلَ اللهُ بِهِ وَفَعَلَ وَفَعَلَ، فَجَاءَ إِلَيْهِ جَارُهُ فَقَالَ: ارْجِعْ لَا تَرَى مِنِّي شَيْئًا تَكْرَهُهُ. رَوَاهُ أَبُو دَاوُدَ«Bir kishi Nabiy sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga kelib, qo‘shnisidan shikoyat qildi. Shunda u zot
«Bor, sabr qil», dedilar.
U zotning huzurlariga ikki yoki uch marta keldi. Shunda u zot:
«Bor, matohingni yo‘lga tashla», dedilar.
Bas, u matohini yo‘lga tashladi. Shunda odamlar undan so‘ray boshlashdi. U ularga o‘zi haqida xabar bera boshladi. Ular esa «Alloh uni falon qilsin! Undoq qilsin, bundoq qilsin», deb la’natladilar. Shunda qo‘shnisi uning yoniga kelib:
«Qayt! Bundan keyin mendan o‘zingga yoqmagan narsani ko‘rmaysan», dedi».
Abu Dovud rivoyat qilganlar.
Sharh: Ushbu hadisi sharifdan olinadigan foydalar:
1. Rahbarga qo‘shnidan shikoyat qilish mumkinligi.
2. Rahbar dastlab qo‘shnisidan shikoyat qilgan kishini sabrga chaqirishi kerakligi.
3. Qo‘shnidan o‘tgan ba’zi ishlarga sabr qilish lozimligi.
4. Qo‘shnining ozoriga uch marta sabr qilgandan keyin uning ustidan jamoatchilikka xabar berish mumkinligi.
5. Jamoatchilik aybdor qo‘shniga nisbatan o‘z g‘azabini bildirishi kerakligi.
6. Bilib-bilmay, qo‘shnisini norozi qilgan odam uzr so‘rab, qo‘shnisiga yoqmaydigan ishlardan o‘zini chetga olishi kerakligi.وَلِلتِّرْمِذِيِّ: خَيْرُ الْأَصْحَابِ عِنْدَ اللهِ خَيْرُهُمْ لِصَاحِبِهِ، وَخَيْرُ الْجِيرَانِ عِنْدَ اللهِ خَيْرُهُمْ لِجَارِهِ. وَاللهُ أَعْلَمُTermiziyning rivoyatida:
«Allohning huzurida ashoblarning eng yaxshisi sohibiga yaxshi bo‘lganidir. Allohning huzurida qo‘shnilarning eng yaxshisi qo‘shnisiga yaxshi bo‘lganidir», deyilgan. Alloh bilguvchiroqdir.
Sharh: Shuning uchun ham har doim do‘st-birodarlarga va qo‘shnilarga yaxshi munosabatda bo‘lishga harakat qilmoq zarur. (“Hadis va Hayot” kitobidan). Vallohu a’lam!

25 May 2022, 16:02 | Savol-javoblar | 176 | Dolzarb savollar
|
Boshqa savol-javoblar