Pultiksa yoki uy sotib olishda yordam olsa buladimi
Assalomu alaykum! 1. Loyihaning maqsadi nima? Halqimizga pul jamg‘arish va xavfsiz faoliyat turlariga sarmoya qilib halol foyda olish imkoniyatini taqdim qilish. Uy-joyni taqsitga (bo‘lib to‘lash) olishni halol yo‘l bilan amalga oshirish. 2. Loyiha kimlar uchun? 1) Pulini halol yo‘l bilan ham jamg‘arib, ham foyda olmoqchi bo‘lganlarga; 2) Kichikroq uyini sotib kattaroq uy olmoqchi bo‘lganlarga; 3) Uy-joy olaman deb bir miqdorda pul yig‘ib qo‘ygan-u, qolganiga mablag‘ topa olmayotganlarga; 4) Kelajakda alohida ruzg‘or qilish kerak bo‘lgan bir necha farzandli oilalarga; 5) Bitta xonadonda 2 va undan ortiq oila yashayotganlarga; 6) Bo‘sh pul mablag‘larini asta-sekin jamg‘arib, sarmoya qilib borish va / yoki mulk sotib olishni maqsad qilgan yuridik shaxslarga (firmalar, tadbirkorlar). 3. Uy-joyni qachon va qaerdan olamiz? Shirkatning qoidalariga muvofiq 50’ta hissador o‘z ixtiyoriga ko‘ra shirkatga hissa kiritib boradi va navbatma-navbat 36 oy mobaynida mulkdor bo‘lishi rejalashtirilgan. Bunda kimdir birinchi oyda, kimdir ikkinchi oyda, kimdir oltinchi oyda mulk olib shu tarzda 36 oy ichida mulkdor bo‘ladi. Demak, hamma bir oyni ichida mulkdor bo‘lmaydi, balki ko‘proq hissa kiritgan avvalroq uy-joy olishi mumkin. Uy-joy mijoz tanlagan joydan olinadi, bunda mulkni narxi, joylashgan joyi, xavfsizligi (yaqin orada buzilmasligi) inobatga olinadi. Ammo mulkni ikkilamchi eki birlamchi bozorga ta’luqligi, xovli joy bo‘lishi eki noturar bo‘lishini ahamiyati yo‘q. 4. Bo‘lib to‘lash sharti bilan mulk olish uchun nima qilish kerak? Uy-joy olish uchun avvalo shirkatga hissador bo‘lib muljallangan xarid miqdoridan kamida 10 (o‘n) foizini sarmoya sifatida kiritish hamda oyma-oy, jadvalga muvofiq hissalar kiritib borish lozim. Hissani 10 (o‘n) foizidan ko‘prog‘i kiritilishi navbatni tezlatilishiga sabab bo‘ladi. 5. Uy-joyni pul kiritgandan boshlab qachon olsa bo‘ladi? Uy-joyni olish navbat bilan bo‘ladi. Navbat avval ko‘proq (o‘zining shartnomasida belgilangan hissaga nisbatan) hissa kiritgan hissadorlarga beriladi, ya’ni shirkatda joriy oyda mablag‘ etguncha eng ko‘p hissa kiritgan hissadorlar uchun uy-joy olib, keyin bo‘lib to‘lash sharti bilan sotiladi. Bir oyda kattaroq xarid bo‘lsa bitta, kichikrog‘lari bo‘lsa 2-3 ariza qondirilishi ham mumkin. 6. Pul mablag‘lari qaerdan shakllanadi? Pul mablag‘lari hissadorlar tomonidan shakllanadi shuning uchun ustama haqini 18 (o‘n sakkiz) foizdan belgilashga muvaffaq bo‘lindi. Agar bunday loyihaga tashqi sarmoya kiritilsa ustama miqdori 25 (yigirma besh) foizdan kam bo‘lmas edi. 7. Foiz deganda ribo (sudxo‘rlik)ni tushunmaymizmi? Savdoda foiz matematik hisob-kitoblar uchun qo‘llaniladi, bunda qarz berib ustiga foyda olish tushunilmaydi, balki muayyan bir narsa sotib olinib boshqa shaxsga sotilganda buni amalga oshirgan tomon foydani maqsad qiladi. Ayni shu foydani “o‘ndan bir” yoki “yuzdan o‘n” deyish ham mumkin, “o‘n foiz” deyish ham mumkin. Aslida mulkni to‘liq o‘ziga sotib olib ushbu jarayondagi, ya’ni haridorga topshirishgacha bo‘lgan xavf-xatarlarni o‘z zimmasiga olgan savdogarga molni ustama bilan sotish haqini beradi. Ijarada esa (avtomobilga nisbatan qo‘llaniladi) berilgan mulkka etgan zararlar to‘liq ijaraga beruvchining zimmasida bo‘ladi, jumladan kapital ta’mir bo‘yicha xarajatlar, ijarachining aybi bilan etkazilgan zarar bundan mustasno. 8. Jami qanday miqdor va turdagi pullar to‘lanadi? Loyiha bo‘yicha bir necha turdagi to‘lovlar mavjud, jumladan: 1) Dastlabki to‘lov: Shirkatga umumiy jamg‘arish uchun muljallangan pul miqdorining kamida 10 (o‘n) foizi hissa sifatida shirkatga kiritiladi. Hissa shirkatning faoliyatiga doir foyda va zararlarida ishtirok etadi; 2) Oylik to‘lovlar: Dastlabki to‘lovdan qolgan kiritilishi lozim bo‘lgan pullar oyma-oy hissa sifatida kiritib boriladi. Bunda to‘lovlar har 6 oyda 10 (o‘n) foizga oshirib boriladi – bu tezroq to‘latish lekin boshida og‘ir kelmaslik uchun qo‘llanilgan uslubdir; 3) Mulk olishdan avvalgi to‘lov: Mulk olishga navbat kelganida mulk qiymatidan 5 (besh) foiz miqdorida pul kiritiladi. Ushbu pul, shirkat tomonidan mulk sotib olingandan keyin mijoz mulkni olishdan bosh tortsa, kelib chiqish ehtimoli bor zararlarni qoplash uchun ushlab turiladi va oldi-sotdi shartnomasi rasmiylashtirilgandan keyin birinchi to‘lov sifatida qabul qilinadi. 4) Mulk olingandan keyingi to‘lovlar: Olingan mulk ustama bilan oyma-oy bo‘lib to‘lash sharti bilan mijozga sotiladi. Misol uchun navbat o‘n ikkinchi oyda kelgan bo‘lsa, mulkni qolgan 24 oyga teng bo‘lib beriladi. Mulk olingandan keyingi to‘lovlar ko‘chmas mulkda qarz sifatida, avtomobilda esa ijara haqi sifatida to‘lanadi. Bunda mulkni dastlabki shirkatga sotib olish bo‘yicha xarajatlar (notarius, davlat boji va hokazo) uning qiymatiga qo‘shiladi. O‘zaro sug‘urta jamg‘armasiga to‘langan badallar ijarada qiymatiga qo‘shilsa, oldi-sotdida mijoz tomonidan mustaqil to‘lanadi; 5) Mulkni sotib olishdagi notarius va davlat bojlari kabi keyingi to‘lovlarni mijoz o‘z tomonidan amalga oshiradi. 9. Oldi-sotdi shartnomasi qanday rasmiylashtiriladi? 1) Ko‘chmas mulk notariusda birdaniga mijozni nomiga rasmiylashtiriladi, bunda mulkka nisbatan, jumladan fuqarolarni ro‘yxatga qo‘yishga (propiska) ta’qiq qo‘yiladi va barcha qarzlar to‘langandan keyin shirkatning yozma murojaatiga ko‘ra ta’qiq bekor qilinadi. Ushbu muddatda mulk garovda turishi ham mumkin. Ro‘yxatga qo‘yish (propiska)ga ehtiyoj bo‘lganda mijoz (haridor) shirkatga qarzini vaqtida to‘lashining kafolati sifatida qo‘shimcha kafillik eki boshqa garov taqdim qilishi talab etiladi. 2) Avtomobil mulkdorlik bilan yakunlanadigan ijaraga berilgani uchun u shirkatning nomida turadi va barcha to‘lovlar amalga oshirilgandan keyin shirkatning yozma tasdig‘iga ko‘ra to‘g‘ridan-to‘g‘ri mijozning nomiga Yo‘l xavfsizligi hizmati boshqarmasi tomonidan (notarius ishtirokisiz) o‘tkazib beriladi. 10. Avvalroq olgan odam yutadimi? Yo‘q, aniq unday deb bo‘lmaydi, chunki har bir holatni o‘zini past-balandlari bor, misol uchun: Avvalroq mulk olgan odam: 1) Ko‘proq sarmoya kiritib pulini band qiladi; 2) Mulkni ko‘proq ustama bilan sotib oladi (yiliga 18-20% bo‘lgandan keyin, qancha o‘zoq muddatga olinsa shuncha ustama miqdori kattalashadi); 3) Mulk olgandan keyin yilni yakunida shirkatdan chiqib ketadi va foyda olmaydi. Keyinroq mul olgan odam: 1) Kamroq pul kiritib boradi, ya’ni birdaniga katta pulini band qilmaydi; 2) Mulkni avvalroq olgan odamdan kamroq ustama bilan yoki eng oxirida olsa umuman ustamasiz oladi; 3) Shirkat faoliyatidan chiqqan foydadan kiritgan hissasiga yarasha ulush olib turadi. Shu tariqa avval va keyin olgan odamlar o‘rtasida munosib ravishda adolatli tizim o‘rnatiladi. 11. Pul qadrsizlanishi inobatga olinadimi? Yo‘q, pul qadrsizlanishi inobatga olinmaydi, lekin: 1) Avvalo pul qadrsizlanmasligi ham mumkin, buni faqat Alloh biladi; 2) Undan tashqari bir narsani narxi ikki barobar oshsa boshqasiniki atigi yigirma foizga oshishi mumkin, shuning uchun inflyatsiya darajasini aniq aytish qiyin ish. 3) Pul qadrsizlanishini to‘liq yoki bir qismini shirkatdan olinadigan foyda qoplaydi, bu tahminan yiliga o‘n foizni tashkil qiladi; 4) Hissador pulni birdaniga emas, balki bo‘lib bo‘lib 36 oy davomida kiritishini hisobga olish kerak, chunki u ham pullarni qadr qanday bo‘lsa usha vaqtdagi pulni kiritib boradi (qadrsizlansa, bo‘lmasa qadri baland paytida qadri baland pulni kiritadi); 5) Avvalroq mulk olgan odam ham ustama to‘laydi, ham pulini band qiladi (ko‘proq to‘lab), keyinroq mulk olgan odam esa pulini ham band qilmaydi (ya’ni uni qadrlik paytida kiritmay keyin kiritadi), ham ustamasi kichik bo‘lgan yoki umuman ustamasiz uy oladi. Loyiha bo‘yicha mulkni qancha kech olsa shuncha foyda katta bo‘lib ustama kichkina bo‘lishi rejalashtirilgan. 12. Pulni o‘zim jamg‘arishimdan nima farqi bor? Albatta, tartibli va kat’iy niyat qilgan odam o‘zi ham jamg‘arishi mumkin, lekin voqe’likda unday odamlar juda kam uchraydi. Undan tashqari o‘zi jamg‘argan odam haridi uchun oxirigacha o‘zi mablag‘ yig‘ish kerak. Shirkatga hissador bo‘lishni esa bir nechta afzalliklari bor: 1) Halol va xafsiz faoliyat yuritiladi, har bir so‘mni ostida aktiv (mulk) bor; 2) Tikilgan pullar sarmoya qilinadi va foydaning 80 (sakson) foiziga hissador ulushdor bo‘ladi, qolgan 20 (yigirma) foizi ish boshqaruvchilariga beriladi. 3) Aniq jadval bo‘ladi, bu esa odamni tartibga solib turadi va berilingan va’daga xilof qilmaslik uchun vazifa qilib olinadi, natijada pul jamg‘ariladi; 4) O‘zi jamg‘argandan farqli ularoq kichkina ustama bilan (qancha keyinroq mulk olinsa shuncha ustama kichkina bo‘ladi va foyda kattalashib boradi, in shaa Alloh) bo‘lib-bo‘lib tulash shartlarida mulk olishga haqqi bo‘ladi. 13. Bo‘lib to‘lash muddati nech yil? Bo‘lib to‘lash muddati ko‘pi bilan 36 oy, har oyda muddat bir oyga kamayib boradi. Ya’ni mulk olgunga qadar hissador shirkatga pullarni hissa sifatida kiritib boradi, navbat kelgandan keyin esa hissa kiritishni to‘xtatib shirkatdan olgan mulki bo‘yicha qarzlarni to‘lashni boshlaydi. 14. Bo‘lib to‘lash muddatini uzunroq qilsa bo‘lmaydimi? Hamma hissadorlar ertaroq uy-joylik bo‘lishlari uchun va pul qadrsizlanishi undan ko‘p muddatda ko‘proq zarar keltirishi ehtimoli borligini inobatga olib muddat 36 oy bilan cheklandi. 15. Pullarni vaqtida to‘lamasa nima bo‘ladi? Bu erda ikki hil munosabat bor: 1) Agar pullar navbat kelishidan avval hissador sifatida kiritilmasa, uni oqibatlari boshqa navbati kelganlarga mulkni vaqtida olishiga ta’sir qilishi mumkin hamda majburiyatlarini vaqtida bajarmagan hissadorning navbati ortga suriladi. Undan tashqari mulk olishga kelganda keyingi to‘lovlarni vaqtida amalga oshirib borishi shubxa ostiga qo‘yilishi mumkin; 2) Agar pullar mulk olingandan keyin 2 martadan ko‘p kiritilmasa endi holat boshqacha tus oladi, chunki bunda qarz to‘lamaslik bo‘lib shirkat uni undirish uchun sudga murojaat qiladi. Sud tegishli qaror chiqargach mulk sotiladi va qarzlar to‘langandan ortig‘i mijozga qaytib beriladi. 16. Navbat kelganda oldingi kiritgan hissalar nima bo‘ladi? Navbat kelgandan keyin kiritilgan hissalar joriy yilning oxirigacha shirkat faoliyatida sarmoya sifatida turadi va hissadorning arizasiga ko‘ra yilni yakuni bo‘yicha moliyaviy natija tasdiqlangandan keyin mulk oldi-sotdisi bo‘yicha qarzlarini so‘ndirishga yo‘naltiriladi. 17. Hissa qaysi shartlarda kiritiladi? Dastlabki pullar “OQIL HIMOYA KOMMANDIT SHIRKATI” kommandit shirkatining ustaviga hissa sifatida kiritilib ular to‘liq sherik – “OQIL HIMOYA” MChJ tomonidan boshqariladi. Hissa kiritish uchun shirkat bilan hissador o‘rtasida ta’sis shartnomasi shartlarini aks etgan kelishuv tuziladi. Kommandit shirkatining faoliyati O‘zbekiston Respublikasining “Xo‘jalik shirkatlari to‘g‘risidagi” qonuniga muvofiq yuritiladi, ushbu qonun bilan havola bo‘yicha o‘tib tanishib chiqish mumkin: https://lex.uz/doss/21826 18. Bu loyiha moliyaviy piramida emasmi? Buning uchun biz moliyaviy piramida nimaligini bilib olishimiz kerak bo‘ladi, demak piramida bu: 1) Avvalgi ishtirokchilarning foydasi keyingi ishtirokchilar hisobidan to‘lab boriladi, shirkatda esa teskari holat ya’ni mulk olmagan hissadordan mulk olgan hissadorlar hisobidan shirkatga tushgan daromadga ulushdor bo‘ladi; 2) Odamlardan pul jalb qilish maqsadida moliyaviy piramida tashkilotchilari tomonidan yuqori yoki o‘ta yuqori daromadlilik taklif qilinadi va odatda bu daromadlilikni ko‘p vaqt ushlab turib bo‘lmaydi, shirkatda esa o‘rtacha tahmin qilinayotgan foyda yilillik o‘n foizni tashkil qiladi va uning manbai aniq va ravshan, ya’ni mulkni bo‘lib sotish hisobiga ustama bilan sotish yoki ijaraga hisobiga; 3) Barcha pul tikkan ishtirokchilarga majburiyatlar bo‘yicha to‘lanadigan pullar to‘liq eki umuman qaytmasligi avvaldan ayon bo‘ladi, shirkatda esa har qanday hissaning ostida real va likvidligi yuqori bo‘lgan aktiv (mulk) mavjud; 5) Moliyaviy eki investitsion piramidalarning oxiri albatta bankrotlik va ishtirokchilarning zarari bilan yakunlanadi, shirkat esa hissalarni faqat likvidligi yuqori bo‘lgan ko‘chmas mulk va avtomobilga tikkani hisobiga zarar ko‘rish ehtimoli juda kichik. Undan tashqari har bir mulkka nisbatan notarius tomonidan ta’qiq qo‘yilgan bo‘lib uni sotib yuborish imkoni bo‘lmaydi; 6) Yig‘ilgan pullarga yuqori likvidlik aktivlar (ko‘chmas mulk, tilla, avtomobil va hokazo) sotib olinmasdan birdaniga avvalgi ishtirokchilar, reklama hamda tashkilotchilarning foydasiga yo‘naltiriladi, shirkatga tushgan hissalar esa faqat mulk sotib olishga yo‘naltiriladi, joriy xarajatlar faqat daromadni hisobiga amalga oshiriladi; 7) Moliyaviy piramida qancha uzoq muddat ishlasa shunchalik ishtirokchilar tikkan o‘z mablag‘larini u likvidatsiya bo‘lganida qaytib olishlari imkoni past bo‘ladi, shirkatda esa muddatning ahamiyati yo‘q, chunki yuqorida ta’kidlab o‘tilganday ko‘chmas mulk hissalarni ta’minlab turadi; 8) Daromad manbai sir tutiladi eki arzimas (yog‘on) manbalar ko‘rsatiladi, shirkatda esa daromad manbai aniq va ravshan, shuningdek bu haqiqatni barcha hissadorlar o‘zlari tekshirishlari mumkin (qonunan haqi bor); Moliyaviy piramidaning haqiqiy biznes-loyihadan farqi daromad to‘laniladigan manbada. Ya’ni, agar ishtirokchilarga to‘lanayotgan foyda loyihadan chiqadigan daromaddan yuqori bo‘lsa unda ushbu loyiha piramidaligiga yorqin dalil bo‘ladi. Ushbu moliyaviy va investitsion piramidaning sifatlari va alomatlari shikatning faoliyatida topilmaydi albatta, buni biznes-modeli ham, daromadlilik ham, qanday aktivlarga pullarni tikilishi ham, sheriklik asosida daromadni taqsimlanish tartibi ham, hissadorlar faoliyat bilan bevosita tanishib borishlari imkoni borligi ham, qolaversa niyat, ya’ni jamiyatdagi mavjud bo‘lgan ijtimoiy masalani - insonlarga uy-joy olib berish orqali hal qilinishi ham shaffofligidan dalolat qiladi. 19. Ushbu loyihaning daromad manbasi nima? Loyihaning daromad manbasi uy olib sotish eki avtomobilni ijaraga berishdan iborat bo‘lib, yiliga 18-20% ni tashkil qiladi, bunda soliq va xarajatlardan keyin to‘liq sherik (20%) va hissador o‘rtasida (80%) taqsimlanadi. Bunda hissadorning tikkan puliga nisbatan yillik o‘n foiz daromad berilishi kutilmoqda. 20. Kiritilgan pullarimni kafolati bormi? Shirkat faoliyati sherikchilikning bir turi bo‘lib, unga kiritilgan hissalarni kafolatlash joiz emas. Biroq hissadorlarni pulini xavfsizligini ta’minlash maqsadida bir necha tadbirlar amalga oshiriladi: 1) Shirkat faoliyati faqat va faqat mulk olib sotish va ijaraga berish bilan chegaralangan, bu esa konservativ faoliyat bo‘lib undagi zararlar ehtimoli juda kichik. 2) Olib sotiladigan mulkka notarius orqali ta’qiq qo‘yiladi, shuning uchun sotish va ijaraga berish uchun faqat notariusni ro‘yxatdan o‘tadigan mulklar, ya’ni ko‘chmas mulk va avtomobillar olinadi. 3) Shirkatning boshqa turdagi faoliyat yuritishi mumkin emas, har bir hissador bilan imzolayotgan shatnomada ushbu shart o‘z ifodasini topadi. To‘liq sherikning loqaydligi va ta’sis shartnomada ko‘rsatilmagan faoliyat yuritilishi oqibatida ko‘rilgan zararlarda hissadorlar qatnashmaydi va to‘liq sherik tomonidan qoplanishi lozim. Alloh ishlarimizga baraka bersin va oqibatlarimizni hayrli qilsin! Qo‘shimcha ma’lumot va savollarga javob olish uchun, Jahongir Dadajonov’ga murojaat qiling. Tel.: +998 90 930 5000 Ustozlar shu xakida malumot bersangiz biz ular bilan sherikchilik kilsak buladimi yoki yok Allox, rozi bulsin
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Ularning ishlaridan xabarimiz bor. Ularning faoliyati shar’an joiz. Vallohu a’lam!
25 May 2022, 16:32 | Savol-javoblar | 142 | Moliya va tijorat
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Ularning ishlaridan xabarimiz bor. Ularning faoliyati shar’an joiz. Vallohu a’lam!
25 May 2022, 16:32 | Savol-javoblar | 142 | Moliya va tijorat