Namozning sunnatlarini o‘qish shartmasmi?

Assalomu alaykum! Yaqinda biz mexmonga bordik, shunda namoz vaqti edi, men namoz o‘qib olishimni aytdim va namozimni o‘qidim, namozimni tugatganimdan so‘ng, tanishim siz namozni ko‘p o‘qivormadizmi dedi. Peshin namozini o‘qigandim, men yo‘q kitobida qanday yozilgan bo‘lsa shunday o‘qidim desam, 5 maxal namozni faqat farzlari o‘qidadi, sunnatlarini o‘qish shartmas dedi. Men farzni o‘qish shart lekin sunnat o‘qilmasin degan joyi yo‘q, qachon sunnatlari o‘qilmidi, namoz qazo bo‘lgandagina o‘qilmidi, o‘qisa bo‘laveradi desam, adashdiz dedi. Tanishimni xam dindan xabari bo‘lganligi uchun tortishib o‘tirmadim.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! U odam noto‘g‘ri aytibdi. عَنْ أُمِّ حَبِيبَةَ رَضِيَ اللهُ عَنْهَا قَالَتْ: سَمِعْتُ رَسُولَ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ  يَقُولُ: مَا مِنْ عَبْدٍ مُسْلِمٍ يُصَلِّي ِللهِ كُلَّ يَوْمٍ ثِنْتَيْ عَشْرَةَ رَكْعَةً تَطَوُّعًا غَيْرَ فَرِيضَةٍ إِلَّا بَنَى اللهُ لَهُ بَيْتًا فِي الْجَنَّةِ. قَالَتْ أَمُّ حَبِيبَةَ: فَمَا بَرِحْتُ أُصَلِّيهِنَّ بَعْدُ. رَوَاهُ الْخَمْسَةُ إِلَّا الْبُخَارِيَّ.
وَزَادَ التِّرْمِذِيُّ: أَرْبَعًا قَبْلَ الظُّهْرِ وَرَكْعَتَيْنِ بَعْدَهَا، وَرَكْعَتَيْنِ بَعْدَ الْمَغْرِبِ، وَرَكْعَتَيْنِ بَعْدَ الْعِشَاءِ، وَرَكْعَتَيْنِ قَبْلَ صَلَاةِ الْفَجْر
 Ummu Habiyba roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:
«Qaysi bir musulmon banda har kuni farzdan tashqari o‘n ikki rak’at ixtiyoriy namoz o‘qisa, albatta, Alloh unga jannatda uy qurib beradi», dedilar.
Ummu Habiba: «Shundan keyin ularni doimo o‘qib kelmoqdaman», dedilar».
Beshovlaridan faqat Buxoriy rivoyat qilmagan.
Termiziy: «Peshindan oldin to‘rt va keyin ikki rak’at, Shomdan keyin ikki rak’at, Xuftondan keyin ikki rak’at, Bomdoddan oldin ikki rak’at»ni ziyoda qilgan.
Sharh: Hanafiy mazhabi mana shu rivoyatni mahkam ushlab, hayotga yaxshilab tatbiq qilgan mazhabdir. Ushbu hadisda farz namozlariga tobe bo‘lgan sunnatlarni qo‘ymay, o‘qib borishga qattiq targ‘ib va ulkan va’da bordir.
Bu va’da bo‘yicha, ushbu namozlar uchun mukofot tariqasida Alloh taolo tomonidan jannatda alohida uy qurib berilishi ta’kidlanmoqda.
Farz namozlarga tobe bo‘lgan sunnat namozlarini qo‘ymay, o‘qib borishga bundan ortiq targ‘ib bo‘lmasa kerak. Shuning uchun ham Ummu Habiyba onamiz ushbu hadisni eshitganlaridan boshlab, u namozlarni aslo qoldirmaganlar. Biz ham xuddi shunday qilishimiz lozim.
Farz namozlaridan oldin o‘qiladigan sunnat namozi o‘ziga xos ravishda farz namozga tayyorlanish vazifasini ham o‘taydi. U namozni o‘qib, ancha tayyorlanib olgan namozxon uchun farz namozining xusho‘ va xuzo‘sini joyiga qo‘yish oson bo‘ladi.
Farz namozlaridan keyin o‘qiladigan sunnat namozlari esa farz namozda ba’zi qusur va kamchiliklar sodir bo‘lsa, o‘rnini to‘ldirish vazifasini o‘taydi.
Shuning  uchun  ham  shariatda  bu  namozlar «mukammilot» — «to‘ldiruvchi namozlar» deb ataladi. ("Hadis va Hayot" kitobidan). Vallohu a’lam!

25 May 2022, 16:42 | Savol-javoblar | 159 | Namoz
|
Boshqa savol-javoblar