Taqdirni o‘zgatiruvchi duo

Assalomu alaykum! Hamma inson Alloh tomonidan buyurilgan lauhfulmaxfuz da yozilgan qazoyu qadari bilan tug‘ilar ekan shundaymi? Xadis va Xayot kitobida bu haqida malumotlar kelgan ekan shu bilan birga Shayximiz qazoyu qadar haqida chuqur ketib bo‘lmaydi degan ekanlar. Fikri ojizimcha buni so‘rab tug‘yonga ketmayotgandirman. Agar shunday bo‘lsa meni ogohlantirishingizni sizlardan so‘rab qolaman. Shuni bilmoqchi edimki 1) Biz Allohdan duo qilib boshimizga musibat tushganidan uni ketkazishini so‘raganimizda qazoyu qadarga qarshi chiqayotgan bo‘lmaymizmi? 2) Agarda duomiz qabul bo‘lsa aslida duo qilib so‘rashimiz ham uni ijobat bo‘lishi ham qazoyu qadar bo‘ladimi yoki duomizni Alloh qabul qilishi bizning qazoyu qadarimizni o‘zgartiradimi
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Taqdir ikki qismga bo‘linadi. Mubram va muallaq. Mubram bu Alloh taoloning ilmidagi taqdirdir. Uni Allohdan o‘zga hech kim bilmaydi. Bu o‘zgarmasdir. Ikkinchisi muallaq – bu haqidagi ma’lumot farishtalarning qo‘llariga topshirilgandan keyin ham o‘zgartirilaveradi. Qadr va baroat kechalarida ushbu ikkinchi taqdir farishtalarning qo‘llariga beriladi. Duo tufayli ham shu taqdir o‘zgaradi. عَنْ سَلْمَانَ رَضِي اللهُ عَنْهُ، عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: لَا يَرُدُّ الْقَضَاءَ إِلَّا الدُّعَاءُ، وَلَا يَزِيدُ فِي الْعُمْرِ إِلَّا الْبِرُّ  Salmon roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
«Qazoni faqatgina duo qaytaradi. Umrni faqatgina yaxshilik ziyoda qiladir», dedilar».
Sharh: 
Qazo Alloh taoloning hamma narsalarning kelajakda qanday bo‘lishini azaldan bilishidir.
«Qazoni faqatgina duo qaytaradi».
Aslida qazodagi narsa qadarga kelishi kerak. Ammo ba’zi ulamolarning gapiga qaraganda, qazo ikki xil: mubram, ya’ni uzil-kesil qazo va muallaq, ya’ni bir narsaga bog‘liq qazo bo‘ladi.
Misol uchun, «Falonchi duo qilib tursa, falon kuni bemor bo‘lmaydi, duo qilmasa bo‘ladi» kabi holatlar muallaq qazo deyiladi. Duo bilan rad bo‘ladigan qazo mana shunga o‘xshash qazodir.
Qadarni qadar ila daf qilish ma’nosini ham unutmaslik zarur. Shu ma’noda duo ham qadar bo‘ladi.
Ochlik qadari oziqlanish qadari ila daf qilinadi.
Chanqoq qadari suv ichish qadari ila daf qilinadi.
Bemorlik qadari davolanish qadari ila daf qilinadi.
Hazrati Umar roziyallohu anhu Shomga borganlarida u erda vabo tarqalganini eshitib, orqaga qaytishga qaror qildilar.
Shunda Abu Ubayda roziyallohu anhu:
«Allohning qadaridan qochibmi?» dedi.
Hazrati Umar roziyallohu anhu unga:
«Shuni sendan boshqa odam aytsa bo‘lmasmidi!? Ha, Allohning qadaridan Allohning qadariga qochamiz. Aytgin-chi, agar sening tuyalaring bo‘lsa-yu, ular ikkiga bo‘lingan bir vodiyga tushsalar. Bo‘laklarning biri serhosil bo‘lsa-yu, boshqasi quruq bo‘lsa, hosildorida boqsang ham Allohning qadari ila boqasan, qurug‘ida boqsang ham Allohning qadari ila boqasan. Shunday emasmi?!» dedilar.
«Umrni faqatgina yaxshilik ziyoda qiladir‎».
Aslida belgilangan ajalning vaqti-soati o‘zgarmaydi. Demak, bu hadisi sharifdagi «umrning ziyoda bo‘lishi»ni «barakali bo‘lishi» deb tushunish kerak. Ya’ni har bir inson o‘ziga belgilangan ajalgacha yashaydi, ammo umri barakali bo‘lib, hayoti davomida bir necha kishi qiladigan yaxshiliklarni bajo keltiradi.
Yoki xuddi qazoda aytib o‘tilgani kabi, ajal ham ikki xil bo‘ladi. Falonchi taqvo ila yashasa, saksonga, bo‘lmasa, ellikka kiradi, deyilgan bo‘ladi. Yaxshilikni ko‘p qilgan odamlarning umri ziyoda bo‘lishi shunga o‘xshash bo‘ladi.
Bu hadisi sharifning ma’nosi haqida turli fikrlar aytilgan. Ularning turli bo‘lishi qazoi qadar masalasiga bog‘liqdir. Ammo qazoi qadar masalasida «Qazo qazo bilan daf qilinadi» degan qoida borligini esga olsak, ish osonlashadi. Bundan yomon qazoi qadar duo bilan daf bo‘lishi kelib chiqadi. Shuningdek, yaxshilik tufayli umrning qisqa qadari daf qilinib, uzun qadariga o‘tkazilishi kelib chiqadi.
Bu haqda «Kashshof» tafsirida quyidagilar aytilgan:
«Kishining umri uzaysa ham, qisqarsa ham kitobda bordir. Uning surati quyidagicha: Lavhga «Agar Falonchi haj yoki g‘azot qilmasa, umri qirq yil. Agar haj va g‘azot qilsa, umri oltmish yil», deb yozilgan bo‘ladi.
Bu ma’no «Ma’olimut Tanzil» kitobida ham kelgan.
Ushbu masala bo‘yicha imom G‘azzoliy rahmatullohi alayhi mashhur asarlari – «Ihyou ulumuddin» kitobida quyidagilarni aytadilar:
«Agar qazoni qaytarib bo‘lmasa, duoning foydasi nedir, deydigan bo‘lsang, bilki, albatta, baloni duo bilan rad qilish ham qazodandir. Xuddi qalqon kamon o‘qini rad qilishga, suv erdan o‘simlik unib chiqishiga sabab bo‘lganidek, duo baloni rad qilish va rahmatni jalb qilishga sababdir. Xuddi qalqon o‘qni daf qilib, biri biri ila qaytarilganidek, duo bilan balo ham bir-birini muolaja qiladi.
Alloh taoloning qazoi qadarini e’tirof qilishning sharti siloh ko‘tarmaslik emas. Batahqiq, Alloh taolo: «Bas, ehtiyot bo‘lsinlar va silohlarini olsinlar», – degan.
Shuningdek, urug‘ ekkan odamning erni sug‘ormasligi qazoi qadarni e’tirof qilishning sharti emas.
Agar o‘sishning qazosi oldin amalga oshirilsa, shu ekin o‘sadi. Bo‘lmasa, o‘smaydi.
Alloh taolo sabablarni sabablangan narsalarga bog‘lab qo‘ygandir. Bu birinchi qazodir. U ko‘z ochib-yumguncha, balki undan ham tezroq sodir bo‘ladi.
Sabablangan narsalarning tafsilotini sabablarning tafsilotiga birin-ketin, o‘lchov ila tartibga solish qadardir. Yaxshilikni taqdir qilgan Zot uning sababini ham taqdir qilgandir. Yomonlikni taqdir qilgan Zot uni ketkazishni ham taqdir qilgandir. Qalb ko‘zi ochiq kishilar uchun bu ishlar bir-biriga zid emas.
Qolaversa, duoning foydalaridan biri shuki, u qalbning Alloh bilan birga bo‘lishini talab qiladi. Bu esa ibodatning cho‘qqisidir. Shuning uchun ham Rasululloh sollallohu alayhi vasallam «Duo ibodatning iligidir», deganlar.
Ko‘pincha bandalarning qalblari hojat tushganda va qiyin holda qolgandagina Alloh tomon buriladi. Qachon insonni yomonlik tutsa, duoni ko‘paytiradi.
Hojat insonni duoga muhtoj qiladi. Duo esa qalbni tazarru’ va siniqlik ila Alloh azza va jallaga qaytaradi. Bas, shu bilan ibodatlarning afzali bo‘lgan zikr hosil bo‘ladi.
Shuning uchun ham balo-ofatlar anbiyo alayhissalomlarga muvakkal qilingandir. So‘ngra avliyolarga, so‘ngra ularning yaqinlariga va hokazo».
Umrning ziyoda bo‘lishi haqida ham xuddi shu gaplarni aytish mumkin. ("Hadis va Hayot" kitobidan). Vallohu a’lam!

25 May 2022, 18:50 | Savol-javoblar | 213 | Duolar
|
Boshqa savol-javoblar