Har kim o‘z ishini qilsin

Assalomu alaykum! O‘zi shu kunlarda shunday holatlar juda ko‘p kuzatilayotgani uchun shu munosabatni bildirib qo‘yishga qaror qildim. Zikr ahlidan so‘rang hay’atining oila va turmush rukniga "Azizbek" profilidan bir odam savol bergan. Unda zikr ahlidan so‘rang hay’atining ko‘krakdoshlar nikohi haqidagi savolga bergan javoblariga tanqid qilingan. Avvalo siz "Azizbek" profilidagi odam va boshqa shariatni to‘liq tushunmay ahli ilmlarga o‘zicha raddiya bildiradigan odamlar haddingizni bilib yursangiz o‘zingiz uchun juda yaxshi bo‘lardi. Shariat sizga o‘yinchoq yoki sizni jig‘ildoningiz tusagan narsa emas. Bu odamlar 3 ta kitobni chala o‘qib fatvo aytadigan odamlar emas. Shayx rohimahullohning shogirdlari-ku axir. Men shaxsan bu odamlar har bir savolga javob berayotganida do‘zaxni bir ko‘zi oldida tasavvur qilib keyin javob beradilar deb bilaman. Bu odamlar fatvoga engil qaraydilar deb o‘ylaydigan bo‘lsangizlar adashasizlar. Farazan, bir fosiq odamni Alloh to‘g‘ri hidoyat yo‘liga boshladi va shariat ahkomlarini qila boshladi lekin bir oldindan qolgan odati bor, shundan voz kecha olmayabti. U cho‘chqa go‘shtini juda yaxshi ko‘rib eb yurgan. U ahli ilmlarga shu go‘shtni eyishda davom etsam maylimi desa, albatta, mutlaq harom, hoziroq bu fikrdan qayting degan javobni oladi. Birov chiqib: nima, sizlar nimaga qarab aytdingizlar bu fatvoni, bir odam shuncha yil sevib eb yurgan cho‘chqa go‘shtidan voz kechishi osonmi?! deya olmaydi. Bitta odam oilasini aroq chiqaradigan zavodda ishlab yurib boqib yurdi. Birdan hidoyat nasib qildi-da, bu ishimdan men ahli ilmlarni aytishi bo‘yicha mutlaq voz kechishim shart ekan dedi. Bir qarindoshi o‘sha ahli ilmni yoniga borib: shuncha obro‘-martabaga ega bo‘lib, shuncha yil aroq zavodni direktori bo‘lib yurib endi shu ishdan voz kechadimi?! O‘ylab fatvo berdizmi?! 6 ta bolasi va ayolini boqish osonmi endi?! deya olmaydi. Zinokor zinoni haromligini bilgach, men shunday lazzatdan voz kechamanmi endi, osonmi shu?! Mayli namoz o‘qiyman lekin zino ham qilaman deya olmaydi aslo. Dinni ahkomlariga to‘liq bo‘ysuniladi, din odamlarni jig‘ildoniga, nafsiga bo‘ysunmaydi. Agar din hammani nafsiga bo‘ysunib ketsa uning dinligi qolmaydi. Savolga kelsak, ko‘krakdoshlarning nikohi umuman bog‘lanmaydi. Agar 30 yil baxtli turmush kechirib, 20 ta farzandi bo‘lsa ham ular tezda ajrashishlari shart bo‘ladi. Avvalo, o‘sha ularning onalari kimnidir o‘zini bolasidan boshqani emizayotganda kelajakda nikohlanish masalalari yuzasidan shunday holatlar kelib chiqmaslik tadbirini ko‘rib qo‘yishlari farz edi. Aqli bor odam shariatni ahkomlarini o‘rganishi farz-ku axir. Zikr ahlidan so‘rang hay’ati harom ishni qilmanglar, oqibati yomon deb ogohlantirganiga shukur qilmaysizmi? Odam do‘zax amalini qilib yurganda, uni olovdan qaytargan kishiga rahmat deyish o‘rniga malomat qilib yuribmiz. Sizni gapingiz ha do‘zaxga kirib ketsa ketaversin, nima ishingiz bor sizlarni deyishga o‘xshaydi. Odamlarni aqli biror narsani ko‘tarmasa, demak shunga amal qilmaymiz desa, hozir butun dunyo alg‘ov-dalg‘ov bo‘lardi. Chunki kimningdir aqli ko‘targan narsani birovning aqli umuman qabul qilmaydi. Shuning uchun eng adolatli bo‘lgan, Allohning huzuridagi yagona haq din - Islom dini hamma safsatalarni yo‘q qilib, eng asosiy mezonni taqdim qiladi. Shu kunlarda shunga o‘xshagan holatlar ijtimoiy tarmoqlarda ko‘p urchiyabti. Bir odam umuman tartibli ilm olmagan lekin da’voni ulkan qilib zamondosh ulamolar qolib, Imom Abu Hanifa rohimahullohgacha ham gapiradi. Uyat! Bir imom yoki ahli ilm qaysidir bir qurilish, shifokorlik yoki muhandislik sohasidagi mutaxassislarga aql o‘rgatmaydi. Buni shu yoshga kirib ko‘rmadim lekin juda ko‘p boshqa dinga aloqasi bo‘lmagan, dinni tartibli ravishda olmagan odamlar aqiydadan ahli ilmlarga aql o‘rgatishga bo‘lgan urinishini juda ko‘p guvohi bo‘ldim. Yaxshi ko‘pchilik ahli ilmlar bu yo‘lda sabot bilan, sabr bilan turib chiroyli javob qaytarishadi. Hazrati Umar roziyallohu anhu tirik bo‘lsalar bundaylarni birinchi yaxshilab savalab, aqli kirmaguncha qamab qo‘yardilar. Men shu zikr ahlidan so‘rang hay’atiga bizning o‘ta oddiy savollarimizga ham erinmasdan javob berib kelayotganidan juda xursandman va ularga tashakkur aytaman. Bizning ahvolimizni o‘ylab, shular jaholatdan chiqsin deb tishini-tishiga qo‘yib oddiy savollarga ham javob berishadi. Aslida ular, nimadir namozdan oddiy savol bo‘lsa "Kifoya", "Mo‘minning me’roji" kitoblarini o‘qing deb, Hajda falon amalni qilsam bo‘ladimi deganda esa "Mo‘minning umr safari" kitobini o‘qing deb qo‘ya qolsalar haqlari bor edi. Ha mayli, kel shular ham ovvora bo‘lib yurmasin, ibodatlarini komil qilsin deb javob berishadi. So‘zimning oxirida men zikr ahlidan so‘rang hay’atidan shunday odamlarning o‘ta odobsizlik qilganlari uchun shaxsan men uzr so‘rayman. Bu holat birinchi marta sodir bo‘layotgani yo‘q. Oldinroq ham bittasi chiqib, aynan zikr ahlidan so‘rang hay’ati a’zolariga odobsizlik qilgandi. Men shu hay’atning a’zolarini hayotda ham ko‘rmaganman va shaxsiyatlarini ham aniq bilmayman lekin ancha foydalar olganman. Har kim o‘z doirasida harakat qilishni iltimos qilib so‘rayman. Duradgor 25 yillik tajribali jarrohga qanday operatsiya qilish kerakligini, novvoy 30 yillik tajribali arxitektorga qanday bino qurish kerakligini, sartarosh esa 20-30 yil kechalari uxlamasdan ilm olgan olimlarga aql o‘rgatishlarini bas qilishlarini so‘rab qolaman. Agar shunday ishlarni bas qilsak ya’ni har kim o‘z iste’dodi bilan harakatlansa jamiyat yashnaydi. Agar aksi bo‘lsa, ishoning, biz umuman rivojlanishni xayolimizga keltirmasak bo‘ladi. Assalamu alaykum va rohmatullohi va borkatuh.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! To‘g‘ri mulohaza qilibsiz. Qani endi boshqalar ham shu fikrga borishsa. Vallohu a’lam!

25 May 2022, 19:23 | Savol-javoblar | 175 | Dolzarb savollar
|
Boshqa savol-javoblar