Xasad ko‘z tegishi

Assalomu alaykum! 2018 yil sentyabr oyida otamni elektrichka urib ketdi va olamdan o‘tdilar. Men chet elda ishlayman. Otamni ma’rakalarini o‘tkazib, ishga qaytib ketdim. Ishga borib ishladim yomonmas, lekin birin-ketin bilmadim noto‘g‘ri izohlagan bo‘lsam, balomi, musibatmi, kasofatmi boshlandi. Ukamlarni og‘ilxonasi, bitta sigiri bilan yonib ketdi. Ukam o‘zi qishloqda raznorabochiylik qiladi. Oddiy oila. Bizlar, otam shunday bo‘lganlaridan keyin men ham endi o‘z yurtimda ishlayman deb bor-yo‘q yiqqanimni to‘plab chet eldan yuk mashinasini olib keldim. Olib kelgan mashinam ehtiyot qismlari bizda yo‘q ekan, mashina yaxshi chiqmadi. 3ming dollar zarariga sotdim, uning ham yarmi qarzga ketdi. Keyin ayolim bilan maslahatlashib kelmaslikka qaror qilib, shu erda kun ko‘rmoqchi bo‘ldim. Shu yilning 2-oktyabrida ertalab 5:00larda namozga turib dushga kirdi. Men bu vaqtda uni chiqishini kutib ko‘zim ilishibdi. Tursam soat 6 lar bo‘lgan, u hali ham chiqmagan. Eshikni ochsam u erda jonsiz holatda yotibdi. Qisqasi ayolim ham rahmatli bo‘ldi. Ayolim bilan biror marta “sen-menga” bormaganmiz. 3ta farzandim bor, kichkinasi 2 yoshda. Hayotimizdan mamnun edik. Farz amallarni, sunnat amallarni bajarishga men ham, xotinim ham harakat qilardik va men davom ettirayapman. Men albatta yaxshi-yomon hammasi Allohdan ekanligiga imon keltirganman, lekin ko‘z, hasad, sehr degan narsalar ham yo‘q emas. Yana hammasi bir yil ichida ketma-ket bo‘layapti. 
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Siz bir oddiy insonsiz. Allohning eng suyukli bir payg‘ambari Ayyub alayhissalomni eslang. Mol dunyo, bola-chaqa, jufti halollari bor edi. Bitta ayolidan boshqa hammasidan ayrildilar. Bu Allohning sinovi ekanligini qabul qildilar. Bu uzoq muddat davom etdi, Alloh najot kalimasini ta’lim berdi. Alloh taolo "Anbiyo" surasida marhamat qiladi:  وَأَيُّوبَ إِذْ نَادَى رَبَّهُ أَنِّي مَسَّنِيَ الضُّرُّ وَأَنتَ أَرْحَمُ الرَّاحِمِينَ۝ 83. Va Ayyubning O‘z Robbiga nido qilib: «Albatta, meni zarar tutdi. Sen rahmlilarning rahmlisisan!» – deganini esla.
Allohning payg‘ambari Ayyub alayhissalomga juda katta zarar etgani ma’lum. Lekin o‘sha zararning aynan nomini Qur’oni Karim aniq aytmaydi. Ushbu oyatda ham Ayyub alayhissalomning Allohga yolvorib, nido qilayotganlari kelyapti, xolos. Ayyub alayhissalom o‘sha nido-iltijoda ham odobga rioya qilib, o‘zlariga etgan zarar nimaligini aytmaydilar. Faqat zarar etganini va Alloh rahmlilarning rahmlisi ekanini eslaydilar, xolos.
«Albatta, meni zarar tutdi. Sen rahmlilarning rahmlisisan!»
Ya’ni «Menga zarar etganini, uning nimaligini O‘zing yaxshi bilasan, sen eng rahmli zotsan, menga qanday rahm qilishni ham o‘zing bilasan», – deb nido etganlar. فَاسْتَجَبْنَا لَهُ فَكَشَفْنَا مَا بِهِ مِن ضُرٍّ وَآتَيْنَاهُ أَهْلَهُ وَمِثْلَهُم مَّعَهُمْ رَحْمَةً مِّنْ عِندِنَا وَذِكْرَى لِلْعَابِدِينَ۝ 84. Bas, unga ijobat qildik. Undagi zararni ketkazdik. Unga ahlini, ular bilan birga yana shunchani ham berdik. O‘z huzurimizdan rahmat va obidlarga eslatma o‘laroq.
Alloh taolo Ayyub alayhissalomning odob ila qilgan duolarini qabul etdi.
«Bas, unga ijobat qildik. Undagi zararni ketkazdik».
Rivoyatlarda kelishicha, u kishi kasal bo‘lgan ekanlar. Qanday kasalligini Allohning O‘zi biladi. Ulamolarimiz: «Ayyub alayhissalomga etgan jirkanch kasalliklar haqida ba’zi rivoyatlarda kelgan gaplarda mubolag‘a bor, payg‘ambarlik maqomiga ham to‘g‘ri kelmaydi», – deyishadi.
«Unga ahlini, ular bilan birga yana shunchani ham berdik».
Bundan ko‘rinib turibdiki, Ayyub alayhissalomga etgan zarar ichida ahllarini, ya’ni barcha yaqin kishilari – farzandlari, qarindoshlari, do‘stlari va xizmatchilarini olish ham bo‘lgan ekan. Faqat yolg‘iz xotinlarigina u zot alayhissalom bilan qolganlar. Lekin Ayyub alayhissalom sabr qilib, Allohga yolvorganlaridan keyin, Alloh u kishiga ahllarini qaytarib berdi. Yana shunchaga ko‘paytirib berdi. Alloh taolo bu ishlarni behikmat qilgani yo‘q.
«O‘z huzurimizdan rahmat va obidlarga eslatma o‘laroq».
Ya’ni «Sabrli bandalarimiz doimo rahmatimizga noil bo‘lishlarini bildirish va obidlarga ibrat uchun shunday qildik». Obid – ibodat qiluvchi shaxs. Ayyub alayhissalom obidlarning eng muxlis va mashhurlaridan edilar. Demak, obidlar ham sinov ma’nosida har xil balolarga uchrab turadilar. Obidlik – ulug‘ martaba, unga osonlik bilan erishib bo‘lmaydi. Haqiqiy obidlik maqomiga erishish uchun banda anchagina sinovlardan o‘tishi kerak. ("Tafsiri Halol" kitobidan).
Siz ham «Albatta, meni zarar tutdi. Sen rahmlilarning rahmlisisan!» degan duoni ko‘p o‘qib yuring. Bu ishlarni sehr yoki ko‘z tegishiga bog‘lamang. Vallohu a’lam!

25 May 2022, 20:01 | Savol-javoblar | 175 | Dolzarb savollar
|
Boshqa savol-javoblar