Do‘ppisiz namoz o‘qish

Assalomu alaykum! Masjida namoz o‘qisam ba’zan do‘ppi kiyib ba’zan do‘ppisiz o‘qiyman, lekin yaqinda bir joyga borgan edim namoz vaqti bo‘lib qolgani uchun, o‘sha erdagi masjidga kirdim. Birinchi safda joy bor ekan, borib o‘tirdim. O‘tirishim bilan yonimdagi qariya odam do‘pping yo‘q ekan do‘ppi kiyvol deb aytdi. Men muloyim muomila bilan yonimda do‘ppim yo‘q, o‘zimi do‘ppimdan boshqasini kiymiman deb aytdim, keyin ular meni malomat qilishni boshladi, do‘pping yo‘q bo‘lsa orqada o‘tir deb. Xo‘p deb orqa safga o‘tirdim, shunda xam do‘ppi kiy deb majbur qilishdi, men yo‘q deb aytdim. Keyin xamma menga qarshi chiqishni boshladi, men ularga xech qaerda do‘ppisiz namoz o‘qish mumkunmas deb yozilmagan desam, katta gapirganda xo‘p degin tortishma deb xamma bitta bo‘lib menga qarshi chiqishdi. Hatto uyinga borib do‘ppini kiyib kel deganlar xam bo‘ldi. Keyin oxiri masjiddan chiqib ketishdan boshqa ilojim qolmadi. Eng achinarlisi bu xolatni masjid xodimlari, imom xam kuzatib turishdi, lekin bir og‘iz "bu bolani malomat qilishga xech kimi xaqqi yo‘q" deb gapirishmadi. Chiqib ketayotganimda bir qori aka kelib salla kiyib namoz o‘qish sunnat dedi, keyin men "to‘g‘ri, lekin Rasululloh sollallohu alayhi vasallam masjiddan tashqarida xam salla kiyib yurganlar" dedim. Men unga “Allohga xorlikni izxor qilgan xolatda do‘ppisiz namoz o‘qish xam sunnat” desam "bu noto‘g‘ri" deb aytdi. Keyin masjiddan chiqib ketdim. Shu holat to‘g‘rimi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Yozishingizga qaraganda siz ziyoli inson ko‘rinasiz, Alloh ziyoda qilsin. Yana bir narsaga e’tibor berishingizni so‘rab qolar edik. Boshingizni devorga ko‘p urmang, aks holda boshingiz yorilgani qoladi xolos. Johillar va johil darajasidagilar devorga o‘xshashadi. Oqil insonlar johillikni davosiz kasallik deb aytishadi. Ularga bir jihatdan rahm ham qilish kerak. Agar siz o‘sha holatda haq bo‘laturib ham tortishishni tark qilganingizda quyidagi hadisda zikr qilingan xushxabardan nasibador bo‘lar edingiz. عن أنس بن مالك قال: قال رسول الله  صلي الله عليه وسلم: من ترك الكذب وهو باطل بني له في ربض الجنة، ومن ترك المراء وهو محق بني له في وسطها، ومن حسن خلقه بني له في أعلاها. قال الترمذي: حديث حسن Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
"Rasululloh sollallohu alayhi vasallam : “Kim nohaq bo‘la turib yolg‘onni tark qilsa, u uchun jannatning chekasidan bino barpo qilinadi va kim haq bo‘laturib tortishuvni tark qilsa, u uchun jannatning o‘rtasidan bino barpo qilinadi va kimning xulqi go‘zal bo‘lsa, u uchun jannatning eng yuqorisidan bino barpo qilinadi” dedilar". Termiziy rivoyati. Boshqa bir rivoyatda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam “Men shunga kafilman, zominman” deganlar.
Agar siz xo‘p deb ularning gapini qabul qilib asl masala shu deb, bu do‘ppi odatiy sunnat, ibodatga taalluqli emas desangiz ular ham qabul qilishar edi.  Vallohu a’lam!

25 May 2022, 20:07 | Savol-javoblar | 141 | Namoz
|
Boshqa savol-javoblar