"Ummatimdan birortasi do‘zaxda qolsa rozi emasman" hadisi sahihmi

Assalomu alaykum! Hurmatli ustozlar, telegram ijtimoiy tarmog‘ida shu gap yuribdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam “Jonim qo‘lida bo‘lgan zotga qasamki, ummatimdan birortasi do‘zaxda qolsa rozi emasman” degan ekanlar. Ushbu xadis sahihmi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Siz keltirganlaringiz hadis emas ibn Abbos roziyallohu anhuning so‘zlari bo‘lib, sanadi ham sahih emas ekan. Bu boradagi sahih qavl quyidagi hadis ekan. عَنْ عَبْدِ اللهِ بْنِ عَمْرِو بْنِ الْعَاصِ رَضِي اللهُ عَنْهُما : أَنَّ النَّبِيَّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ تَلَا قَوْلَ اللهِ عَزَّ وَجَلَّ فِي إِبْرَاهِيمَ:  رَبِّ إِنَّهُنَّ أَضْلَلْنَ كَثِيرًا مِّنَ النَّاسِ فَمَن تَبِعَنِي فَإِنَّهُ مِنِّي الْآيَةَ. وَقَالَ عِيسَى عَلَيْهِ السَلام:  إِن تُعَذِّبْهُمْ فَإِنَّهُمْ عِبَادُكَ وَإِن تَغْفِرْ لَهُمْ فَإِنَّكَ أَنتَ الْعَزِيزُ الْحَكِيمُ ، فَرَفَعَ يَدَيْهِ، وَقَالَ: «اللَّهُمَّ! أُمَّتِي أُمَّتِي»، وَبَكَى، فَقَالَ اللهُ عَزَّ وَجَلَّ: يَا جِبْرِيلُ، اذْهَبْ إِلَى مُحَمَّدٍ، وَرَبُّكَ أَعْلَمُ، فَسَلْهُ مَا يُبْكِيكَ؟ فَأَتَاهُ جِبْرِيلُ عَلَيْهِ الصَّلَّاةُ وَالسَّلَامُ فَسَأَلَهُ، فَأَخْبَرَهُ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ بِمَا قَالَ، وَهُوَ أَعْلَمُ، فَقَالَ اللهُ: يَا جِبْرِيلُ، اذْهَبْ إِلَى مُحَمَّدٍ فَقُلْ: إِنَّا سَنُرْضِيكَ فِي أُمَّتِكَ وَلَا نَسُوءُكَ Abdulloh ibn Amr ibn Os roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam Alloh azza va jallaning Ibrohim alayhissalom haqidagi «Robbim, ular (sanamlar) odamlardan ko‘pini adashtirdilar. Kim menga ergashsa, u mendandir» degan so‘zini va Iyso alayhissalomning «Agar ularni azoblasang, ular O‘zingning bandalaring. Agar ularni mag‘firat qilsang, albatta, Sen azizsan, hakimsan», deganini tilovat qilib, qo‘llarini ko‘tardilar-da, «Allohim, ummatim, ummatim!» deb yig‘ladilar. Shunda Alloh azza va jalla: «Ey Jabroil, Muhammadning oldiga borib, «Nima uchun yig‘layapsan?» deb so‘ragin, vaholanki, Robbing O‘zi biluvchidir», dedi. Jabroil alayhissolatu vassalom u zotning huzurlariga kelib, so‘ragan edi, Alloh O‘zi bilsa ham, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam nima deganlarini aytdilar. Shunda Alloh: «Ey Jabroil, Muhammadning oldiga borib, «Ummating xususida seni rozi qilamiz, xafa qilib qo‘ymaymiz», deb ayt», dedi». (Imom Muslim rivoyati). Vallohu a’lam!

25 May 2022, 20:25 | Savol-javoblar | 160 | Hadislar
|
Boshqa savol-javoblar