Tajvid darsi haqida

Assalomu alaykum, hurmatli Shayx Hazratlari! Internetdan tajvid darslarini yuklab olib o‘rgandim. Alhamdulillah Qur’on o‘qishni boshladim, lekin bir harfda tushunmovchilik bo‘lmoqda. Bu arab alifbosidagi ض harfi 15-harf. Tajvid darsida bu harfni “Dod” harfi deb o‘rgandim. Lekin ko‘pchilik ilmli insonlar tilovatida (Fotiha surasi oxirgi oyatida) “Zod” deb tilovat qilmoqdalar. Ustoz shu harfni menga o‘rgatib qo‘ying iltimos.
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rohimahulloh:
ض- tovushi bugungi arab tili fonetikasida "d" tovushiga nisbatan yaqinroq deb qaralsada, aslida u umuman biror tovushga qiyoslanmaydigan o‘ziga xos tovush hisoblanadi. Xususan Qur’on qiroatida, tajvid ilmida bu narsa yaqqol ko‘zga tashlanadi. Ba’zilar uning "d" tovushidan ko‘ra "z" undoshiga tortimi ko‘proq, deb aytishadi. Tajvid ilmiga ko‘ra, zod tovushi tilning o‘ng yo chap yon qirg‘og‘ini yoki har ikkisini baravar yuqori oziq tishlarga urish bilan hosil bo‘ladi. Bunda tilning o‘ng yonini o‘ng tarafdagi yuqori oziq tishlarga yoki chap yonini o‘sha tomondagi tepa oziq tishlarga yoxud har ikki yonini ikki tarafdagi yuqori oziq tishlarga mahkam uriladi. Uni ikki tomondan teng talaffuz etishda tilning tanglay o‘rtasiga yopishib qolishidan saqlanish lozim. U yo‘g‘on va bo‘g‘iqroq hosil bo‘ladi. Uni to‘g‘ri talaffuz etishni o‘zlashtirish uchun etuk ustozlardan bevosita og‘zaki ta’lim olish darkor. Uning iste’lo, itboq va istitola sifatlariga ega ekanligini doimo yodda tutish kerak. ض tovushini ظ undosh tovushi kabi yoki tanglay oldidan aytishdan, sokin holida qalqala qilish yaramaydi. ض undoshining talaffuzini o‘zlashtirish uchun jiddiy shug‘ullanish lozim. Buning uchun avval tilni o‘ng yoki chap tarafga qanchalik harakatlanayotganiga e’tibor qaratiladi. Tilning yoni oziq tishlarning ichki tarafiga mahkam urilishi, qadalishi kerak. Bunda har kim o‘ziga qulay tomonni tanlab olib, o‘sha tarafda ko‘proq mashq qilaveradi. Tilning oziq tishlar tomon harakati faollashgach, bu tovushdagi yo‘g‘onlatish omillari, ya’ni iste’lo va itboq sifatlarini ijro etishga o‘tiladi. Ayni vaqtda uning istitolasiga ham e’tibor berib boriladi. Vallohu a’lam.

26 May 2022, 20:15 | Savol-javoblar | 170 | Turli savollar
|
Boshqa savol-javoblar