Ro‘zada ayoliga yaqinlik

Assalomu alaykum! Savolim shundan iboratki. Ro‘za tutmagan (sababli yoki sababsiz) inson ayoli bilan kunduz kuni yaqinlik qilsa bo‘ladimi? Iltimos aloxida chuntirsangiz. Sababli va sababsiznikini. Agar savolimni xato yoki noto‘g‘ri bergan bo‘sam uzr. Javobingiz uchun oldindan rahmat. (Do‘stlarim javobingizni intizorlik bilan kutishmoqda)
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Ro‘za tutmagan inson o‘zini ro‘zadorlardek tutishlari kerak. “Allohdan yashirmagan senlardan yashiramanmi” deyish, bahayolik hisoblanadi. Uzrsiz ro‘za tutmaslikning oqibati esa juda xunukdir. Musofir bo‘lsa ham, bemor bo‘lsa ham musulmon kishi bunday qilmasa kerak. Agar ikkisining ham ro‘zadorligi esida yo‘q bo‘lsa, ochilmaydi. Lekin bilib turib bu ishni qilishsa, ro‘zalari ochilib kafforat vojib bo‘ladi. Agar ro‘zador ayolni eri majburlab yaqinlik qilsa va ayol unga norozi bo‘lsa, ikkisiga ham qazo vojib bo‘lib, eriga kafforat ham lozim bo‘ladi ayoliga faqat qazo lozim bo‘ladi. Agar avvaldan ayoli ham rozi bo‘lsa, ikkisiga ham kafforat lozim bo‘ladi. "Kifoya" kitobida quyidagicha keladi: Kim qasddan(esida bo‘la turib) ikki yo‘ldan biriga jinsiy yaqinlik qilsa yoki unga yaqinlik qilinsa, ro‘zasi buziladi. Bunda maniyning nozil bo‘lishi yoki bo‘lmasligining e’tibori yo‘q. Erkaklik olatining bosh qismi ikkinchi tarafning oldi yoki orqa yo‘liga kirsa bo‘ldi. Ayol kishi kichik yoshdagi bolaning yoki majnunning o‘ziga yaqinlik qilishiga imkon bersa, unga ham qazo, ham kafforat vojib bo‘ladi. Birov avval esida yo‘q holda taom egan yoki jinsiy yaqinlik qilgan bo‘lsa, ro‘zasi ochilmaydi. Ammo hukmni bilmay, bo‘lar ish bo‘ldi, deb keyin yana taom esa yoki jinsiy yaqinlik qilsa, qazo ro‘za tutib berishi lozim bo‘ladi. Birov «Hali tong otmagan bo‘lsa kerak», deb eb-ichdi yoki jinsiy yaqinlik qildi. Keyin bilsa, tong otib bo‘lgan ekan. Ro‘zasining qazosini tutadi. Birov «Quyosh botgan bo‘lsa kerak», deb eb-ichdi yoki jinsiy yaqinlik qildi. Keyin bilsa, quyosh botmagan ekan. Ro‘zasining qazosini tutadi. Birov taom eb yoki jinsiy yaqinlik qilib turganida tong otib qoldi. Darhol qilayotgan ishini to‘xtatsa, ro‘zasi to‘g‘ri bo‘laveradi. Uxlab yotgan ayolga jinsiy yaqinlik qilinsa, o‘sha ayol ham qazo tutadi. Vallohu a’lam!

20 Aprel 2022, 19:44 | Savol-javoblar | 150 | Oila va turmush
|
Boshqa savol-javoblar