Begona muhtojga yordam berish

Assalomu alaykum! Bugun ishxonamizga bir kishi ish so‘rab keldi. Hamkasblarim bizda hozircha ish yo‘q deb javob berishdi. Tabiiyki, uni ahvoli bilan qiziqdim. Gaplashib ko‘rsam, kuni kecha qizidan judo bo‘lgan odam ekan. Qizi hozir shifoxonada, uni va ayolini olib ketish uchun ma’lum miqdorda pul yig‘ish uchun ish qidirib yurgan ekan. Toshkent shahrida ro‘yxatdan o‘tmagani uchun qabristonlarga qo‘yishmabdi. Gap-so‘zlaridan yolg‘on gapirayotganga o‘xshamadi. So‘ragan pulini berib "Unaqa sarson bo‘lmang, bugunoq qizingizni olib ketib oxirgi yo‘lga kuzating. Mayyitni uzoq ushlab turib bo‘lmaydi" dedim. Duo qilib ketdi. Yolg‘on gapirgan bo‘lsachi, degan fikr keldi o‘shanda. Lekin o‘z qizini o‘rtaga qo‘yib bunday yolg‘on to‘qishiga ishonmadim, to‘g‘risi. Shunday hollarda yordam bersak, lekin u yolg‘on gapirgan bo‘lsa va u pulni bo‘lmag‘ur ishlarga sarflasa, gunohi mening zimmamga ham tushadimi? Yordam bermaslikning iloji bo‘lmadi. Axir rostdan ham shunday ahvolda qolgan bo‘lishi ham mumkin-ku. Javob uchun oldindan rahmat.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Niyatingizga yarasha olaverasiz. Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhumoning qullari u zotni ko‘rganida englarini shimarib namozga mustahkam bo‘lib qolishar edi. U kishi ko‘rganlarida ajablandilar va qullarni ozod qildilar. Shunda “Ey Abu Abdurrohmaan ular sizni aldashmoqda, aslida namozga bunchalik qattiq emaslar” deyilganida, “Kim bizni Alloh bilan aldasa biz unga aldanaveramiz” deganlar. Vallohu a’lam!

25 May 2022, 20:44 | Savol-javoblar | 153 | Turli savollar
|
Boshqa savol-javoblar