Xoyrul quruun

Assalomu alaykum! Quron tilovatni savobini bag‘ishlash haqidagi savolga “bu narsa xoyrul quruundan beri ulomolar tomonidan inkorsiz qabul qilib kelinayotgan amaldur” deyilibdi. Xoyrul quruun degani nima?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Rasululloh sollallohu alayhi vasallam hadisi muboraklarida zikr qilingan uch asrni xoyrul qurun deb ataladi. عَنْ عِمْرَانَ بْنِ حُصَيْنٍ رَضِي اللهُ عَنْهُ، عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ  قَالَ: خَيْرُكُمْ قَرْنِي ثُمَّ الَّذِينَ يَلُونَهُمْ، - قَالَ عِمْرَانُ: لَا أَدْرِي ذَكَرَ اثْنَيْنِ أَوْ ثَلَاثَةً بَعْدَ قَرْنِهِ - ثُمَّ يَجِيءُ قَوْمٌ يَنْذِرُونَ وَلَا يَفُونَ، وَيَخُونُونَ وَلَا يُؤْتَمَنُونَ، وَيَشْهَدُونَ وَلَا يُسْتَشْهَدُونَ، وَيَظْهَرُ فِيهِمُ السِّمَنُ. رَوَاهُ الْبُخَارِيُّ وَالنَّسَائِيُّ Imron ibn Husoyn roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
«Sizlarning yaxshilaringiz mening asrim
(dagilar)dir. So‘ngra ularga ergashib kelganlardir. (Imron «U zot o‘z asrlaridan keyingi ikki (asr)ni zikr qildilarmi, uch (asr)ni zikr qildilarmi, bilmay qoldim», dedi). So‘ngra bir qavmlar kelurki, ular nazr qilurlar, vafo qilmaslar, xiyonat qilurlar, ishonilmaslar, guvohlik berurlar, guvohliklari talab qilinmas va ularda semirish zohir bo‘lur», dedilar».
Buxoriy va Nasaiy rivoyat qilganlar.
Sharh: Bu hadisi sharif avvalgi kitoblarda ham o‘tgan. Shuning uchun bu erda uning o‘zimiz o‘rganayotgan bobimizga tegishli joyini tahlil qilish bilan kifoyalanamiz. Hozir biz o‘rganishimiz lozim bo‘lgan joyi esa Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning:
«So‘ngra bir qavmlar kelurki, ular nazr qilurlar, vafo qilmaslar», degan iboralaridir.
Ushbu iqtibosni hadisi sharifning umumiy ma’nosi bilan qo‘shib tahlil qiladigan bo‘lsak, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning asrlarida va u asrdan keyingi eng yaxshi ikki, uch islomiy asrlarda yashagan odamlar boshqa amallar qatori, nazrlariga vafo qilishni ham o‘zlarining musulmonlik burchlari deb bilganlarini tushunib olamiz. Hamda ana shu saodatli asrda yashab o‘tgan saodatli kishilar bu burchlarini to‘liq amalga oshirganlari turgan gap ekanligi, mazkur xayrli asrlardan keyingi asrlarda keladigan kishilar esa Islom ta’limotlariga amal qilishda asta-sekin sustlashib, kamchiliklarga yo‘l qo‘yishlari, jumladan, o‘zlari atagan nazrlarga vafo qilmay qo‘yishlari Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam tomonlaridan avvaldan aytib qo‘yilganligini bilib olamiz.
Binobarin, nazriga vafo qiluvchilar haqiqiy, asl musulmonlar, aksincha, nazriga vafo qilmaydiganlar umuman, dinu diyonat bilan ishi yo‘q yoki iymon-e’tiqodi sust kishilar bo‘ladi. ("Hadis va Hayot" kitobidan). Vallohu a’lam!

25 May 2022, 21:09 | Savol-javoblar | 162 | Turli savollar
|
Boshqa savol-javoblar