O‘g‘ilning aroq ichgan otaga munosabati

Assalomu alaykum! Ota juda ham ko‘p ichuvchi bo‘lsa, ko‘p janjallar qilsa, bolalar ham yoshligidan otaga nisbatan nafrat tuyg‘usi bilan katta bo‘lgan bo‘lsa, ota uyga ichib kelib janjal qilganida o‘g‘il onasini ximoya qilish maqsadida otasi bilan janjallashsa, hattoki otasiga qo‘l ko‘tarishgacha borsa bunday holatda dinimiz nima deydi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Zimmamizda etkazish vazifasigina bor, majburlash emas. Etkazsa va u ishlarga qalban norozi bo‘lsa oxiratda ham qolganiga javobgar bo‘lmaydi. Otasiga qabul qilsalar gapirsin qabul qilmasa duo qilish yo‘liga o‘tsin.
Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi:  
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam : “Robb(Alloh taolo)ning roziligi otaning roziligiga bog‘liqdir. Robbning g‘azabi otaning g‘azabiga bog‘liqdir” deganlar. Alloh taolo Isro surasida “Ota-onanga uff dema, ularni jerkima” deb marhamat qilgan” degan. Fuqaholarimiz ota-ona xato qilsa ularni bir bor yaxshilikka buyuradi. Agar qabul qilsalar qanday ham yaxshi, agar xushlamasalar sukut qilish va ularning haqqiga duo-istig‘forlar bilan mashg‘ul bo‘lish kerak. Shunda Alloh taolo ikkisi tomonidan uni g‘amga solayotgan narsaga kifoya qiladi – deganlar. Ota-ona bilan baxslashsa bo‘ladimi degan savolga, ularning oyoq kiyimi bilan ham baxslashmaslik kerak deyilgan. Oxiratini kuydirib olmasin. Vallohu a’lam!

25 May 2022, 21:15 | Savol-javoblar | 155 | Oila va turmush
|
Boshqa savol-javoblar