sms orqali taloqsan uch taloq yuz taloq deyish

Assalomu alaykum! Yoshim 35 da. Allohga shukur oxirgi ikki yildirki asta sekinlik bilan islom dinimdagi ma’lumotlar va ilmlarni o‘zlashtirib bormoqdaman. Bunga sizlarning kanalingizning hissasi ham ancha katta bo‘lmoqda deb o‘ylayman. Savolim shuki, meni turmush o‘rtog‘im juda ko‘p ichadi va 2 yil avval ko‘p darajada ichib olib mast holatida telefondan sms orqali taloqsan uch taloq yuz taloq kabi so‘zlarni ko‘p marotaba yuborgan. Ertasiga o‘zi tushunmagan. Shundan bo‘yon birga yashamaymiz. Erimning oilasidagilar yarashtirishmoqchi va ichgandagi taloq o‘tmaydi deb turib olishyapti. Men nima qilishimga hayronman. To‘g‘risi yolg‘iz ona bo‘lib yashashni hohlamayapman. Farzandimni ham otasiz voyaga etkazish niyatim yo‘q. Ham yana farzandli bo‘lishni hohlayapman. Sizlardan iltimosim menga to‘g‘ri yo‘l tutishda yordam beringlar. Lekin erim hali ham ichyapti ekan. Ichgan insonni juda ham yomon ko‘rib boryapman. Duo qilishimda qanday duo qilay? O‘z turmush o‘rtog‘imni so‘rab duo qilaymi yoki boshqa halol jufti halol ro‘para qilgin deb duo qilaymi? Sizlar ham meni duo qilib qo‘yinglar iltimos.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Sizlarga yarashishga aslo yo‘l yo‘q. Boshqa insonga turmushga chiqing. “Baxtiyor oila” kitobida quyidagicha keladi:  Er kishi o‘z ayolini bir taloq yoki ikki taloq qilsa, qaytadan yarashishi mumkin. Ammo uch taloq qilgandan keyin o‘sha er uchun u ayol vaqtinchalik haromga aylanadi. Qur’oni Karimning hukmiga binoan, u ayol boshqa erga tegib, bu eri bilan tabiiy holatda o‘lim yoki taloq tufayli ajrashgandan keyingina birinchi erga nikohi halol bo‘ladi. Buning uchun, albatta, u ayol ikkinchi er bilan er‑xotin bo‘lib yashashi shart. Ikkinchi er jinsiy aloqaga qodir emas kishi bo‘lsa, ayol qaytadan birinchi erga halol bo‘lmaydi. Nikoh to‘g‘ri nikoh bo‘lishi ham shart qilingan. Vallohu a’lam!

25 May 2022, 21:19 | Savol-javoblar | 142 | Ayollarga oid masalalar
|
Boshqa savol-javoblar