Ovqat egan kosani chayib ichish sunnatmi?

Assalomu alaykum! Ovqat egan idishini ovqatini eb bo‘lgandan so‘ng chayib choy suv yoki shunga o‘xshagan narsalar bilan ichib qo‘yilsa savobi qancha shifosi qancha? Men Sochi shaxrida voxalik bollar bilan ishladim, Moskvada ishladim men ovqatdan keyin idishimni chayib ba’zida yalab xam qo‘yaman. Bunga bilmagan bollar menga past nazar bilan qarardi, men etibor bermasdim. Ular bizda mol ichadi yuvundini deyishardi. Men ularga bu sunnat 40ta savob 40ta dardga davo derdim. Shu to‘g‘rimi? Ko‘pchilik bilmaydi, buni zora bilib olishsa.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Asl sunnat quyidagicha: عَنْ جَابِرٍ رَضِي اللهُ عَنْهُ، عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: إِنَّ الشَّيْطَانَ يَحْضُرُ أَحَدَكُمْ عِنْدَ كُلِّ شَيْءٍ مِنْ شَأْنِهِ حَتَّى يَحْضُرَهُ عِنْدَ طَعَامِهِ، فَإِذَا سَقَطَتْ مِنْ أَحَدِكُمُ اللُّقْمَةُ فَلْيُمِطْ مَا كَانَ بِهَا مِنْ أَذًى، ثُمَّ لِيَأْكُلْهَا وَلَا يَدَعْهَا لِلشَّيْطَانِ، فَإِذَا فَرَغَ فَلْيَلْعَقْ أَصَابِعَهُ، فَإِنَّهُ لَا يَدْرِي فِي أَيِّ طَعَامِهِ تَكُونُ الْبَرَكَةُ.
وَفِي رِوَايَةٍ: وَأَمَرَنَا أَنْ نَسْلُتَ الْقَصْعَةَ، وَقَالَ: فَإِنَّكُمْ لَا تَدْرُونَ فِي أَيِّ طَعَامِكُمُ الْبَرَكَةُ. رَوَاهُمَا الْخَمْسَةُ إِلَّا الْبُخَارِيَّ
 Jobir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
«Albatta, shayton sizlarning har biringizning har bir ishida hozir bo‘ladi – taomiga ham hozir bo‘ladi. Qachon birortangizdan luqma tushsa, undagi nopoklikni ketkazib, keyin esin. Uni shaytonga qoldirmasin. Forig‘ bo‘lgach, barmoqlarini yalasin. Chunki u taomining qaerida baraka bo‘lishini bilmas», dedilar».
Boshqa bir rivoyatda:
«U zot bizni tovoqni barmoqlarimiz bilan sidirib, yalashga amr qildilar va:
«Albatta, sizlar taomingizning qaerida baraka bo‘lishini bilmassiz», dedilar»
, deyilgan.
Beshovlaridan faqat Buxoriy rivoyat qilmagan.
Sharh: Bu hadisi sharifdan dinimiz taomga nisbatan qanchalar e’tiborli bo‘lganini va bizdan tejamkor bo‘lishimizni talab qilganini bilib olamiz.
Ajoyib bir hikmat. Taomning barakasi qaerda ekanligini bilib bo‘lmaydi. Uning asosiy to‘pidami, eng markazidami yoki erga tushgan biror luqma, tomchi, uvoqdami? Yoxud taomning laganga, idishga yopishib qolgan qismidami?
Shuning uchun barakadan umidvor bo‘lgan har bir inson biror tomchi yoki biror uvoq taomni isrof qilmasin. Hattoki qo‘lini va idishini ham yalab qo‘ysin. Agar shunday qilmasa, o‘z taomining barakali joyini shaytoni la’inga bergan bo‘ladi.
Ushbu hadisni o‘rganar ekanmiz, beixtiyor bugungi kundagi taom borasidagi isroflar yodimizga tushadi. Oradan fayzu barakaning ko‘tarilgani esga tushadi. O‘zimiz qilar ishni qilib qo‘yib, nimaga baraka qolmadi ekan, deb yurishimiz esga tushadi. Allohning diniga amal qilmaslik shunday bo‘ladi. Har bir narsada salbiy natijalarga olib keladi. ("Hadis va Hayot" kitobidan). Vallohu a’lam!

25 May 2022, 21:24 | Savol-javoblar | 169 | Ruhiy tarbiya
|
Boshqa savol-javoblar