Hadisdagi ikki sovuq narsa nima?

Assalamu alaykum. Abu Muso roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam : “Kim ikki sovuq namozni o‘qisa, Jannatga kiradi” deydilar. Ikki sovuq namozdan murod qaysi namozlar?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
- Va alaykum assalom! عَنْ جَرِيرٍ رَضِي اللهُ عَنْهُ قَالَ: كُنَّا مَعَ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ فَنَظَرَ إِلَى الْقَمَرِ لَيْلَةً فَقَالَ: إِنَّكُمْ سَتَرَوْنَ رَبَّكُمْ كَمَا تَرَوْنَ هَذَا الْقَمَرَ لَا تُضَامُونَ فِي رُؤْيَتِهِ، فَإِنِ اسْتَطَعْتُمْ أَلَّا تُغْلَبُوا عَلَى صَلَاةٍ قَبْلَ طُلُوعِ الشَّمْسِ وَقَبْلَ غُرُوبِهَا فَافْعَلُوا، ثُمَّ قَرَأَ - وَسَبِّحْ بِحَمْدِ رَبِّكَ قَبْلَ طُلُوعِ الشَّمْسِ وَقَبْلَ غُرُوبِهَا -. رَوَاهُ الْأَرْبَعَةُ.
وَلِلشَّيْخَيْنِ: مَنْ صَلَّى الْبَرْدَيْنِ دَخَلَ الْجَنَّةَ
 Jariyr roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam bilan birga edik. Kechasi oyga nazar soldilar-da:
«Albatta, sizlar Robbingizni mana shu oyni ko‘rgandek ko‘rursizlar. Uni ko‘rishda qiyinchilikka uchramassiz. Bas, agar quyosh chiqishi va botishidan oldin namoz o‘qishdan qolmaslikka qodir bo‘lsangiz, shuni qiling, dedilar-da, «Quyosh chiqishi va botishidan oldin Robbingga hamd ila tasbeh ayt» degan oyatni o‘qidilar».
To‘rtovlari rivoyat qilganlar.
Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyatlarida:
«Kim ikki sovuq (namoz)ni o‘qisa, jannatga kirur», deyilgan.
Sharh: Hadisi sharifdagi quyosh chiqishidan oldingi namoz – Bomdod namozi, quyosh botishidan oldingisi esa – Asr namozi deb bilmoq lozim.
Hadisi sharifdan olinadigan foydalar:
1. Oxiratda namozxon bandalar Alloh taoloning jamolini xuddi to‘lin oyni ko‘rgandek, qiynalmasdan ko‘rishlari haq ekanligi.
2. Bomdod va Asr namozlarining o‘ta ahamiyatli ekanligi.
3. Bomdod va Asr namozlariga alohida e’tibor bilan qarash lozimligi. Chunki uyqu va bosh¬qa narsalar bu ikki namozni o‘z vaqtida ado etishga monelik qilib qolishi mumkin.
4. Aytilgan gapga Qur’ondan dalil keltirish yaxshiligi.
Ushbu hadisi sharifga qattiq amal qilgan holda Bomdodga uxlab qolishning oldini olaylik. Asrni o‘tkazib yubormaslik tadbirini ko‘raylik. Ana shunda qiyomatda Alloh taoloning jamolini ko‘rishga muyassar bo‘lish uchun tinmay intilayotganlar safidan joy olgan bo‘lamiz.
«Kim ikki sovuq (namoz)ni o‘qisa, jannatga kirur».
«Ikki sovuq» namoz – Bomdod va Asr namozlaridir. Ba’zi ulamolar «Ular Bomdod va Xufton namozlaridir», deb aytadilar. Lekin bu  hadislarda Bomdod va Asr namozlariga alohida e’tibor berilishining boisi bor. Avvalo bu ikki namoz er yuziga muhofaza uchun tushib-chiqib turadigan farishtalar almashinadigan vaqtda o‘qiladi. O‘sha almashinishdan so‘ng chiqqan farishtalardan Alloh subhanahu va taolo: «Bandalarimni qay holda tark etib keldingiz?» deb so‘raydi.
Shu bois ham o‘sha vaqtlarning namozini o‘qib turgan bandalar katta fazlga ega bo‘ladilar. Shu bilan birga, Bomdod namozi shirin uyqu va dam olish paytida, Asr namozi esa odamlar maishat uchun rosa urinib turgan paytda o‘qiladi. Kim shirin uyqusi va maishatidan kechib, bu ikki namozni o‘z vaqtida o‘qishda bardavom bo‘lsa, jannatga kiradi. ("Hadis va Hayot" kitobidan). Vallohu a’lam!

25 May 2022, 21:57 | Savol-javoblar | 149 | Hadislar
|
Boshqa savol-javoblar