Xiromantiya bu folbinlikmi?

Assalomu alaykum! Muqaddas dinimizda folbinlik va oldindan ko‘rish ishlaridan qaytaradi. Folbinlar va jodugarlar jinlarga va shaytonga bo‘ysunishadi. Ular nafaqt oxiratda balki, hayotning o‘zida ham jazosini olib keyin ketishadi. Lekin yuqoridagilardan farqli ravishda xiromantiya bilan shug‘ullanadigan insonlar bor ekan. "Xiromantiya" bu isonning kaftidagi chiziqlarga qarab insonning xarakteri, qiziqishlari, boshidan o‘tkazgan kasalliklari, hozirgi holati, ya’ni inson tanasida qanday kasalliklar mavjudligi, hattoki, umri qanchaligi, necha marta oila qurishigacha va undan ham ko‘p narsalarni ayta olarkan. Faqat va faqat chiziqlarga qarab emish. Chet mamlakatlarda xiromantiya institutlari ham bor ekan. Bizdagi ko‘plab kitob do‘konlarida ham xiromantiya degan kitoblarga ko‘zim tushgan. Men buni folbinlikning bir turi desam, menga qanday qilib folbinlik bo‘ladi. Qo‘lingdagi chiziqlar hammasini aytib turibdiku. Xiromant bo‘lish uchun jinlar va shaytonlar bilan bog‘lanish kerak emas, uni kitobilarini o‘qib o‘rganish kerak, nimaga insonlarning kaftida har xil chiziqlar bor, nimaga hammaning kaftidagi chiziqlar xuddi insonning aftidagi ajinlarga o‘xshab bir xil emas deyishdi. Xiromantiyadan ba’zi bir psixologlar ham foydalanishar ekan. Bu xiromantiyaga va kaftimizdagi chiziqlarga qarab bir nimalarni aytish folbinlikmi yoki yo‘qmi? Dinimiz bundan qaytaradimi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
- Va alaykum assalom! Azaldan sehrgarlik bo‘lib kelgan. Uning turlari qanday bo‘lishidan qat’i nazar qiyomatgacha chiqadiganlarining hamma turi haromdir. Ular da’vo qilayotgan "umri qanchaligi, necha marta oila qurishi" kabilar g‘ayb ilmidir.  Har bir mast qiluvchi narsa harom bo‘lganidek, har bir g‘aybni bilishni da’vo qilish ham haromdir. عَنْ بَعْضِ أُمُّهَاتِ الْمُؤمِنِينَ رَضِيَ اللهُ عَنْهُنَّ، عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: مَنْ أَتَى عَرَّافًا فَسَأَلَهُ عَنْ شَيْءٍ لَمْ تُقْبَلْ لَهُ صَلَاةٌ أَرْبَعِينَ لَيْلَةً». رَوَاهُ مُسْلِمٌ وَأَحْمَدُ وَلَفْظُهُ: «مَنْ أَتَى عَرَّافًا أَوْ كَاهِنًا فَصَدَّقَهُ بِمَا يَقُولُ فَقَدْ كَفَرَ بِمَا أُنْزِلَ عَلَى مُحَمَّدٍ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ Mo‘minlarning onalari roziyallohu an­hunnaning ba’zilaridan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Kim arrofga borib, undan biror narsa haqida so‘rasa, uning namozi qirq kechagacha qabul bo‘lmaydi», dedilar».
Imom Muslim va Ahmad rivoyat qilishgan.
Ahmadning lafzida:
«Kim arrofga yoki kohinga borib, uning aytganini tasdiqlasa, batahqiq, Muhammad sollallohu alayhi vasallamga nozil bo‘lgan narsaga kufr keltiribdi», deyilgan.
Haqiqiy mo‘min uchun qirq kunlik emas, bir mahal namozining qabul bo‘lmay qolishi ulkan musibatdir. Bu musibat faqatgina folbinga borib, undan bir narsa haqida so‘rashning jazosidir. Uning aytganiga ishonadimi-yo‘qmi, buning farqi yo‘q. Ammo kim folbinga borib, uning aytganini tasdiqlasa, kufrga ketgan bo‘lar ekan. Bundan Allohning O‘zi asrasin. Vallohu a’lam!

25 May 2022, 22:01 | Savol-javoblar | 146 | Ta’lim va muta’allim
|
Boshqa savol-javoblar