Tarkibida hayvon suyaklari mavjud dori

Assalomu alaykum! Tarkibida hayvonlarning suyaklari mavjud dori vositalari iste’molga halolmi? Lekin qaysi hayvonlarni suyaklari qo‘shilgani bayon etilmagan?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
- Va alaykum assalom! Fatvo: 
1. Cho‘chqaning terisida sodir bo‘lgan kimyoviy o‘zgarish shar’an e’tiborga olinmaydi. Qaynatib pishirilgan to‘ng‘iz go‘shti hech kimning nazdida halol bo‘lmaganidek undan tayyorlangan jelatin ham halol bo‘lmaydi;
2. Soha mutaxassislarining tadqiqotlariga binoan cho‘chqa go‘shtida sodir bo‘lgan kimyoviy o‘zgarish hech qanday ahamiyatga ega emas va bu o‘zgarishni yangi haqiqat (modda) paydo bo‘ldi, deyilmaydi. Balki, xom terida mavjud narsa, mayda bo‘laklarga bo‘linib ketdi, deyilishi mumkin xalos. Shuning uchun cho‘chqa go‘shtidan olingan jelatinni iste’mol qilish joiz emas.
Agar jelatindan dori tayyorlangan bo‘lsa, uning hukmi “harom narsalar bilan davolanishga oid” bo‘ladi. Bu haqida hanafiy mazhabidagilar tarafidan berilgan fatvoga binoan, bundan boshqa dori topilmasa, albatta, mohir, halol va haromning farqiga boruvchi shifokorning maslahati bilan uni iste’mol qilishi mumkin. Agar dorining halol o‘rinbosari bo‘lsa, to‘ng‘izning jelatinidan yoki boshqa a’zosidan ham tayyorlangan dori joiz emas. To‘ng‘izdan boshqa go‘shti halol hayvonlardan tayyorlangan jelatinga kelsak bu ikkiga bo‘linadi. Birinchisi: o‘sha hayvonlarning terisidan tayyorlangan bo‘lib, u fuqaholarning “Har bir teri oshlash ila pok bo‘ladi” qavllariga muvofiq  bo‘ladi. Ikkinchisi: ularning suyaklaridan tayyorlangan bo‘ladi. Yuqorida aytib o‘tganimizdek har qanday teri oshlanishi bilan pok bo‘ladi. Bunga barcha ulamolar ittifoq qilganlar. Jelatin olishning barcha bosqichlarida ularning asl mohiyati xuddi tuz koniga tushgan eshak tuzga aylanib, halol bo‘lishdek darajasida emasligini o‘rgandik. Shunday bo‘lsada oshlanishi bilan pok narsaga aylanadi. Ya’ni teriga singib ketgan najosat tozalab tashlanadi. Fuqaholar: teri xoh u go‘shti eyiladigan bo‘lsin, yoki go‘shti eyilmaydigan hayvonlar bo‘lsin(to‘ng‘iz bundan mustasno) pok bo‘ladi – deganlar. Barchamizga ma’lumki, bir narsani pok bo‘lishi boshqa, pokligi bilan birga, eyish halol bo‘lishi boshqadir. Ulamolar oshlangan terilarni pokligiga ittifoq qilganlar, eyishga halol bo‘lishi to‘g‘risida ixtilof qilganlar. Imom Shofe’iy rahmatullohi alayh nazdlarida o‘limtikning(mol, qo‘y, echki, shuningdek go‘shti halol bo‘lgan hayvonlar) terisi oshlanganidan keyin ham pok, ham eyishga halol bo‘ladi – deganlar. Hanafiy ulamolaridan bo‘lgan bir rivoyatda ham “halol bo‘ladi” deganlar. Lekin bu qavl zaif bo‘lib, bunga fatvo berilgan emas. Hanafiylar qavliga ko‘ra o‘limtiklarning terisi oshlangach pok bo‘ladi. Undan kiyim yoki joynamoz qilib foydalansa bo‘ladi. U terilarni eritib yog‘ sifatida badaniga surtsa ham joiz. Og‘izga solib eyishga kelsak joiz emas. Ammo omma shunga mubtalo bo‘lib, har bir taomiga bular aralashgan bo‘lsa, imom Shofe’iy rahmatullohi alayhning qavllarini ixtiyor qilinib, hanafiylar nazdlaridagi zaif qavlni olib, og‘izga solib, iste’mol qilish joizligiga ham fatvo bersa bo‘ladi. Shuning uchun ulardan tayyorlangan jelatin ishlatilib, dorilar tayyorlangan bo‘lsa, yuqoridagi gapga binoan ite’moli joiz bo‘ladi. To‘ng‘izdan boshqa o‘limtiklarning suyaklari oshlanmasdan ham pok hisoblanadi. Chunki ularda xuddi sochlardagi kabi hayot bo‘lmaydi. Ya’ni qirqilganda og‘rimaydi. Shuning uchun o‘limtiklarning suyaklaridan tayyorlangan jelatinlar ham pok, hanafiylarning zaif qavllariga binoan ham halol hisoblanadi. Fuqaholarning nazdidagi baloi omma vaqtida zaif qavlga amal qilish mumkin. Muhammad Taqiy Usmoniy. Vallohu a’lam!

25 May 2022, 22:13 | Savol-javoblar | 171 | Tabobat
|
Boshqa savol-javoblar