Diniy kanal yurgazadigan adminlarning ba’zilarning ahvoli

Assalomu alaykum! Mening qarindosh akam telegramda bir diniy kanal yurg‘azadilar. Ular o‘z kanallaridagi axborotlar (Qur’on oyatlari, hadislar, Qiroatlar, ibratli qissalar va boshqalar) ni boshqa kanallardan o‘g‘irincha (Kanal admini ruxsatisiz ) olib go‘yoki o‘zlari yozgandek joylashtiradilar. Akamning diniy-dunyoviy ilmlari, ma’daniyatlari chiroyliroq qilib aytganda qoloq. Men ularga ko‘p marotaba aytdim axborotingizni tagiga manba qaerdan olinganligini (linkni) yozing deb. Ular quloq solmayaptilar, hattoki o‘sha axborotning haqiqiy egalari ham akamga ko‘p marotaba shunday deyishipti. Natija yo‘q. Hozirda kanalning obunachilar soni 38mingdan ziyod. Meni larzaga solayotgan narsa o‘sha obunachilar akamga “domla, qori aka” deb murojaat qilib, o‘zlarini qiynayotgan masalalarni echimini so‘rashadi. Akam esa javobini internetdan qidirib yoki o‘zlari bilganlaricha javob beradilar. Diniy ilmga ega emaslar. Na namozda qoim va na to‘g‘ri so‘z inson. Ularning Alloh taologa bo‘lgan ixloslarini so‘ndirib qo‘yishdan qo‘rqib qattiq gapirmayapman. Bunday kanalni yurg‘izish uchun dinni chuqur o‘rganing desam xop deydilar-u qilmaydilar. Eng achinarli holatlardan biri esa, ular kanallariga har-xil kanallarning reklamalarini joylashtirib pul oladilar. Qanday yo‘l tutay?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
- Va alaykum assalom! Agar gaplaringiz haqiqat bo‘lsa bundan qattiq saqlanish kerak. Nafaqat qarindosh akangiz, balki shu holatda faoliyat yurgizayotganlar Allohdan qo‘rqishsin. عَنْ عُبَيْدِ الله بْنِ أَبِي جَعْفَرَ عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: أَجْرَؤُكُمْ عَلَى الْفُتْيَا أَجْرؤُكُمْ عَلىَ النَّارِ. رَوَاهُ الدَّارِمِيُّ  Ubaydulloh ibn Abu Ja’fardan rivoyat qilinadi:
«Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: «Fatvoga jur’atli bo‘lganingiz do‘zaxga jur’atli bo‘lganingizdir», dedilar».
Dorimiy rivoyat qilgan.
Kim do‘zaxga tushishdan qo‘rqmasa, parvo qilmasdan to‘g‘ri kelgan fatvoni aytaveradi.
Ushbu ta’limotlar musulmonlarning avvalgi avlodlari tomonidan yaxshi o‘rganib chiqilgan, ularga amal qilingan va ular asosida maxsus qoidalar ishlab chiqilgan edi.
Abdurrohman ibn Abu Laylo bir masalani so‘rab bilib olish uchun bir yuz yigirmata sahobiyga murojat qilganini, ularning hammasi o‘zidan boshqadan so‘rashni tavsiya qilganlarini rivoyat qilgan.
O‘zidan ilmliroq kishining borligini bilgan olim ham o‘zi fatvo bermay mazkur bilmliroq kishidan so‘rashni maslahat berishi qoidaga kiritilgan.
Musulmonlar ushbu qoidaga qarshi chiqqanlarga nisbatan murosasiz kurash olib borganlar va shuning uchun ham, turli ixtiloflar hamda balo ofatlardan saqlanganlar.(“Din nasihatdir” kitobidan). Vallohu a’lam!

25 May 2022, 22:14 | Savol-javoblar | 141 | Mediya
|
Boshqa savol-javoblar