Iftorlik olinmi yoki shom nomozi

Assalomu alaykum! Ramazon muborak bo‘lsin aziz ustozlar. Savol takror berilgan bo‘lsa Uzur so‘rayman. Biz taraflarda ramazonda iftorlik qilishda va nomoz o‘qishda bir tortishuv bo‘ladi. Ba’zi bir joyga iftorlik yig‘iniga borsam avval og‘iz ochib bir oz tanovul qilib keyin shom o‘qiladi. Iftorlik qilishga ramazon taqvimiga ko‘p vaqt qo‘shilmidi uzog‘i bilan 5 daqiqa qo‘shiladi. Boshqa kuni boshqa joyga borsam faqat og‘iz ochilib suv yoki xurmo eb faqat og‘iz ochilib keyin nomoz o‘qilib bo‘lgach tomlanamiz. Taqvimga 10-15 daqiqa yoki nari beri vaqt qo‘shiladi. Bu ishka juda ko‘p guvox bo‘lganman. Birkun undoq bir kun bundoq. Kecha falonchining bunday bo‘lgandi uniki bunday degan ikkilanishga sabab bo‘lib qolmoqda. Odamlar domlalarni qaysi birini gapiga kirishgayam bilmisan deb qolganlar ham bo‘ladi. Qay biri to‘g‘ri?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
- Va alaykum assalom! Hadislarda iftorga shoshilish zikr qilingan. عَنْ سَهْلِ بْنِ سَعْدٍ رَضِي اللهُ عَنْهُ، عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: لَا يَزَالُ النَّاسُ بِخَيْرٍ مَا عَجَّلُوا الْفِطْرَ. رَوَاهُ الْخَمْسَةُ. وَلَفْظُ أَبِي دَاوُدَ: لَا يَزَالُ الدِّينُ ظَاهِرًا مَا عَجَّلَ النَّاسُ الْفِطْرَ، لِأَنَّ الْيَهُودَ وَالنَّصَارَى يُؤَخِّرُونَهُ. وَلِلتِّرْمِذِيِّ وَأَحْمَدَ: قَالَ اللهُ عَزَّ وَجَلَّ: أَحَبُّ عِبَادِي إِلَيَّ أَعْجَلُهُمْ فِطْرًا  Sahl ibn Sa’d roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
«Modomiki iftorni tez qilar ekanlar, kishilar xayrda bo‘lurlar», dedilar».
Beshovlari rivoyat qilganlar.
Abu Dovudning lafzida:
«Modomiki odamlar iftorni tez qilishar ekan, din ustun bo‘lur. Chunki yahudiy va nasroniylar uni kechga sururlar», deyilgan.
Termiziy va Ahmadning rivoyatlarida esa:
«Alloh azza va jalla «Men uchun bandalarimning eng mahbubi iftorni tezroq qiladiganidir», dedi», deyilgan.
Sharh: Ushbu rivoyatlarda vaqt bo‘lishi bilan darhol iftorlik qilishga targ‘ib etilmoqda va bu tufayli quyidagicha yaxshiliklar bo‘lishi va’da qilinmoqda.
1. Kishilarning xayrda bardavom bo‘lishlari.
2. Islom dinining ustun bo‘lishi.
3. Alloh taolo uchun mahbub bandalardan bo‘lish. Shuning uchun iftor vaqti kirishi bilan darhol og‘izni ochishga odatlanishimiz lozim. ("Hadis va Hayot" kitobidan). Vallohu a’lam!

25 May 2022, 22:17 | Savol-javoblar | 152 | Ibodatlar
|
Boshqa savol-javoblar