Multimediya

Assalomu alaykum! Hurmatli ustozlar, ishim yuzasidan multimediyalar yarataman. Bu asosan reklama maqsadida bo‘ladi va aksariyat xollarda jonli narsalarning animatsiyalarini yaritish zarurati tug‘iladi. Bu ishga, ya’ni jonli narsalarning animatsiyalarini yaratishga dinimiz qanday qaraydi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Rasululloh sollallohu alayhi vasallam “qiyomatga yaqin munkar ishlar ma’ruf, ma’ruf ishlar munkar sanalib qoladi” deganlar. Ba’zilarga aroqni Qur’onda harom qilinganini aytilsa, qonunda ruxsat berilganini aytishmoqda. Ba’zi bir ishlarda “qo‘lni qaytarsak beodoblik bo‘ladi” deyuvchilar ham bor. Kimlardir shariat harom qilgan ishlarni o‘ziga odat qilib, o‘zini “hojatbaror” deb olganlar ham bor. Ko‘pchilikning mezoni “hamma qilyaptiku” degan narsa ham bo‘lib qolgan. Bir kuni Rasululloh sollallohu alayhi vasallam yig‘ladilar. Buni ko‘rgan sahobalar: “Sizni nima yig‘latdi, ey Allohning Rasuli?” deb so‘rashdi. U zot: “Birordarlarimni sog‘indim” dedilar. Bu gapni eshitgan sahobalar: “Ey Allohning Rasuli, biz sizning birodarlaringiz emasmizmi?” deya hayron bo‘lishdi. Shunda Nabiy alayhissalom: “Yo‘q. Sizlar sahobalarimsizlar. Birodarlarim esa, mendan keyin kelib, meni ko‘rmay, menga iymon keltirgan kishilardir” deb javob berdilar. Ushbu mujdaga sazovar bo‘lishimiz uchun shariatga amal qilishga harakat qilishmiz kerak. عَنْ مُسْلِمٍ قَالَ: كُنَّا مَعَ مَسْرُوقٍ فِي دَارِ يَسَارِ بْنِ نُمَيْرٍ، فَرَأَى فِي صُفَّتِهِ تَمَاثِيلَ فَقَالَ: سَمِعْتُ عَبْدَ اللهِ قَالَ: سَمِعْتُ النَّبِيَّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ يَقُولُ: إِنَّ أَشَدَّ النَّاسِ عَذَابًا عِنْدَ اللهِ يَوْمَ الْقِيَامَةِ الْمُصَوِّرُونَ    Muslimdan rivoyat qilinadi: «Masruq bilan birga Yasor ibn Numayrning uyida edik. (Masruq Yasorning) bostirmasidagi suratlarni ko‘rib, dedi: «Abdullohning shunday deganini eshitdim: «Nabiy sollallohu alayhi vasallamning «Qiyomat kuni Allohning huzurida eng qattiq azobda bo‘ladigan odamlar musavvirlardir», deyayotganlarini eshitganman». عَنْ عُبَيْدِ اللهِ، عَنْ نَافِعٍ: أَنَّ عَبْدَ اللهِ بْنَ عُمَرَ رَضِيَ اللهُ عَنْهُمَا أَخْبَرَهُ، أَنَّ رَسُولَ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: «إِنَّ الَّذِينَ يَصْنَعُونَ هَذِهِ الصُّوَرَ يُعَذَّبُونَ يَوْمَ الْقِيَامَةِ يُقَالُ لَهُمْ أَحْيُوا مَا خَلَقْتُمْ Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhumo xabar qiladi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Bu haykallarni yasaydiganlar qiyomat kuni azoblanadilar. Ularga: «Yaratgan narsalaringizga jon kiriting!» deyiladi», dedilar». 90 - بَابُ نَقْضِ الصُّوَرِ 90-BOB. SURATLARNI BUZISh HAQIDA  Izoh: «Suratni buzish» deganda jonzotning suratidan uning boshi yoki boshqa muhim a’zosini yo‘qotish yoki boshqa biror o‘zgarish orqali uning tiriklik ko‘rinishini yo‘q qilish tushuniladi. Jonzotning surati bor narsani tashlab yubormay, undagi suratni buzib, so‘ng foydalanish mumkin. حَدَّثَنَا مُعَاذُ بْنُ فَضَالَةَ، حَدَّثَنَا هِشَامٌ، عَنْ يَحْيَى، عَنْ عِمْرَانَ بْنِ حِطَّانَ، أَنَّ عَائِشَةَ رَضِي اللهُ عَنْها حَدَّثَتْهُ: أَنَّ النَّبِيَّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ لَمْ يَكُنْ يَتْرُكُ فِي بَيْتِهِ شَيْئًا فِيهِ تَصَالِيبُ إِلَّا نَقَضَه Oisha roziyallohu anho shunday so‘zlab berdi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam uylarida xochsimon suratlarning birortasini qo‘ymay buzib tashlardilar». حَدَّثَنَا مُوسَى، حَدَّثَنَا عَبْدُ الْوَاحِدِ، حَدَّثَنَا عُمَارَةُ، حَدَّثَنَا أَبُو زُرْعَةَ قَالَ: دَخَلْتُ مَعَ أَبِي هُرَيْرَةَ دَارًا بِالْمَدِينَةِ، فَرَأَى أَعْلَاهَا مُصَوِّرًا يُصَوِّرُ، قَالَ: سَمِعْتُ رَسُولَ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ يَقُولُ: «وَمَنْ أَظْلَمُ مِمَّنْ ذَهَبَ يَخْلُقُ كَخَلْقِي، فَلْيَخْلُقُوا حَبَّةً، وَلْيَخْلُقُوا ذَرَّةً». ثُمَّ دَعَا بِتَوْرٍ مِنْ مَاءٍ، فَغَسَلَ يَدَيْهِ حَتَّى بَلَغَ إِبْطَهُ، فَقُلْتُ: يَا أَبَا هُرَيْرَةَ، أَشَيْءٌ سَمِعْتَهُ مِنْ رَسُولِ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ؟ قَالَ: مُنْتَهَى الْحِلْيَةِ Abu Zur’a shunday so‘zlab berdi: «Abu Hurayra bilan birga Madinadagi bir hovliga kirdim. Uning tepasida bir musavvirning surat ishlayotganini ko‘rib, shunday dedi: «Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning «(Alloh shunday deydi:) «Men yaratgan narsaga o‘xshash narsa yaratishga uringandan ham zolimroq kimsa bormi?! Qani, bir dona bug‘doy yaratib ko‘rsinlar-chi! Qani, birorta qumursqa yaratib ko‘rsinlar-chi!» deyayotganlarini eshitganman». Keyin bir tavrda* suv opkeltirib, qo‘llarini qo‘ltiqlarigacha etkazib yuvdi. Men: «Ey Abu Hurayra, buni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan eshitganmisiz?» dedim. U: «(Bu) ziynatning cho‘qqisi», dedi». * Tavr – tosh yoki misdan yasalgan, suyuqliklar uchun mo‘ljallangan, ichi chuqur idish, tog‘oracha. Izoh: Imom Muslim Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qiladi: «Xalilim sollallohu alayhi vasallamning «(Oxiratda) mo‘minning bezagi tahorat suvi etadigan joygacha etadi», deyayotganlarini eshitganman». «Sahihul Buxoriy»da 136 raqam ostida kelgan hadisda esa: «Sizlardan kim o‘z nurini uzaytira olsa, shunday qilsin», deyiladi. Abu Hurayra roziyallohu anhu o‘zi rivoyat qilgan ushbu hadislardan xulosa qilib, tahoratda qo‘lni qo‘ltiqqacha yuvishni yaxshi sanagan. «Bu ziynatning cho‘qqisidir», deganda shuni nazarda tutgan. Bu u kishining ijtihodidir, ammo jumhur ulamolar nazdida qo‘l tirsakkacha yuviladi. (“Oltin silsila” kitobidan Sahihul Buxoriy). Vallohu a’lam!

27 Aprel 2022, 23:54 | Savol-javoblar | 165 | Mediya
|
Boshqa savol-javoblar