Odam vafot qilgan xonadagi ovqatlarni tashlab borish

Assalomu alaykum! Mahallamizda bir inson vafot etgan edilar (Alloh rahmat qilsin). Undan so‘ng Mavlud qilishga jazm etib bir otinoyi chaqirishdi. Otinoyi Mavlud qilayotgan vaqtda jonlari uzildi (Alloh rahmat qilsin). Bu hodisa dasturxon atrofida sodir bo‘ldi. Mahallamizning otinoyisi esa dasturxon atrofidagi barcha nozu-ne’matlarni tashlab yuborish kerak depti. Mavlud qilayotgan oila esa dindan u qadar xabari bo‘lmaganligi uchun 3 stol taomni tashlab yuborishipti. Axir shuncha taomga nechta oilani qorni to‘yadi. Umuman olib qaraganda Mavlud qilgan oila ham nochor oila. Bu ish “noto‘g‘ri bo‘lgan” desak otinoyi “yo‘q to‘g‘ri” deyapti. Shunga izoh bersangiz.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
- Va alaykum assalom! Otinoyi o‘shancha taomni isrof qilish degan harom amalning gunohini zimmasiga yuklab olibdi. Tashlashdan oldin so‘raganingizda javobini aytib berar edik. Din sohasi ular uchun tarixchiga fizika darsi begona kabi diniy ilmlar mutlaqo bexabarlar. Ayni o‘shalar uchun quyidagi hadis aytilgan. عَنْ عُبَيْدِ الله بْنِ أَبِي جَعْفَرَ عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: أَجْرَؤُكُمْ عَلَى الْفُتْيَا أَجْرؤُكُمْ عَلىَ النَّارِ. رَوَاهُ الدَّارِمِيُّ  Ubaydulloh ibn Abu Ja’fardan rivoyat qilinadi:
«Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: «Fatvoga jur’atli bo‘lganingiz do‘zaxga jur’atli bo‘lganingizdir», dedilar».
Dorimiy rivoyat qilgan.
Kim do‘zaxga tushishdan qo‘rqmasa, parvo qilmasdan to‘g‘ri kelgan fatvoni aytaveradi.
Ushbu ta’limotlar musulmonlarning avvalgi avlodlari tomonidan yaxshi o‘rganib chiqilgan, ularga amal qilingan va ular asosida maxsus qoidalar ishlab chiqilgan edi.
Abdurrohman ibn Abu Laylo bir masalani so‘rab bilib olish uchun bir yuz yigirmata sahobiyga murojat qilganini, ularning hammasi o‘zidan boshqadan so‘rashni tavsiya qilganlarini rivoyat qilgan.
O‘zidan ilmliroq kishining borligini bilgan olim ham o‘zi fatvo bermay mazkur bilmliroq kishidan so‘rashni maslahat berishi qoidaga kiritilgan.
Musulmonlar ushbu qoidaga qarshi chiqqanlarga nisbatan murosasiz kurash olib borganlar va shuning uchun ham, turli ixtiloflar hamda balo ofatlardan saqlanganlar.(“Din nasihatdir” kitobidan). Vallohu a’lam!

25 May 2022, 23:04 | Savol-javoblar | 146 | Turli savollar
|
Boshqa savol-javoblar