O‘lim har lahzada kelishi haqida hadis

Assalomu alaykum! Rosululloh sollallohu alayhi vasallam bir chiziq chizib “Bu insoning umri” va shu chiziqning o‘rtasidan kesib “Bu o‘lim” deb aytgan hadislari bormi? Ya’ni o‘lim har lahzada kelishi mumkinligi to‘g‘risida. Shu xadis sahih bo‘lsa sharxini aytsangizlar iltimos.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
- Va alaykum assalom! Hadis sahih. عَنْ عَبْدِ اللهِ رَضِي اللهُ عَنْهُ قَالَ: خَطَّ النَّبِيُّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ خَطًّا مُرَبَّعًا، وَخَطَّ خَطًّا فِي الْوَسَطِ خَارِجًا مِنْهُ، وَخَطَّ خُطُطًا صِغَارًا إِلَى هَذَا الَّذِي فِي الْوَسَطِ مِنْ جَانِبِهِ الَّذِي فِي الْوَسَطِ، وَقَالَ: هَذَا الْإِنْسَانُ وَهَذَا أَجَلُهُ مُحِيطٌ بِهِ أَوْ قَدْ أَحَاطَ بِهِ، وَهَذَا الَّذِي هُوَ خَارِجٌ أَمَلُهُ، وَهَذِهِ الْخُطُطُ الصِّغَارُ الْأَعْرَاضُ، فَإِنْ أَخْطَأَهُ هَذَا نَهَشَهُ هَذَا، وَإِنْ أَخْطَأَهُ هَذَا نَهَشَهُ هَذَا. رَوَاهُ الْبُخَارِيُّ وَالتِّرْمِذِيُّ  Abdulloh roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam to‘rtburchak chiziq chizdilar. Keyin o‘rtasidan undan chiqqan bir chiziq chizdilar. O‘sha o‘rtadagi chiziqqa qaratib uning chetidan kichkina chiziqlar chizdilar. So‘ngra: «Mana bu inson. Bu esa uning ajali. Uni o‘rab turibdi yoki uni o‘rab olgan. Mana bu chiqib turgan uning umidi. Mana bu kichik chiziqlar ofatlar. Agar unisidan o‘tib ketsa, bunisi chaqadi. Agar bunisidan o‘tib ketsa, unisi chaqadi», dedilar».
Buxoriy va Termiziy rivoyat qilganlar.
Sharh: Demak, kimning orzu-umidi cheksiz bo‘lsa, uni chaqadigan ofatlar ham ko‘p bo‘ladi. عَنْ أَنَسٍ رَضِي اللهُ عَنْهُ، عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: هَذَا ابْنُ آدَمَ وَهَذَا أَجَلُهُ، وَوَضَعَ يَدَهُ عِنْدَ قَفَاهُ ثُمَّ بَسَطَهَا فَقَالَ: وَثَمَّ أَمَلُهُ وَثَمَّ أَمَلُهُ وَثَمَّ أَمَلُهُ  Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
«Bu odam bolasi. Bu esa uning ajali», dedilar va qo‘llarini ensalariga qo‘ydilar, so‘ng yozdilar hamda «Qolgani umidi, qolgani umidi, qolgani umidi», dedilar».
Sharh: 
Payg‘ambar alayhissalom bu bilan odam bolasining ajali bo‘ynida tursa ham, hech qachon umidini uzmasligiga ishora qildilar. ("Hadis va Hayot" kitobidan). Vallohu a’lam!

25 May 2022, 23:04 | Savol-javoblar | 152 | Hadislar
|
Boshqa savol-javoblar