Tarbiya haqidagi hadis

Assalomu alaykum! Farzandga falon yoshgacha podshoxlardek, falon yoshgacha quldek muomalada bo‘lish va undan uyog‘iga do‘st bo‘lish xaqida xadis bormi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
- Va alaykum assalom! Bu narsa bir nechta hadisning xulosasi sifatida aytilgan. Shariat ayollar zimmasiga hatto o‘z erini taomini pishirishni ham vojib qilgan emas. Qaynona, qaynota, erning aka-uka va singillarining xizmati u yoqda tursin. Alloh taolo ayol kishiga farzand tarbiyasini vojib qilgan va buni uddasidan chiqishi uchun unga bolaga mehr, sabr va ta’lim berish iste’dodini bergan. Bu ayol zimmasiga yuklatilgan eng mas’uliyatli va eng sharafli ishdir. Azaldan onalarimiz bu ishni a’lo darajada uddasidan chiqishgan va evaziga beriladigan sharafga ham erishishgan. O‘z onalaridan kri yuvish, ovqat qilishni o‘rganganlaridek bola tarbiya qilishni ham o‘rganganlar. Farzi ayn darajasidagi namoz ilmini, Qur’on yodlatishni ro‘za, aqoid ilmlarini farzandlarga onalar ta’lim berishgan. Hakim at-Termiziy “Balog‘at yoshiga etgunimcha etmishta mufassira, mahaddisa, faqiha ayollarda ilm olganman” deganlar. Hozirgi kunda esa tarbiya beruvchi ayollar o‘zlari tarbiyaga muhtoj. Chunki ular o‘sha davrlardagi cho‘rilar maqomiga tushirib qo‘yilgan. Qilishlari shart bo‘lgan eng zarur ish xizmatkorlik bo‘lib qoldi. Bir yosh qizaloq yangi xonadonga kelin bo‘lib tushsa sahardan qaynona, qaynota buyurishni boshlaydi. Kunduzi bilan erni aka-uka, opa-singillariga xizmatkor bo‘ladi. Er ishdan kelgach erning xizmatida bo‘ladi. Qilingan xizmatlar a’lo darajada bo‘lsa ham eshitgan so‘zi qo‘yilgan kamchilikka qilingan dakki bo‘ladi. Robbisining ne’matiga shukur qilmagan insonlardan kelinni xizmatiga tashakkur aytishni kutish muholga yaqin narsa. Har biridan ma’naviy zulm ko‘radi, bosim ostida hayot kechiradi, atrof muhitni zarbalariga yarasha javob qila oladigan ma’rifat taraqqiyot o‘rniga ota-onasining uyida yodlagan Qur’oni ham o‘qigan ilmi ham esidan chiqadi. Natijada xizmatkor onanig tarbiyasidan juda borsa bir xizmatkor chiqadi. Vallohu a’lam!

25 May 2022, 23:32 | Savol-javoblar | 161 | Hadislar
|
Boshqa savol-javoblar