Silai rahm odobi

Assalomu alaykum! Qarindoshlarga silai rahm qilish naqadar ulug‘ savobligini Qur’oni Karim va hadislar orqali bilib olganmiz. Lekin shunday qarindoshlar borki, ular bilan qanday muomala qilishni bilmay qolamiz. Dadamni ukalari bor, bizni uydagilarga na salom na alik oladi, yaxshi yomon kunlarimizda biz bilan bo‘lmaydi, lekin oyim ham, dadam ham ularni holidan xabar olishadi. Silai rahmni chegarasi qaerda, mana shu yil deyarli bir-birimiznikiga kirib chiqmaymiz, men borib turardim lekin ular kelmay qo‘yganiga men ham bormay qo‘ydim. Lekin yaxshi-yomon kunida o‘taman faqat avvalgiday serqatnovmasman. Shunga shu qatnovni kamaytirganim uchun Allohning nazaridan qolishdan qo‘rqaman. Ota-onamni hurmat qilmagan insonlarnikiga tez-tez borishim yoki bormasligim haqida biror fikr bildiring iltimos!
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
- Va alaykum assalom! Siz bordi-keldini qilavering. وَلِلْبُخَارِيِّ وَأَبِي دَاوُدَ وَالتِّرْمِذِيَّ: لَيْسَ الْوَاصِلُ بِالْمُكَافِئِ وَلَكِنِ الْوَاصِلُ الَّذِي إِذَا قُطِعَتْ رَحِمُهُ وَصَلَهَا  Buxoriy, Abu Dovud va Termiziylarning rivoyatida:
«Silai rahm qiluvchi berganga yarasha qaytargan emas. Balki silai rahm qiluvchi – o‘zining silai rahmi kesilganda uni bog‘lagandir», dedilar».
Sharh: 
«Falonchi menga yaxshilik qilgan edi, men ham unga yaxshiligini qaytarib qo‘yishim kerak» degan ma’noda ish qilgan odam silai rahm qiluvchi hisoblanmas ekan. Haqiqiy silai rahm qiluvchi qarindoshlik aloqasini uzib qo‘yganga yaxshilik qiluvchi shaxs ekan.
Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam bu haqda o‘zlarining boshqa bir hadisi shariflarida:
«Uch narsa Allohning nazdida karamli axloqdandir: senga zulm qilganni avf qilmog‘ing, seni mahrum qilganga ato bermog‘ing va sen bilan aloqani uzgan bilan aloqa bog‘lamog‘ing», deganlar.
Bas, biz bilan aloqani uzgan qarindoshlar bilan aloqani yaxshilashga harakat qilaylik.  ("Hadis va Hayot" kitobidan).  Vallohu a’lam!

25 May 2022, 23:48 | Savol-javoblar | 145 | Oila va turmush
|
Boshqa savol-javoblar