Tovar oldi-sotdi to‘g‘risida

Assalomu alaykum! Men Rossiya davlatidan A4 formatda qog‘oz (list) olib kelib sotaman. Qog‘ozlar korobkada qadoqlangan holatda keladi. Bir korobka ichida 5ta pachka bo‘ladi va pachka ham qadoqlangan bo‘ladi. Soni va sifati qanaqaligi aniq bo‘ladi. Molni qo‘li bilan ushlamasdan sotish joiz emas degan qoidaga amal qilaman. Ayrim hollarda yuk meni omborimga tushmasidan oldin kelayotgan qog‘ozni hammasini oladigan xaridorlar chiqmoqda va tovarni to‘g‘ri ularni omboriga tushirishimni so‘rashmoqda. Kuni kecha bir fura qog‘ozni o‘z omborimga tushirdim va ertasi kuni hammasini xaridorga qayta yuklab jo‘natdim. Doim shunday yo‘l tutaymi yoki omborimga tushirmasdan sotish mumkin bo‘lgan holatlar ham bormi? Tovar omborimizga etib kelganda ko‘zdan kechirib, sanab, lekin tushirmasdan turib xaridorga jo‘natsak ham bo‘ladimi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Tovarni shaxsan o‘zingiz yoki vakilingiz (misol uchun haydovchingiz) qo‘liga ushlamay turib uni sotib yuborishingiz joiz emas. Shunga qat’iy amal qiling. Bundan siz aynan omboringizga tushurishni shart deb tushunmang. Yuqorida aytilganidek o‘zingiz yoki vakilingiz sotuvchidan molni qabul qilib olib, unga bo‘lgan javobgarlikni o‘zingizga o‘tkazib olib, so‘ngra to‘g‘ri yangi mijozingizni omboriga olib borishingiz mumkin. Donalab sotiladigan molni sotishdan avval sanash-o‘lchash shart emas. O‘lchash kilolab (vaznga ko‘ra) yoki litrlab (hajmga ko‘ra) sotiladigan narsalarda shart qilingan. Vallohu a’lam!

13 Yanvar 2024, 12:58 | Savol-javoblar | 0 | Moliya va tijorat
|
Boshqa savol-javoblar