Ishxonadagi ayollar

Assalomu alaykum! O‘ntacha yigit ishxonada yotib ishlaymiz. Bir nechta qizlar va ajrashgan yosh ayollar ham yolg‘iz o‘zlari shu erda yotib ishlaydi. Bu holat qay darajada to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri. (Bir necha marotaba zino ishlari ham bo‘lgan. Bu erda yomon ishdan qaytaradigan biror kishi yo‘q.) Qandaydir yo‘llari bo‘lib bu holat to‘g‘ri bo‘lsa mayli. Lekin, noto‘g‘ri bo‘lsa nimadir deyishimiz kerakmi? Bir marta bo‘lsa ham. (Savol tugadi). Biz yuziga aytolmasligimiz mumkin. Telegrammda chiqsa o‘qib berardik. Noo‘rin bo‘lsa uzr. Sizlarga rahmat. Allohga shukr ishxonamizda ba’zi kishilar besh vaqt namoz o‘qiydi, yangi keldi. Bu savolni berishimga sabab o‘shalar. Birgalikda hammaga o‘qib beramiz.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
- Va alaykum assalom! Alloh taolo “Isro” surasida marhamat qiladi:  وَلاَ تَقْرَبُواْ الزِّنَى إِنَّهُ كَانَ فَاحِشَةً وَسَاء سَبِيلاً۝ 32. Va zinoga yaqinlashmanglar. Albatta, u fahsh ish va yomon yo‘ldir.
Oyatda «zino qilmanglar», emas, balki
«zinoga yaqinlashmanglar», deyilmoqda. Bu esa «zino qilmanglar», degandan ko‘ra qattiqroqdir. Mo‘min-musulmon odam zino qilish tugul, uning yaqiniga ham yo‘lamasligi kerak. Zinoga olib boruvchi narsalardan ham uzoqda bo‘lishi lozim. Chunki
«Albatta, u fahsh ish va yomon yo‘ldir».
Alloh taolo mo‘min-musulmonlarni barcha fahsh ishlar va yomon yo‘llardan qaytargan. Endi esa ham fahsh ish, ham yomon yo‘l bo‘lgan zinodan qaytarmoqda. Mo‘min-musulmonlar bu ishning naqadar xatarli ekanini tushunib etmoqlari va undan qaytmoqlari lozim.
Ulamolarimiz zinodan qaytarish haqidagi ushbu oyatning undan oldingi farzandlarni o‘ldirmaslik haqidagi oyatdan keyin va nohaq odam o‘ldirishdan qaytargan oyatdan oldin kelishi bejiz emas, degan fikrni olg‘a surganlar. Chunki zino – halol-pok yo‘l bilan sarflansa, farzandlar paydo bo‘ladigan moddani behuda, harom yo‘lda sarf qilishdan iboratdir. Zinokor iloji boricha ushbu harom aloqa tufayli bola bo‘lib qolmasligiga urinadi. Mabodo bola bo‘lib qolsa ham, uni tug‘ilishidan oldin yoki keyin o‘ldiradi. Agar zinodan bo‘lgan bola hayotga kelsa ham, haromdan bo‘lgani uchun jamiyatda tirik o‘lik bo‘lib yuradi.
Shu bilan birga, zino jamiyatga ham katta zararlar keltiradi, bora-bora uni halok qilishi mumkin. Qadimdan zinoga mubtalo bo‘lgan jamiyat va davlatlar halokatga uchrab kelgan. ("Tafsiri Hilol" kitobidan). Vallohu a’lam!

25 May 2022, 23:50 | Savol-javoblar | 146 | Ayollarga oid masalalar
|
Boshqa savol-javoblar