Qur’on tilovatini bag‘ishlash xakida

Assalomu alaykum! Hurmatli ustozlar, bir birodarim menga o‘tganlar ruxiga Qur’on o‘qib savobini baxshida qilib bo‘lmaydi dedi. Qur’onni Alloh faqat tiriklar o‘qib amal qilishlari uchun tushirgan deydi. Shu gap to‘g‘rimi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
- Va alaykum assalom! عَنْ مَعْقِلِ بْنِ يَسَارٍ رَضِي اللهُ عَنْهُ، عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ   قَالَ: اقْرَأُوا ﭬ  عَلَى مَوْتَاكُمْ. رَوَاهُ أَبُو دَاوُدَ وَالنَّسَائِيُّ وَأَحْمَدُ وَابْنُ حِبَّانَ وَصَحَّحَهُ Ma’qil ibn Yasar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
«O‘liklaringizga «Yasin»ni qiroat qiling», dedilar».
Abu Dovud, Nasaiy, Ahmad va Ibn Hibbon rivoyat qilganlar. Ibn Hibbon sahih, degan.
Sharh: Ulamolarimiz ushbu hadisi sharifni tushunishda uch xil ijtihod qilganlar.
Ularning ba’zilari «Hadisdagi «o‘liklaringizga» degan so‘zdan murod «o‘lim to‘shagida yotganlaringizga» deganidir. Shuning uchun muhtazar kishiga Yasin surasini o‘qish kerak. Bu surada qayta tirilish, qiyomat, jannat va do‘zax, shaytonning fitnasidan ehtiyot bo‘lish kabi masalalar zikr qilinganligi uchun aynan shu surani o‘qishga amr qilingan», deydilar. Bu ijtihodni qilgan guruhdagi ulamolarning mashhurlari Imom Molik va Imom Shofe’iydirlar.
Ikkinchi toifa ulamolar Imom Ahmad ibn Hanbal, Hanafiylar (ba’zi Molikiy va Shofe’iylar ham) bo‘lib, ular «Qiroat o‘liklar uchungina qilinadi», deganlar va o‘z gaplariga ushbu hadisni va Islom ummatining amalini hujjat qilib keltirganlar. Shu bilan birga, o‘z nuqtai nazarlarini quyidagicha sharhlaganlar:
1. Hadisda «o‘liklaringizga» deyilgan, «o‘lim to‘shagida yotganlaringizga», deyilgan emas. «O‘lik» so‘zi haqiqatda o‘lib bo‘lgan shaxsga nisbatan ishlatiladigan lafzdir. Bu so‘zni o‘lim to‘shagida yotgan kishiga nisbatan ishlatish uchun qo‘shimcha dalil yoki ishora kerak. Bu erda u narsa yo‘q.
Imom Shavkoniy:
«Al-Muhib at-Tabariy: «Mazkur hadisga umumiy jihatdan amal qilish haqdir. Buni Dora Qutniy keltirgan quyidagi hadis ham qo‘llaydi: «Kim qabristonga kirib, «Qul huvallohu ahad»ni o‘n bir marta o‘qib, savobini o‘liklarga bag‘ishlasa, unga o‘liklar adadicha ajr beriladi», deydi», degan».
2. Qiroatning hikmatlaridan biri engillik keltirishdir. Bu narsa muhtazarga matlub bo‘lganidek, mayyitga ham matlubdir.
«Musnadul Firdavs»da: «Qaysi bir o‘lik o‘lganidan keyin uning oldida «Yasin» qiroat qilinsa, albatta, Alloh unga engillik beradi», deyilgan.
Imom Ahmad: «Mashoyixlar: «Mayyit uchun «Yasin» qiroat qilinsa, unga engillik beriladi», der ekanlar», degan.
3. Janoza namozida Fotiha surasi o‘qilishiga qiyos qilinadi.
4. Hadislarda qabrlarni ziyorat qilishda o‘liklarga salom berish talab qilingan. Agar mayyit basharning kalomi bo‘lmish salomdan bahra olar ekan, nima uchun Allohning kalomidan bahra olmasligi kerak?!
5. Qur’on qiroat qilingan joyda sakiyna va rahmat nozil bo‘lishi ma’lum va mashhur. Nima uchun mayyit bor joyga sakiyna va rahmat nozil bo‘lmas ekan?!
6. Hadisi sharifda rivoyat qilinganki, safarga chiqqan bir odam bilmasdan qabr ustiga kapa tikib oladi. Keyin qabr ichidagi inson Taborak surasini oxirigacha qiroat qilganini eshitadi va bu Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamga zikr qilinganida u zot:
«U («Mulk» surasi) man qiluvchidir. U najot beruvchidir. Unga qabr azobidan najot beradi», deganlar.
O‘likning qabr ichida turib, Qur’on qiroat qilgani sobit bo‘lganidan keyin tiriklar qabr ustida turib, qiroat qilishlarini nima uchun man qilish kerak?!
Ma’lumki, shariat bo‘yicha biror ishni qilishga ham, qilmaslikka ham dalil-hujjat bo‘lishi kerak. O‘likka qiroat qilishni man qiladigan hech qanday dalil yo‘q.
Ushbu toifa ulamolar «Bu gaplar Qur’on qiroat qilib, savobini bag‘ishlamaganda aytiladigan gaplardir. Agar savobi bag‘ishlanadigan bo‘lsa, bu gaplarga ham o‘rin qolmaydi, chunki bunda duo ma’nosiga aylanadi. Mayyit duodan manfaat olishini esa hech kim inkor qila olmaydi», deydilar. ("Hadis va Hayot" kitobidan). Vallohu a’lam!

26 May 2022, 00:03 | Savol-javoblar | 157 | Turli savollar
|
Boshqa savol-javoblar