Vafot etgan dadam uchun nima qilsam bo‘ladi?

Assalomu alaykum! Yaqinda dadam vafot etdilar, dadam namoz o‘qimas edilar. Namozlarimni savobini dadamga bag‘ishlab o‘qisam bo‘ladimi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
- Va alaykum assalom! Yaxshi amallarni Alloh uchun qilib, savobini bag‘ishlash joiz. Yana "Kifoya" kitobida quyidagicha keladi. Hayotlik vaqtida imo bilan ham namoz o‘qishdan ojiz bo‘lgan odam kafforot berishni vasiyat qilishi lozim emas.Shuningdek, safar yoki xastalik tufayli ro‘za tuta olmagan odam tuzalmasdan yoki safardan qaytmasdan o‘lib qolsa ham, fidya berishni vasiyat qilishi shart emas. Ammo mazkur vasiyatni qilish mustahabdir.Kim uzrsiz, hatto imo bilan o‘qishga qodir bo‘la turib, namozni qasddan qoldirgan bo‘lsa, kafforot berishni vasiyat qilishi lozimdir. Ramazonda uzrsiz ro‘za tutmagan odam ham shunga o‘xshashdir.Ularning fidyasi va kafforoti qoldirgan merosining uchdan biridan beriladi. O‘lganning valiysi fidyani o‘z hisobidan bersa bo‘ladi.Fidya va kafforotning miqdori bir vaqt namoz uchun yarim so’ bug‘doy (1087,5 gr) yoki uning qiymati. Bir kunlik ro‘za uchun ham shuncha bo‘ladi.Kishi o‘zi hayotlik chog‘ida o‘qimagan namozining kafforotini to‘lashi mumkin emas. Ammo ro‘zanikini, uning qazosini bajarishga ko‘zi etmasa, beradi.Merosxo‘rlar o‘lgan shaxsning qazo namozlarini o‘qib qo‘yishi mumkin emas. Chunki namoz shaxsiy badaniy ibodatdir. Vallohu a’lam!

26 May 2022, 00:07 | Savol-javoblar | 142 | Turli savollar
|
Boshqa savol-javoblar