Usta ko‘rmagan shogirdlar haqida

Assalomu alaykum! Hurmatli ustozlar, biz oddiy ustalarmiz, lekin ustoz ko‘rib duo olmaganmiz. Qilgan ishlarimiz mijozlarga ma’qul bo‘lyapti. Bizning ustozimiz xam bo‘lmagan, biz ustaman deb mijozlarni aldagan bo‘lmaymizmi? Bizni topgan pullarimiz hukmi qanday?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
- Va alaykum assalom! Azalda har bir xunar egasi shogird olishda zimmasiga ulkan yukni ham olar edi. Shogirdlariga avvalo Alloh taoloni tanitar, namoz, ro‘za ibodatlarini o‘rgatar, qiladigan xunarining halol va haromlarini o‘rgatar va xulqi bilan ham qattiq shug‘ullanar edi. O‘zi tushunmagan joylarini ulamolardan so‘rar va xunarining ikir-chikirigacha halol-haromini o‘rganib shogirdlariga ham o‘rgatar edi. Buning uchun biroz muddat ham ketar edi. Shogird xunar o‘rganish bilan birga xulqi, ibodati va kasbining fiqhini ham to‘liq o‘rganar edi. Shundagina ustoz ulamolarni chaqirib imtixon qildirar va barchaning huzurida baraka tilab o‘zi ham duo qilar, ulamolarga ham duo qildirar edi va umr bo‘yi shogirdlarini ruhiy tarbisi bilan ham shug‘ullanishar edi. Ulardan sodir bo‘ladigan xatolarni o‘z farzandidan sodir bo‘lgan xatodek or deb qabul qilishar edi. Shu marosimni fotiha olish marosimi deb nomlanar edi. Bu jamiyatni tanazzuldan saqlash uchun tuzilgan eng go‘zal nizom edi. Xunarmandlar ham valiyulloh darajasida bo‘lishar edi. Hozirgi kunda esa bu nizom yo‘qoldi, natijada yolg‘onchi, birovni haqqidan qo‘rqmaydigan, o‘g‘ri, ibodatsiz, badxulq, topish-tutishida barakasi yo‘q xunarmandlar ko‘paydi. Ustozlar ham ibodatsiz, shogirdlar ham ibodatsiz, shogird ustozidan, ustoz shogirdidan yulib qolish va foydalanib qolish dardida. Kasbingizni fiqhini o‘rganing. Halol ish qilsangiz topganingiz ham halol bo‘ladi. Vallohu a’lam!

26 May 2022, 00:51 | Savol-javoblar | 139 | Halol va harom
|
Boshqa savol-javoblar