Bankdan ma’lumotnoma olish uchun qarz berish

Assalomu alaykum! Ustozlar, Janubiy Koreyaga o‘qish uchun kelgan talabalar ma’lum bir vaqt o‘tganidan so‘ng o‘qiyotgan instituti hamda viza muddatini uzaytirish (immigratsiya) uchun hisob raqamida ma’lum miqdorda mablag‘ bor degan ma’lumotnomani bankdan olishlari kerak. O‘zlarini o‘sha miqdordagi pul mablag‘lari yo‘q boshqa odamdan o‘sha miqdordagi pulni olib hisob raqamiga 1 yoki 2 kunga qo‘yib turadi keyin bankdan ma’lumotnoma olgandan so‘ng pulni ustiga kelishilgan mablag‘ni qo‘shib pulni egasiga o‘tkazib beradi. Qo‘shib berilgan pul xalolmi? Buni qilib turgan studentlarni ishi to‘g‘rimi yoki notog‘ri. Javob uchun oldindan rahmat
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
- Va alaykum assalom! Bu qarz berib ustiga foyda olish hisoblanib ochiq-oydin sudxo‘rlik bo‘ladi. Qarz berganda odamlarga yordam berish, ularning hayotini engillashtirish iroda qilinadi. Shariatimiz qarzni foyda keltiruvchi manba qilib olishdan qaytargan. Shuning uchun qarz beruvchi o‘zi bergan qarzning aynan mislini olishgagina haqli bo‘ladi. Agar qarz berishda biror foyda shart qilinsa yoki shart qilinmasa ham, biror foyda qo‘shib berish urfga kirib qolgan bo‘lsa, yoki kimdir qarz olib, uni qaytarayotganda unga foyda qo‘shib berishni odat qilib olgan bo‘lsa, olingan foyda harom hisoblanadi. Masalan, «Falon so‘m qarz bersangiz, uyimdan ijaraga foydalanib turasiz, savdodan tushgan so‘mning har kunligini olib, foydalanib turasiz», «Mol olishga ketadigan kunimiz sizdan valyuta olamiz, foydalanganingiz evaziga valyutani bozor narxidan arzonga berasiz»  va shu kabi shartlar asosida qarz berib, biror qo‘shimcha manfaat olish haromdir. Vallohu a’lam!

26 May 2022, 00:58 | Savol-javoblar | 144 | Moliya va tijorat
|
Boshqa savol-javoblar