Yo‘qolgan insonni rasmidan topish

Assalomu alaykum! Bir duoxon akamiz bor ekan. U kishi yo‘qolgan insonlarni qaytarishga harakat qilar ekan. Faqat sharti bor ekan yo‘qolgan odamni kiyimi surati va yashagan uyidan tuprog‘i kerak bo‘lar ekan. Duo qilib qaytarishga harakat qilar ekan, shunday qilish joizmi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
- Va alaykum assalom! Hozirgi kunda ba’zilar o‘zlaridan xudocha yasab olib “Alloh bermayotgan bo‘lsa men yo‘lingizni ochaman, farzand ko‘rasiz, baxtingizni ochaman turmushga chiqasiz, berk yo‘llaringizni ochaman ishlaringiz yurishib ketadi” kabi gaplar bilan xudolikni davo qilishmoqda. Alloh taoloning eng muqarrab bandasi bo‘lgan Rasululloh sollallohu alayhi vasallam esa quyidagicha duo qilar edilar. عَنْ وَرَّادٍ مَوْلَى الْمُغِيرَةِ بْنِ شُعْبَةَ رَضِي اللهُ عَنْهُ قَالَ: كَتَبَ الْمُغِيرَةُ إِلَى مُعَاوِيَةَ إنَّ رَسُولَ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ كَانَ إِذَا فَرَغَ مِنَ صَلَاتِهِ وَسَلَّمَ قَالَ: لَا إِلَهَ إِلَّا اللهُ وَحْدَهُ لَا شَرِيكَ لَهُ، لَهُ الْمُلْكُ وَلَهُ الْحَمْدُ، وَهُوَ عَلَى كُلِّ شَيْءٍ قَدِيرٌ، اللَّهُمَّ لَا مَانِعَ لِمَا أَعْطَيْتَ، وَلَا مُعْطِيَ لِمَا مَنَعْتَ، وَلَا يَنْفَعُ ذَا الْجَدِّ مِنْكَ الْجَدُّ. رَوَاهُ الْخَمْسَةُ إِلَّا التِّرْمِذِيَّ Mug‘iyra ibn Sho‘’ba roziyallohu anhuning mavlolari Varrod roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Mug‘iyra Muoviyaga:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qachon namozlaridan forig‘ bo‘lib, salom bersalar:
«Laa ilaaha illallohu vahdahu la shariyka lahu lahul mulku va lahul hamdu va huva ala kulli shay’in qodiyr. Allohumma la mane’a lima a’toyta va la mu’tiya lima mana’ta va la yanfa’u zal jaddi minkal jaddu», der ekanlar», deb xat yozdi».
Beshovlaridan faqat Termiziy rivoyat qilmagan.
Duoning ma’nosi: «Allohdan o‘zga ibodatga sazovor Zot yo‘q. Uning O‘zi yolg‘izdir, sherigi yo‘qdir. Mulk Unikidir. Hamd Unikidir. U har bir narsaga qodirdir. Allohim, Sen bergan narsani man qiluvchi yo‘q. Sen man qilgan narsani beruvchi yo‘q. Sendan bo‘lgan iqobni qaytaruvchi yo‘q».
Ko‘pchilik kishilar ushbu nabaviy duoni yodlab olib, o‘qib yuradilar. Bilmaganlar uni yodlab olsalar, yaxshi bo‘ladi. ("Hadis va Hayot" kitobidan). Vallohu a’lam!

26 May 2022, 01:01 | Savol-javoblar | 155 | Duolar
|
Boshqa savol-javoblar