Benamoz do‘stlar bilan gaplashmaslik

Assalomu alaykum! Hurmatli Ustozlar, yaqin akalarim shu kunlarda oila qurib ibodatlarga ayniqsa namozga beetibor bo‘lib qolishgan. Ular bilan birga yurib, jamoat namozlaridan qolib ketish xavfi yoki namozni kechiktirish shunga o‘xshash bazi xollar uchrab qolsa, ular bilan aloqani faqat salom-alik qilib ushlab qolgan yaxshimi? Ular bilan do‘stligimiz 5 yildan oshgan, men ularni juda yaxshi ko‘raman, xar qancha gapirmay samara bo‘lmayabdi, ular oldin menga namoz o‘qishni o‘rgatishgan. Shuning uchun xam ularni bu xollarida o‘z xollariga qo‘yib qo‘ygim kelmayabdi. Shu xollarda qanday yo‘l tutishim to‘g‘ri bo‘ladi? Javobingiz uchun tashakkur. Alloh dunyo va oxiratda maqomingizni baland qilsin.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
- Va alaykum assalom! Inson nasihat qilmoqchi bo‘lgan barcha kishilarning oldida suyukli bo‘lishi kerak. O‘zgalarga nasihat qiladigan, ta’lim beradigan va ularni aytgan gaplariga amal qilishini xohlaydigan inson avvalo yaxshi ilmga ega bo‘lishi kerak. Har bir bilgan narsasiga amal qilishga harakat qilishi kerak. Eng muhimi ularga yaxshi gapirib, muhabbatini qozona olishi kerak. Chunki hikmatlarda “Kimni yaxshi ko‘rsang uni har bir so‘zi va amallari senga chiroyli bo‘lib ko‘rinaveradi” deyilgan. Qolaversa banda Alloh bilan o‘zining o‘rtasini isloh qilsa Alloh u bilan boshqa bandalar orasini ham isloh qilib qo‘yadi. Buning uchun biroz vaqt ham kerak bo‘ladi. Surunkali kasallik davolanishi qiyin va uzoq muddat talab qilganidek gunohlar ham surunkali bo‘lib qoladi, tark qilishi uchun uzoqroq muddat kerak bo‘ladi. Buning uchun yonidagi tabiblik vazifasini bajarayotganlar biroz sabr qilishlar kerak bo‘ladi. Oddiy kasallikni davolash uchun tabobatdan ilm va tajriba zarur bo‘lganidek, gunoh kasalini davolamoqchi bo‘lganlarda ham davolash ilmi va tajribasi bo‘lishi kerak. Aks holda sizga o‘xshab qo‘pollik qilib qo‘yadi, gunoh kasalligini zo‘raytirib yuboradi. Siz ilm o‘qing. O‘zingizning chiroyli axloqingiz bilan ularga ibrat bo‘ling. Vallohu a’lam!

26 May 2022, 01:17 | Savol-javoblar | 136 | Dolzarb savollar
|
Boshqa savol-javoblar