Ota-ona aytganiga yoki diniy qoidalar asosida (diniy ilmi bor qizga) uylanish

Assalomu alaykum! Hurmatli ustozlar, bu savol meni ancha uzoq vaqtdan beri qiynab keladi. Men o‘zim Diniy ilmdan zaifroq oilada katta bo‘ldim. Bir necha yillar ilgari uydagilar hatto namoz o‘qishimni ham qat’iy taqiqlaganlar. Lekin uyimdan uzoqda oliygohda o‘qib, hozirda oliygohni bitirib ishda ham uyimdan uzoqda ishlayotganim sabab namoz o‘qishimdan bexabarliklari sabab o‘tkan muammoga duch kelmayapman. Axir namoz har bir musulmon uchun farz qilingan ibodat. Doim uydagilarni diniy ilmdan zaifligi sabab bunday yo‘l tutishlari yuragimni siqadi. Ularga men kichik bo‘lib turib aql o‘rgatishim yoki tushuntirishga harakat qilishim ularga yoqmasligini va menga nisbatan yana har hil fikrga borishlarini o‘ylab indamay ko‘z yumaman(duolarimda Allohdan ularga iymon ato etishligini so‘rashdan boshqa narsa qo‘limdan kelmaydi). Doim o‘ylardimki qachondir meni uylantirishmoqchi bo‘lsa qiz tanlash masalasi judayam qiyin bo‘ladi, ularni va meni ham qanoatlantiradigan tanlovni qanday qilib amalga oshirsam ekan deb ko‘p oylanar edim. Mana shu kunlar keldi. Uydagilarni talabi qiz o‘qigan oliy malumotli va albatta dindor oiladan bo‘lmasligi kerak. Lekin menga esa qizni o‘qigan o‘qimaganini hech ham qizig‘i yo‘q, lekin ozroq bo‘lsada ilmi bor qizga uylanishni hohlardim. Shu sababli hammamizga ma’qul bo‘lsin deb oilasi yaxshi bo‘lgan, hijobda yurmasada lekin oilasidagilar va o‘zini diniy ilmdan qanchadur miqdorda xabari bor oila qizidan topib ota-onamga aytdim. Lekin ular diniy zaifligi sabab men aytgan qiz hech qachon bizga to‘g‘ri kelmasligi, unaqangi oilalar bizni oilaga to‘g‘ri kelmasligini aytishdi, lekin asli ular bizga emas biz ularga to‘g‘ri kelmasligimiz ayni haqiqat. Uydagilar o‘zlari topgan qizni menga ro‘kach qilishyapti, lekin u qiz menga yoqmadi desam ham ular fikridan qaytkanlaricha yo‘q. Nima qilishga boshim qotib qoldi. Sizlardan maslahat olishni hohladim. Javobinglarni kutaman. Katta rahmat.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
- Va alaykum assalom! Rasululloh sollallohu alayhi vasallam “qo‘ling tuproqqa qorilgur” deganlar. U holatga tushganingizda ular biz bilmagan ekanmiz deyishdan boshqasiga yarashmaydi. عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِي اللهُ عَنْهُ، عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: تُنْكَحُ الْمَرْأَةُ لِأَرْبَعٍ: لِمَالِهَا، وَلِحَسَبِهَا، وَلِجَمَالِهَا، وَلِدِينِهَا فَاظْفَرْ بِذَاتِ الدِّينِ تَرِبَتْ يَدَاكَ. رَوَاهُ الْخَمْسَةُ  Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
«Ayol to‘rt 
(narsasi) uchun nikohlanadi: moli uchun, hasabi uchun, jamoli uchun va dini uchun. Bas, dindorini tanla, qo‘ling tuproqqa qorilgur», dedilar».
Beshovlari rivoyat qilganlar.
Sharh: Ayol kishiga uylanishdan oldin uning qiziqtiradigan sifatlariga qaraladi. Ushbu hadisi sharifda o‘sha nikohiga rag‘bat qilinadigan ayolda bo‘lishi lozim bo‘lgan yaxshi sifatlardan to‘rtta eng mashhuri va ommaviysi haqida so‘z ketmoqda.
Agar ushbu to‘rt sifat – mol ham, jamol ham, hasabu nasab ham dinu diyonatga qo‘shilib, bir qizni muzayyan qilib tursa, albatta, yaxshi.
Ammo mazkur to‘rt sifat bir-biri bilan solishtirilsa, ular orasida dindorlikka teng keladigani yo‘q. Balki qolganlariga yana boshqa bir qancha yaxshi sifatlar qo‘shilsa ham, dindorlik sifatiga eta olmaydi.
Chunki moldorlik vaqtincha. Qolaversa, mol-mulkining ko‘pligi kelinning hovliqishiga, kuyovni va uning yaqinlarini mensimasligiga sabab bo‘lishi ham mumkin. Dindorlik bo‘lmagan joyda moldorlik ko‘pgina noqulay ishlarga sabab bo‘lishi turgan gap.
Hasab so‘zi obro‘-e’tibor, sharaf, nufuz degan ma’nolarni anglatadi.
Hasabu nasabi yaxshi kelin albatta, yaxshi. Lekin faqat hasabu nasabiga ishonish ham yaxshilikka olib kelmaydi. Ota-ona, bobo-momolar yaxshi o‘tgan bo‘lsalar, yaxshi, lekin ular uylarida qoladilar. Kuyovnikiga faqat kelin keladi. Agar kelin dindor bo‘lmasa, hasabi va nasabi bilan faxrlanib, kuyovni va uning yaqinlarini xijolat qilishi mumkin.
Jamol ham o‘zicha yaxshi narsa. Lekin bu ham o‘tkinchi. Ma’lum muddatdan keyin kelinning jamoli o‘zgarishi turgan gap. Buning ustiga, faqat jamolga suyanib ish qilish ham yaxshilikka olib bormaydi.
Shuning uchun ham Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam dindor kelinni ixtiyor qilishga buyurmoqdalar. Dindorlik haqiqiy va bardavom yaxshi sifatdir. Kelin dindor bo‘lsa, kuyovni va uning yaqinlarini hurmat qiladi. Oilaning haqiqiy ustuni va porlab turgan chirog‘i bo‘ladi. Undan dunyoga keladigan farzandlar ham ajoyib insonlar bo‘lib etishadilar.
Dindor kelin o‘z burchi va mas’uliyatlarini shariat ko‘rsatmasi bo‘yicha to‘liq ado etib yashaydi.
Dindorlik haqiqiy boylikdir!
Dindorlik haqiqiy hasab va nasabdir!
Dindorlik haqiqiy go‘zallikdir!
Shuning uchun ham qizlarimizni dindor qilib tarbiyalashga urinishimiz kerak. Shuning uchun kelin tanlaganimizda dindor kelinni tanlashimiz lozim. ("Hadis va Hayot" kitobidan).  Vallohu a’lam!

26 May 2022, 02:26 | Savol-javoblar | 173 | Oila va turmush
|
Boshqa savol-javoblar