Tibbiy ma’lumotnoma

Assalomu alaykum! 083 va 086 kabi tibbiy ma’lumotnomalarni sarson bo‘lishni istamagan holda pul berib(ishni bitirib bergan hamshiraga) qo‘lga kiritsa bo‘ladimi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
- Va alaykum assalom! Bu shariatimizda guvohlik hisoblanadi. Yolg‘ondan guvohlik berishni “shahodatuzzuur” deb nomlangan. Bu haqida Alloh taolo “Haj” surasida marhamat qiladi:  ذَلِكَ وَمَن يُعَظِّمْ حُرُمَاتِ اللَّهِ فَهُوَ خَيْرٌ لَّهُ عِندَ رَبِّهِ وَأُحِلَّتْ لَكُمُ الْأَنْعَامُ إِلَّا مَا يُتْلَى عَلَيْكُمْ فَاجْتَنِبُوا الرِّجْسَ مِنَ الْأَوْثَانِ وَاجْتَنِبُوا قَوْلَ الزُّورِ۝ 30. Ana shunday. Kim Alloh harom qilgan narsalarga rioya qilsa, bas, bu Robbi huzurida uning o‘zi uchun yaxshidir. Va sizlarga (kelajakda) tilovat qilinadiganlardan boshqa chorva hayvonlari halol qilindi. Bas, butlardan iborat ifloslikdan yiroq bo‘ling va yolg‘on so‘z(guvohlik)dan yiroq bo‘ling...
«Bas, butlardan iborat ifloslikdan yiroq bo‘ling...»
Butlar ma’naviy najosatdir. Kim ularga yaqinlashsa, ifloslikka yaqinlashgan bo‘ladi.
«...va yolg‘on so‘z(guvohlik)dan yiroq bo‘ling».
Shirk keltirish eng katta yolg‘ondir. Shu bilan birga, yolg‘on so‘z ham shirkka tenglashtirilmoqda.
Imom Ahmad ibn Hanbal Fotik Asadiy roziyallohu anhudan qilgan rivoyatda aytilishicha, Nabiy sollallohu alayhi vasallam bir kuni Bomdod namozini o‘qib bo‘lib, o‘rinlaridan turdilar va: «Yolg‘on shahodat Allohga shirk keltirishga tenglashtiriladi», – dedilar-da, shu oyatni tilovat qildilar. ("Tafsiri Hilol" kitobidan). عَنْ أَنَسٍ رَضِي اللهُ عَنْهُ قَالَ: سُئِلَ النَّبِيُّ  صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ عَنِ الْكَبَائِرِ، قَالَ: «الْإِشْرَاكُ بِاللهِ، وَعُقُوقُ الْوَالِدَيْنِ، وَقَتْلُ النَّفْسِ، وَشَهَادَةُ الزُّورِ». تَابَعَهُ غُنْدَرٌ وَأَبُو عَامِرٍ وَبَهْزٌ وَعَبْدُ الصَّمَدِ عَنْ شُعْبَةَ  Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan katta gunohlar haqida so‘rashdi. U zot: «Allohga shirk keltirish, ota-onaga oq bo‘lish, odam o‘ldirish va yolg‘on guvohlik berish», dedilar». عَنْ عَبْدِ الرَّحْمَنِ بْنِ أَبِي بَكْرَةَ، عَنْ أَبِيهِ رَضِي اللهُ عَنْهُ قَالَ: قَالَ النَّبِيُّ  صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: «أَلَا أُنَبِّئُكُمْ بِأَكْبَرِ الْكَبَائِرِ» ثَلَاثًا. قَالُوا: بَلَى يَا رَسُولَ اللهِ. قَالَ: «الْإِشْرَاكُ بِاللهِ، وَعُقُوقُ الْوَالِدَيْنِ». وَجَلَسَ وَكَانَ مُتَّكِئًا، فَقَالَ: «أَلَا وَقَوْلُ الزُّورِ». قَالَ: فَمَا زَالَ يُكَرِّرُهَا حَتَّى قُلْنَا لَيْتَهُ سَكَتَ. وَقَالَ إِسْمَاعِيلُ بْنُ إِبْرَاهِيمَ: حَدَّثَنَا الْجُرَيْرِيُّ، حَدَّثَنَا عَبْدُ الرَّحْمَنِ  Abdurrahmon ibn Abu Bakra otasi roziyallohu anhudan rivoyat qiladi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam uch marta: «Sizlarga katta gunohlarning eng kattasini aytib beraymi?» dedilar. Ular: «Ha, ey Allohning Rasuli!» deyishdi. U zot: «Allohga shirk keltirish, ota-onaga oq bo‘lish», dedilar. Suyanib o‘tirgan edilar, o‘tirib oldilar-da, «Ogoh bo‘ling, yolg‘on guvohlik berish ham», dedilar. U zot buni takrorlayverdilar, hatto biz «To‘xtasalar edi», deb qoldik». (“Oltin silsila” kitobidan Sahihul Buxoriy).

Ushbu tibbiy ma’lumotnomalarni beruvchilar ehtiyot bo‘lsinlar. Xususan yangi oila qurayotganlar borasida mas’uliyati og‘ir. Guvohlikning yolg‘onligi bilan birgalikda oilalarning buzilishi gunohi ham zimmalariga bo‘ladi. Agar pulsiz bitmasa oluvchiga pora bo‘ladi. Vallohu a’lam!

26 May 2022, 03:00 | Savol-javoblar | 156 | Halol va harom
|
Boshqa savol-javoblar