Makkaning qurilishi

Assalomu alaykum! Makka va Madina qurilishi haqida eshtishim bo‘yicha bir podsho jinlarni ishlatgan ekan. Bir kun o‘ladigan bo‘lib odamlariga “men o‘lganmni jinlar bilmasin, bilsa ishlamay qo‘yishadi. Agar jinlar ishlamasa odamlar 300 yilda ham qurib bitkaza olmaydi” degan ekan. Shu to‘g‘rimi? Men ishonmadim. Shunga aniqlik kiritish uchun shu savolni yozdim.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Siz noto‘g‘ri eshitibsiz, bu Makka va Madinada emas. Bu haqida Alloh taolo “Saba’” surasida marhamat qiladi:يَعْمَلُونَ لَهُ مَا يَشَاء مِن مَّحَارِيبَ وَتَمَاثِيلَ وَجِفَانٍ كَالْجَوَابِ وَقُدُورٍ رَّاسِيَاتٍ اعْمَلُوا آلَ دَاوُودَ شُكْرًا وَقَلِيلٌ مِّنْ عِبَادِيَ الشَّكُورُ۝13. U(jin)lar unga mehroblar, timsollar, hovuzlar kabi laganlar va sobit qozonlardan xohlaganini qilib berishar edi. Ey Oli Dovud, shukr qilinglar! Bandalarimdan shukr qiluvchilari ozdir. Alloh taolo tomonidan Sulaymon alayhissalomga bo‘ysundirilgan jinlar u kishiga «…mehroblar…» ya’ni ulkan ibodatxonalar qurib berar edilar. «...timsollar...» Turli narsalarning timsollarini ham yasab berardilar. «...hovuzlar kabi laganlar...» Taom eydigan laganlari hovuz kabi katta bo‘lar edi. O‘sha vaqtda shunga ehtiyoj bo‘lgan bo‘lsa kerak. Shuningdek, odamlar bajara olmaydigan ishlarni qiladigan jinlar Sulaymon alayhissalomga mo‘’jiza sifatida ko‘rsatilgan bo‘lishi ham mumkin. «...va sobit qozonlardan xohlaganini qilib berishar edi». Tog‘ kabi sobit qozonlarni Sulaymon alayhissalomga yasab berish ham jinlarning vazifasiga kirar edi. Ular Sulaymon alayhissalom xohlagan ishni bajarar edilar. Bu esa Dovud alayhissalom xonadoniga Alloh bergan ulkan ne’mat edi. Shuning uchun Alloh ularga xitob qilib: «Ey Oli Dovud, shukr qilinglar!» – demoqda. Dovud alayhissalomga qanchadan-qancha ne’matlarni berdi. Bularning hammasi Dovud ahliga, ya’ni Dovud alayhissalom xonadoniga berilgan ne’matlardir. Ushbu ne’matlarga ular shukr qilmoqlari lozim. «Bandalarimdan shukr qiluvchilari ozdir». Noshukrlardan bo‘lmaslik kerak. Allohning ne’matlari qadrini bilib, ularni ato qilgan Zotga tinimsiz shukr etish lozim. Ne’matga shukr esa ne’mat beruvchiga hamdu sano, maqtov so‘zlarini aytish va o‘sha ne’matlarni ne’mat beruvchining roziligi yo‘lida sarflash bilan bo‘ladi. Bu dunyoda ne’mat beruvchi Zot Alloh taoloning yagona O‘zidir. Bandalar doimo Alloh taologa hamdu sano aytishlari, U Zotning ne’matlarini O‘zining roziligi yo‘lida sarflashlari kerak. Alloh taoloning Sulaymon alayhissalomga jinlarni xizmatkor qilib bergani haqidagi xabarda jinlarni ulug‘lovchilarga, ularga ibodat qiluvchilarga, «Jinlar har narsaga qodir» deb e’tiqod etuvchilarga, jumladan, arab mushriklariga qarshi katta zarba bor edi. Kelasi oyatda o‘sha zarba yana ham kuchaytiriladi:فَلَمَّا قَضَيْنَا عَلَيْهِ الْمَوْتَ مَا دَلَّهُمْ عَلَى مَوْتِهِ إِلَّا دَابَّةُ الْأَرْضِ تَأْكُلُ مِنسَأَتَهُ فَلَمَّا خَرَّ تَبَيَّنَتِ الْجِنُّ أَن لَّوْ كَانُوا يَعْلَمُونَ الْغَيْبَ مَا لَبِثُوا فِي الْعَذَابِ الْمُهِينِ۝14. Biz u(Sulaymon)ga o‘limni hukm etganimizda, asosini eyayotgan yog‘och qurtidan boshqa hech bir narsa uning o‘limi haqida dalolat qilmadi. Yiqilganida, jinlarga, agar ular g‘aybni bilganlarida, xorlovchi azobda qolmagan bo‘lishlari ayon bo‘ldi. Alloh taolo Sulaymon alayhissalomning jonlarini u kishi jinlarni ishlatib qo‘yib, asolariga suyanib turganlarida olgan. Jinlar esa Sulaymon kuzatib turibdi, deb qo‘rqqanlaridan, mashaqqatli ishlarida davom etaverganlar. Alloh taoloning irodasi bilan bir yog‘och qurti Sulaymon alayhissalom suyanib turgan asoni eya boshlagan. Qurt asoni ma’lum miqdorda eganidan keyin asoning tayanch nuqtasiga futur etib, joyidan surilgan va Sulaymon alayhissalomning jussalari erga yiqilgan. Shundagina jinlar o‘z da’volariga qarshi o‘laroq, g‘ayb ilmini bilmasliklarini tushunib etganlar. Ana shundagina jinlarga «...agar ular g‘aybni bilganlarida, xorlovchi azobda qolmagan bo‘lishlari ayon bo‘ldi». Holbuki, odamlardan ba’zilari o‘sha ojiz jinlarga ibodat qilib yuribdilar. Ular g‘aybni biladilar, deb ulug‘lamoqdalar. ("Tafsiri Hilol" kitobidan). Vallohu a’lam!

28 Aprel 2022, 05:19 | Savol-javoblar | 171 | Islam
|
Boshqa savol-javoblar