Imon zaiflashish haqida

Assalomu alaykum! Men doim namoz o‘qib yurar edim. Bazida qazo qilib qo‘yardim. Sekin sekin iymonim zaiflashdimi qalbim qoraydim bilmiman qazo namozlarim soni ko‘payishni boshladi. Oxir oqibat namoz o‘qimay qo‘ydim. Buni juda katta gunoh ekanini bilaman benamozga jannat yo‘q ekanini ham bilaman, lekin hicham namozni boshlay olmayman, boshlasam ham bamdod o‘qiyman peshin qolib ketadi. Shunga o‘xshash ola namoz o‘qib yana to‘xtab qolyapman. Qalbimga orom qaytishi uchun iymoni quvvatlanishi uchun nima maslaxat berasizlar? O‘zim bozorda tijorat qilaman, ko‘z zinosi tufayli qalbim qoraydimikin? Yordam beringlar ustozlar yo‘l ko‘rsatinglar iltimos.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Vaalaykum assalom! Insonni egan ovqatiga qarab badanida o‘zgarish bo‘ladi. Noto‘g‘ri narsani iste’mol qilsa ichketar bo‘lib hamma vaqt hojatxonaga tortadigan bo‘lib qoladi. Xuddi shuningdek ko‘z, quloq, burundan qalbga Alloh harom qilgan narsalar kirsa qalb ham harom narsaga tortadigan bo‘lib qoladi. Ichingiz o‘tadigan bo‘lib qolishdan saqlanish uchun hamma narsani eyavermaganingizdek, qalbni saqlash uchun ham saqlanish kerak.
Har bir narsani uch xil borligi bo‘ladi. Ayni o‘zining borlig‘i, o‘sha narsani zehndagi tushunchasi va talaffuz qilinadigan nomi. Misol uchun shakar, uni asli o‘zi bor, insonlar u haqida zehnlarida tushunchasi ham bor va shakar degan nomi ham bor. Xuddi shuningdek iymonni ham uch hil borligi bor.
Birinchisi iymonning ayni o‘zini borligi.
Uning turadigan joyi qalbdir. Uning asli Alloh taolo tarafidigan beriladigan bir nurdir. U Alloh taolo bilan bandaning orasidagi parda(zulmat)larni ko‘tarish uchun qalbga solinadi. Uning misolini quyidagi oyatlarda ko‘rishimiz mumkin.  اللَّهُ نُورُ السَّمَاوَاتِ وَالْأَرْضِ 35. Alloh osmonlar va erning nuridir.(Nur surasi).
Hamda  اللّهُ وَلِيُّ الَّذِينَ آمَنُواْ يُخْرِجُهُم مِّنَ الظُّلُمَاتِ إِلَى النُّوُرِ 257. Alloh iymon keltirganlarning do‘stidir. Ularni zulmatlardan nurga chiqarur. (Baqara surasi).
Bu qalbga solinadigan nur barchamiz biladigan chiroqlar kabi kuchli ham kuchsiz ham bo‘ladi. Pardalar ko‘tarilgan sari u nur kuchayib va ziyodalashib boraveradi. Oxir oqibat avji kamoliga ham etadi va bu nur qalbdan yoyilib-yoyilib insonning butun quvvati va a’zolarini qamrab oladi. Shu vaqtda insonning qalbi ochiladi va u har bir narsaning haqiqatini tushuna boshlaydi va g‘ayb olamidagi g‘aybga tegishli narsalardan voqif bo‘ladi. Har bir narsani parda bo‘lmagani uchun o‘z o‘rnida ko‘radi. Payg‘ambar alayhimussalomlarning bayon qilgan barcha narsalarini qalbdan ishonch hosil qiladi. Shu nurni quvvati va ziyodaligiga qarab barcha shar’iy buyruq va qaytariqlarga itoat qilishga uning qalbida chorlovchi va undovchi kuch paydo bo‘ladi va bu nur shariatdagi go‘zal xulqlardagi, solih amallardagi va maqtovga loyiq qobilyatlardagi nurlar bilan qo‘shilib, insonning shahvoniy xirsi, yomon amallardan hosil bo‘ladigan zulmatlarni ketkazuvchi nur bo‘ladi. Inson nurni ziyoda qilishda davom etaversa ilohiy nur va tugab bitmas fayz barakot yog‘iladigan joyga aylanadi. Buni Alloh taolo “Nur ustiga nur” oyati va quyidagi oyatda bayon qilgan.  نُورُهُمْ يَسْعَى بَيْنَ أَيْدِيهِمْ وَبِأَيْمَانِهِمْ يَقُولُونَ رَبَّنَا أَتْمِمْ لَنَا نُورَنَا وَاغْفِرْ لَنَا إِنَّكَ عَلَى كُلِّ شَيْءٍ قَدِيرٌ۝ 8.... Ularning nurlari oldilarida va o‘ng taraflarida yurib boradir. Ular esa: «Robbimiz, bizga nurimizni batamom qilib ber, gunohlarimizni mag‘firat qil, albatta, Sen har bir narsaga o‘ta qodirsan», – derlar. (Tahrim surasi). Zehnda borligi  Uning ikki darajasi bor. Ijmoliy va tafsiliy. Alloh taoloni borligi va g‘aybga tegishli ishlarning borligini ijmolli tarzda mulohaza qilish. Bu “Laa ilaaha illalloh Muhammadur rosuululloh” kalimasini zehnda tasavvur qilib qalbi bilan tasdiq qilganda hosil bo‘ladi. Buni iymoni mujmal deyiladi.
G‘aybiy ish va haqiqatlarni alohida-alohida dalillari bilan birga mulohaza qilib tasdiq qilishni batafsl tasdiq qilish va iymoni mufassal ham deyiladi.
Uchinchi borliq. Uning iymon degan nomini borligi. Bu kalimai shahodatni tilda aytib iqror qilish bilan bo‘ladi. Ma’lumki bir narsani tilda talaffuz qilib uning ayni o‘zi voqe’likdagi tasdig‘i bo‘lmasa befoydadir. Shunday bo‘lsa ham dunyoviy ishlarda uni e’tiborga olinadi. Bu dunyo sabablar olami bo‘lib, kimning qalbini holati qanday ekanligini bilib bo‘lmaydi. Kimning qalbida iymonning asl nuri bor yoki yo‘q ekanligini ham bilib bo‘lmaydi. Tilida iqror qilib tursa, kalimani aytib tursa unga mo‘min degan hukmni berilaveradi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ham bir necha hadislarida “Laa ilaaha illalloh Muhammadur rosuululloh” kalimasini aytgan kishini mo‘min deb hisoblayverganlar. Hisobini Alloh taologa havola qilganlar va vafot topsa unga janoza o‘qiyverganlar.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Alloh bergan o‘sha nurni nimalar ziyoda qilishini va nimalar uni yo‘q qilishini aytib o‘tganlar. Masalan “Hayo iymondandir” deganlar. Ya’ni inson hayo qilishda bardavom bo‘lsa o‘sha nur qalbda sobit bo‘lib, nuri porlab turadi. Barcha solih amallar nur, farz amallari cheksiz nur, go‘zal xulqlar ham nur, sunnatlarning barchasi nur. Kim shu ishlarni qanchalar ko‘paytirsa iymonining nuri ham kuchayib ziyodalashadi. Alloh taolo bilan o‘rtasidagi zulmatlar chekinadi. Masalan inson suv ichsa chanqog‘i qonib tanasi rohatlanishini his qilganidek, solih amallarni qilsa Alloh va’da qilgan mukofotga erishishini aniq his qiladi. Yoki aksi inson qon tomirini kesib tashlasa qoni oqib o‘lishini aniq bilganidek, gunoh qilsa Alloh va’da qilgan azobga duchor bo‘lishini ham his qilib qoladi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam “Zino qiluvchi zino qilayotganida mo‘min holida bo‘lmaydi” deganlar. Ya’ni nur bo‘lgan o‘sha iymonning o‘zi chiqib turadi. Bu kabi ishlar ko‘paygan sari o‘sha nur so‘nib boraveradi. Alloh saqlasin o‘sha nur oxir oqibat o‘chib qolishi ham mumkin. Vallohu a’lam!

26 May 2022, 04:03 | Savol-javoblar | 152 | Namoz
|
Boshqa savol-javoblar