Ro‘za qabul bo‘ladimi

Assalomu alaykum! Hurmatli ustozlar, Alloh ishlaringizga rivoj bersin. Ro‘za haqida bir savolim bor edi. Meni yaqin qarindoshlarim (onamning singillari) ro‘za vaqtlarida farzandlari, nabiralari yosh bo‘lganliklari uchun, masalan 10-15 yoshlar o‘rtasida, ertalab saharlikni birga qilisharkanda niyat qilib og‘zingni berkitmay tur, agar peshinga yaqin qorning ochib ketib, ovqat tanavvul qilib qo‘ysang xech narsa bo‘lmaydi, niyat qilib olsang unda eb-ichganing uchun ro‘zang ochilgan bo‘ladi va gunohkor bo‘lasan. Peshinga yaqin o‘zingni yaxshi xis qilib, iftorga etib borishingga aqling etsa, o‘shanda niyat qilib olaverasan. Shunda ro‘za tutgan bo‘lasan deb aytisharkan. Men o‘zimcha fikrlab, bu ish noto‘g‘ri, bunday qilmaslik kerak deb, aytdim, lekin xech qanday asosim bo‘lmagani uchun Sizlarda so‘rashga qaror qildim. Shu ishning xukmi shariatda qanday bo‘ladi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Vaalaykum assalom! Tushida bulg‘angan bola yoki hiyz ko‘rishni boshlagan qizlar zimmasiga ro‘za tutish farz. Aks holda barchasining gunohi xonadon kattalari zimmasiga tushadi. Har bir musulmon oila a’zolarini azobga olib boruvchi ishlardan qaytarish kerak. Alloh taolo “Tahrim” surasida marhamat qiladi:  يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آمَنُوا قُوا أَنفُسَكُمْ وَأَهْلِيكُمْ نَارًا وَقُودُهَا النَّاسُ وَالْحِجَارَةُ عَلَيْهَا مَلَائِكَةٌ غِلَاظٌ شِدَادٌ لَا يَعْصُونَ اللَّهَ مَا أَمَرَهُمْ وَيَفْعَلُونَ مَا يُؤْمَرُونَ۝ 6. Ey iymon keltirganlar! O‘zingizni va ahlu ayolingizni yoqilg‘isi odamlaru toshdan bo‘lgan olovdan saqlang. Uning tepasida qo‘pol, darg‘azab farishtalar bo‘lib, ular Allohning amriga isyon qilmaslar va nimaga buyurilsalar, shuni qilurlar.
Bu oyati karimada Alloh taolo mo‘min-musulmon bandalarini o‘zlarini va ahli ayollarini oxirat otashidan saqlashga buyurmoqda.
«Ey iymon keltirganlar! O‘zingizni va ahli ayolingizni yoqilg‘isi odamlaru toshdan bo‘lgan olovdan saqlang».
Mazkur do‘zax olovidan saqlash gunohlarni tark etish va toat-ibodat qilish bilan bo‘ladi. Oxirat otash-olovi bu dunyoning olovidan farq qiladi. Uning yoqilg‘isi odamlardan va toshdan iborat bo‘ladi. Ya’ni bu dunyoda iymonga kelmay, gunoh qilib, Allohning amriga bo‘ysunmay, osiy o‘tgan bandalarning jasadi o‘sha o‘tga yoqilg‘i bo‘ladi. Faqat inson tanasining o‘zi kuysa, uncha qizimay qolmasin, deb tosh ham qo‘shimcha yoqilg‘i qilinadi. Ehtimol, ushbu oyatlar nozil bo‘lgan davrda toshning yoqilg‘i bo‘lishi kishilarning tasavvuriga kelmagandir. Ammo toshko‘mir chiqqandan keyin tosh qanchalik yuqori issiqlik beruvchi yoqilg‘i ekani hammaga ma’lum bo‘ldi.
Do‘zaxning yana bir dahshatli tomoni – uning qo‘riqchilari qo‘pol va shafqatsiz farishtalardir.
«Uning tepasida qo‘pol, darg‘azab farishtalar bo‘lib, ular Allohning amriga isyon qilmaslar va nimaga buyurilsalar, shuni qilurlar».
Ulardan hech kim qochib, qutula olmaydi. Shu bilan birga, mazkur farishtalar Alloh taologa mutlaq itoatdadirlar, nimaga amr qilsa, o‘shanga og‘ishmay amal qiladilar.
Ahli ayolini, farzandlarini dindor qilib tarbiyalash oila boshlig‘ining Alloh taoloning oldidagi burchi ekaniga ushbu oyati karima yorqin dalildir. Odamlar orasida «O‘zingni bil, o‘zgani qo‘y» degan noma’qul gap yuradi. Lekin shariat bo‘yicha, er xotin uchun, ota farzandlari uchun ham mas’uldir. Qiyomatda Alloh taoloning huzurida javob beradi. Ushbu oyat ma’nosidagi hadisi shariflar ham bor.
Hazrati Umar ushbu oyati karima nozil bo‘lgandan so‘ng:
«Ey Allohning Rasuli, o‘z nafsimizni-ku, saqlaymiz, ahlimizni qanday saqlaymiz?» – deb so‘ragan ekanlar. Shunda Nabiy alayhissalom:
«Alloh sizlarni nimadan qaytargan bo‘lsa, ularni ham qaytarasizlar. Alloh sizlarni nimaga buyursa, ularni ham buyurasizlar. Ana o‘sha ularni o‘tdan saqlash bo‘ladi», – deb javob berganlar.
Hazrati Ali: «O‘zingizga va ahlingizga yaxshilikeyini ta’lim beringlar va ularni odobli qilinglar», – deb aytganlar.
Hadisi sharifda Nabiy alayhissalom: «Ey ahlim, namoz o‘qing, ro‘za tuting, zakot bering, miskinlarga, etimlarga, qo‘shnilarga yaxshilik qiling, shoyadki, Alloh sizlarni jannatda birga qilsa», degan odamga Allohning rahmati bo‘lsin», – deganlar.
Demak, har birimiz xotinimiz, o‘g‘limiz, qizimizni, oila a’zolarimizning barchalarini dinga da’vat qilishimiz, diniy ahkomlarni doimo o‘z vaqtida bajarishlarini qat’iyat bilan talab qilib turishimiz kerak. Agar yuqoridagi amrlarga amal qilinmasa, oqibati nima bo‘lishini kelasi oyat vasf qiladi. ("Tafsiri Hilol" kitobidan). Vallohu a’lam!

26 May 2022, 04:04 | Savol-javoblar | 166 | Ro‘za
|
Boshqa savol-javoblar