Koreyadagi go‘shtlar

Assalomu alaykum! Hurmatli sayt mamuriyati barchangizga Ramazon oyi qutlug‘ bo‘lsin. Men xozirda Koreyada ishlayman. Bizning firmamizda barcha ovqatlarni firma qilib beradi. Men mol va tovuq go‘shtini istemol qilaverardim. Bir akam mol va tovuq go‘shti ham harom bo‘ladi eyish mumkinmas, ular Bismilloh deb so‘ymaydi dedilar. Shunga maslahat beringlar eyish mumkinmasmi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Vaalaykum assalom! “Bismilloh” demasdan so‘yilgan mol, qo‘y, tovuq kabi hayvonlar shar’an harom bo‘ladi. Alloh taolo “An’om” surasida marhamat qiladi:  وَلاَ تَأْكُلُواْ مِمَّا لَمْ يُذْكَرِ اسْمُ اللّهِ عَلَيْهِ وَإِنَّهُ لَفِسْقٌ وَإِنَّ الشَّيَاطِينَ لَيُوحُونَ إِلَى أَوْلِيَآئِهِمْ لِيُجَادِلُوكُمْ وَإِنْ أَطَعْتُمُوهُمْ إِنَّكُمْ لَمُشْرِكُونَ۝ 121. Ustida Allohning ismi zikr qilinmagan narsalarni emanglar. Shubhasiz, u fisqdir. Albatta, shaytonlar o‘z do‘stlariga sizlar bilan tortishishni vasvasa qilurlar. Agar ularga itoat qilsangiz, albatta, sizlar ham mushriklar bo‘lursizlar.
Ulamolarimiz ushbu oyatning tafsirida «Agar musulmon kishi hayvonni so‘yayotib, Allohning ismini zikr qilishni unutib qo‘ysa, so‘ygan go‘shti halol», deganlar. Ammo bilib turib, qasddan zikr qilmasa, unday go‘sht harom bo‘ladi.
«Ustida Allohning ismi zikr qilinmagan narsalarni emanglar».
Shuningdek, avval o‘tgan oyatlarning hukmiga binoan, ahli kitoblarning so‘yishi ham haloldir. Boshqalarini esa eyish mutlaqo mumkin emas.
«Shubhasiz, u fisqdir».
Ya’ni Allohning nomi zikr qilinmay so‘yilgan hayvonning go‘shtini eyish fisq, ya’ni dinning amridan chiqishdir.
«Albatta, shaytonlar o‘z do‘stlariga sizlar bilan tortishishni vasvasa qilurlar».
Shaytonning do‘stlari bo‘lmish kofir va mushriklar imkonlari boricha sizlar bilan tortishadilar. Turli masalalarda, jumladan, Allohning nomi zikr etilmay so‘yilgan hayvonlarning go‘shti haqida ham tortishadilar. Sizlar ularning gaplariga, tortishuvlariga hech e’tibor bermasligingiz kerak.
«Agar ularga itoat qilsangiz, albatta, sizlar ham mushriklar bo‘lursizlar».
Allohning gapini uqmay, o‘zganing gapiga yurgan odam mushrik bo‘lmay, kim mushrik bo‘lsin?! Allohning amrini tutmay, boshqaning amrini tutgan kishi mushrik bo‘lmay, kim mushrik bo‘lsin?! Hatto hayvonlarni so‘yishda Allohdan boshqaning amrini tutish ham shirk hisoblanadi. ("Tafsiri Hilol" kitobidan). Vallohu a’lam!

26 May 2022, 04:15 | Savol-javoblar | 159 | Administrator
|
Boshqa savol-javoblar