Hijobga kirganimdan otam norozi

Assalomu alaykum! Aziz ustozlar, yaqinda xijobga kirdim, Alhamdulillah! Otam esa bundan norozilar. Otam o‘zlari namoz o‘qimaydilar, oshqozonim og‘riydi deb ro‘za tutmaydilar, xatto xaftada bir marta juma namoziga xam, yilda 2 marta hayit namozlariga xam qatnashmaydilar. Lekin men Allohning farzlarini qo‘ldan kelganicha ado etishlarini juda xoxlar edim. Ular xijobga kirishimdan avval “nima qilasan ro‘mol o‘rab, shunday yurganing xam yaxshi, unday qilma” dedilar. Lekin men Allohning amrini bajarishni astoydil niyat qilib qo‘yganim bois gaplariga quloq solmay, o‘z aytganimni qildim. Bugun opam bilan telefon orqali shu masalada otam sizga indamadilarmi deb so‘raganimda, ular: "Men singlingni shuncha yil ro‘mol o‘rashi, namoz o‘qib o‘tirishi uchun o‘qitdimmi, juda xafaman, ko‘nglimni og‘ritdi" degan gaplarni aytibdilar. Men bularni eshitib yig‘lab yubordim. Axir ota rozi, Xudo rozi deyishadiku. Bu masalada men qanday yo‘l tutay? Otamning noroziligi tufayli xijobga kirgan bo‘lsam xam gunoxkor xisoblanamanmi? Hatto nima deyishni xam bilolmayabman! Men to‘g‘ri yo‘ldamanmi? Otam mening yangi xolatimni qabul qilarmikinlar, xayronman! Nima qilay yordam beringlar! Katta rahmat!
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Vaalaykum assalom! Siz zarracha ham gunohkor hisoblanmaysiz. عَنِ الْحَسَنِ قَالَ: قَالَ رَسُولُ اللهِ  صَلَي الله عَلَيْهِ وَسَلَّم: لَا طَاعَةَ لِمْخْلُوقٍ فِي مَعْصِيَةِ الْخَالِقِ. رَوَاهُ ابْنُ أَبِي شَيْبَةَ. (متفق عليه)  Hasandan rivoyat qilinadi:
“Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Xoliqning ma’siyatida maxluqqa itoat yo‘q» – dedilar”. Ibn Abu Shayba rivoyat qilgan. (Muttafaqun alayh)
Ya’ni, bandani rozi qilaman deb, Alloh taoloni norozi qiladigan narsani qilib bo‘lmaydi. Boshqa masalalarda otangizning haqlariga rioya qiling. Vallohu a’lam!

26 May 2022, 04:23 | Savol-javoblar | 158 | Turli savollar
|
Boshqa savol-javoblar