Duoning ijobati kechikishi

Assalamu alaykum! Mohi ramazon va juma ayyomi muborak. Savollarimga javob berayotganingiz uchun Alloh ajrlarini ko‘paytirib bersin. Sizlardan juda ham mamnunman. Sizlarni tanimagan, suhbatlaringizda xozir bo‘lmagan bo‘lsam ham haqqingizga doim duodaman. Alloh rozi bo‘lsin! Men yoshligimdan Islom tarbiyasida ulg‘aymaganman. Ilgari, qiz bola bo‘lishimga qaramasdan havfsizlik ishida ishlayman deb, tayyorgarlik ko‘rardim. Bu sohaning ibtidoiy kulliyasini ham tamomlaganman. Alhamdulillah! Shu kunlarning birida, 18 yoshimda Qadr kechasida Alloh qalbimni xidoyatga boshladi. Bu yo‘lda ko‘p, juda ham ko‘p sinovlarga sabr qilishlikka qodir qildi. Allohning borligiga, birligiga, doim meni eshitib-ko‘rib turishiga alhamdulillah iymonim bor. Bu xususida hech shubham yo‘q. Ammo men necha yillardan beri bir xojat talabidaman. Shu kungacha O‘zi qodir qilgancha - yig‘lab ham, kulib ham, mazlum xolimda ham, mahzun bo‘lganda ham tunda ham kunda ham so‘rayapman... Xatto xozir shu xolatga keldimki, bu narsa xayolimga kelishi bilan yig‘idan o‘zimni to‘xtatolmayman va boshimda qattiq og‘riq bo‘ladi. Shu savolni ham sizlarga ko‘zlarimda yosh bilan yozmoqdaman. Menga ba’zan ikki xil xayol keladi: 1-duolarim ijobat bo‘lmasligida mening bir gunohim bor deyman va ijobat bo‘lmaydigan duodan panoh so‘rayman. 2-mazlumning duosini, so‘rovchisi kofir bo‘lsa ham beradi-ku kabi xayollar keladi va yana aybni o‘zimdan axtarib, kofirning amallaridan ham yomonroq nima amalim bor ekan deyman, yana gunohlarimni mag‘firat qilgin deb Allohga yig‘layman. Shu kungacha bularni hech kimga aytmaganman. Sizlardan so‘raydigan savolim shuki: bizdek bandalarini O‘zining xuzurida, yoshlik chog‘idan Islom fitratida ulg‘aygan insonlardan darajamiz past bo‘ladimi? Men hozir Allohdan buyuk bir hojat talabidaman, menga shu so‘raganimning kechiktirilayotganida yoki berilmasligida men bilmagan qanday xolatlar bor?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Vaalaykum assalom! Banda o‘zi so‘ragan narsasi o‘zi uchun yaxshi ekanligiga yuz foiz amin bo‘lsada u narsa vaqtlar o‘tib foydasiz ekanligi yuz foiz ayon ham bo‘ladi. So‘ralgan narsani Alloh taolo bermasligi bo‘libam yig‘lab, duo mustajob bo‘lgan hollarda ham berlimasligi so‘raguvchidagi kamchilik bo‘lmasligi ham mumkin. Siz nimani so‘raganingizni bilmadik, ammo nima bo‘lgan taqdirda ham siz bir narsani aniq xotiringizga joylangki duo ibodatdir, iodatlarning mag‘zi. Sizni har bir duo qilishingiz ibodatning eng ulug‘ini qilishingizdir. Yig‘lab so‘rash yig‘lab ibodat qilishdir. Bandaning ishi faqat so‘rash bo‘ladi, natija Alloh taolodandir. Natijani talab qilish yoki Alloh so‘raganini bermaganiga norozi bo‘lish yoki shoshilish bandaning ishi emas. Payg‘ambarlar qanchalar duolar qilishdi, Alloh O‘z hikmati ila ba’zilarini berdi ba’zilarini bermadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdek zot amakisi Abu Tolibni va Abu Lahablarni iymon keltirishlarini so‘radilar. Berilmasligi so‘rovchining kamchiligi uchun emasdi. DUOAlloh taolo bandalarining qilgan duolari yaxshi amaldir. Dunyoda qayta-qayta bir shaxsdan kichik-kichik narsalar so‘ralaversa, u qancha saxovatli bo‘lmasin oxir borib, norozi bo‘ladi. Lekin Alloh taolodan banda qancha ko‘p so‘rasa, U shuncha un(banda)dan xursand bo‘ladi. عَن أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُ قَالَ قَالَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ مَنْ لَمْ يَسْأَلْ اللَّهَ يَغْضَبْ عَلَيْهِ Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
“Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
“Kim Alloh taolodan so‘ramasa, U Zot unga g‘azab qiladi”, dedilar”.
Duo maqsadni hosil qilish vositasigina emas, balki u bir mustaqil ibodatdir. Bu xoh o‘zi uchun bo‘lsin, xoh dunyoviy maqsad uchun bo‘lsin u ham ibodat hisoblanadi va unga savob etadi. Qancha ko‘p duo qilsa, shuncha Alloh taolo bilan aloqasi ziyoda bo‘lib boradi. Faqat mashaqqat yoki qiyinchilik vaqtda duo qilish zarur emas. Balki, xursand va mamnun vaqtlarda ham duo qilish lozimdir.عن أبي هريرة رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُ قال : قال رسولُ اللّه صلى اللّه عليه وسلم : " مَنْ سَرَّهُ أنْ يَسْتَجِيبَ اللَّهُ تَعالى لَهُ عنْدَ الشَّدَائِدِ وَالكُرَبِ فَلْيُكْثِرِ الدُّعاءَ في الرَّخاءِ Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
“Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
“Kimni qiyinchilik va g‘am-g‘ussalar paytida Alloh uni ijobat qilishi masrur qilsa, oroyish paytida duoni ko‘paytirsin”, dedilar”. 
عَنْ النعمان بن بشير رضي الله عنهما أن رسولَ الله صلى الله عليه وسلم قال: «الدعاء هو العبادة» ثم قرأ {وقال ربُّكمُ ادْعُونِي أسْتَجِبْ لَكُمْ ، إنَّ الّذِينَ يَسْتَكْبِرُونَ عن عِبَادَتِي سَيَدْخُلُونَ جَهَنَّمَ دَاخِرِينَ} [غافر:الآية 60] أخرجه الترمذي Nu’mon ibn Bashiyr roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi:
“Nabiy sollallohu alayhim vasallam:
“Duo ibodatdir”, dedilar va “Robbingiz: “Menga duo qiling sizni ijobat qilurman. Albatta, Mening ibodatimda kibr qilganlar jahannamga xoru zor hollarida kirurlar”ni qiroat qildilar” (Termiziy rivoyati).
Alloh taolo Qur’oni karimda va’da qiladi: “Menga duo qiling sizga ijobat qilurman”
(G‘ofir 60 oyat). Alloh taoloning bu va’dasida xato bo‘lishi mumkin emas. Shu bois chin dildan duo qilish lozim va u albatta maqbul bo‘ladi. Duolarning qabul bo‘lish surati turli xildir. Ba’zi vaqtlarda o‘sha so‘ragan narsasi beriladi. Va ba’zi vaqtlarda u narsa Alloh taoloning ilmida banda uchun munosib yoki foyda beruvchi bo‘lmaydi. Bas, Alloh taolo undan yaxshi va foydali narsani dunyo yoki oxiratda ato qiladi. Shu tarzda har duoning uch foydasi bor:
1. Duo qabul bo‘lishi bilan murod hosil bo‘ladi;
2. Har duoga savob etadi;
3. Duo qancha ko‘p qilinsa, shuncha Alloh taolo bilan aloqa ortib boradi.
Duo qiluvchining odobiga qiblaga yuzlanish, qo‘lni ko‘tarish, til bilan qilish va eng birinchi hamdu sano va durudu sharif o‘qish kirsada, agar uni o‘rni bo‘lmasa, bas usiz ham duo qilish joizdir. Shuning uchun Alloh taolo duoni shunday oson qildiki, taqriban har vaqt va har joyda yurib, aylanib va ishlab turib ham so‘rash mumkin bo‘ladi. Agar til bilan so‘rash o‘rni bo‘lmasa (masalan, hojatxonada yoki boshqa joyda), bas qalbdan so‘rash ham mumkin bo‘ladi.
Duoda katta-katta narsalarni so‘rash zarur emas, balki o‘zining katta, kichik hojatlarini Alloh taolodan so‘rashi lozim. Bu shu darajadaki, hadislarda kelishicha, oyoq kiyimning tasmasi uzilsa ham, bas Alloh taolodan so‘ranglar (Termiziy).
Shu bois bu gapni odatga aylantirish lozimki, qachon juda kichik hojatga ro‘baro‘ kelsa, uni Alloh taolodan so‘rasin. Arzimagan biror mashaqqat bo‘lsa, uni ketkazishni ham Alloh taolodan so‘raladi. Shu tarzdaki, bolaga qachon bir muammo ro‘baro‘ kelsa yoki biror kichik mashaqqat etsa, u o‘z onasini chaqirgani kabi insonga ham biror tashvish kelsa, Alloh taoloni chaqirishi lozim bo‘ladi. Aylanib, yurib, turib, o‘tirib va ish qilib va har vaqt kichikdan kichik narsalarni Alloh taolodan so‘rashni odatga aylantirsa, Alloh xohlasa juda tez taraqqiy topadi. Vallohu a’lam!

26 May 2022, 04:24 | Savol-javoblar | 157 | Duolar
|
Boshqa savol-javoblar